16:15 / 15.06.2021
2 287

"Oq bo‘rilar" "Sahro lochinlari" ovida!


Xabaringiz bor, bugun Qatar sari odimlayotgan terma jamoamiz keyingi bosqich masalasini hal etuvchi o‘yinda ishtirok etadi. Raqib - Saudiya Arabistoni! Oson bo‘lmagan bahs bizni oldinda kutib turibdi. Xo‘sh, bu bahsda qaysi aspektlar bizga qo‘l kelishi mumkin? Bugun shu va o‘yin atrofidagi boshqa vaziyatlar borasida fikr almashamiz.

Guruhdagi vaziyat
Aslida, birinchi pog‘onada borayotgan Saudiya Arabistoni terma jamoasi bilan bahs bu darajada keskinlik uyg‘otishini ko‘pchilik kutmagani aniq. Gap shundaki, hal qiluvchi bosqichga shu kunga qadar deyarli muammosiz yetib kelishga o‘rganib qolganmiz. Endi esa, voqealar rivoji o‘zgacha tus olmoqda. Matematik hisob-kitoblar yana birinchi planga ko‘tarildi.

Mayli, bunisi muhim emas. Asosiysi, bizni bugun o‘ynasa bo‘ladigan raqib bilan to‘qnashuv kutmoqda. Juda ko‘p bor ta’kidlaganim, ruhiy holat borasida muammoga duch kelmaymiz. Biznikilar, Avstraliya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Eron singari termalar bilan uchrashuvlarda negadir o‘ziga o‘xshamaydi. Vaholanki, bu termalar biz bilan matchlarda doim ham o‘zining super formasida bo‘lmagan. Hammasi ularning futbolchilarimiz ongida uyg‘otgan ko‘rinishida. Balki, shu bois so‘nggi yillarda bu terma jamoalarga qarshi birorta o‘yinda g‘alaba qozonishni uddalay olmaganmiz. Hatto, Avstraliya darvozasini ishg‘ol qilish ham bizga nasib etmagan.

Yaxshiyamki, Saudiya Arabistoni bundan mustasno. Ularni turli musobaqalarda mag‘lub etishni uddalaganmiz. Soddaroq qilib aytganda, futbolchilarimiz ongida «sahro lochinlari» boshqa planetadan kelgan yulduzlar emas. Shu bois, bugun biz O‘zbekistonning bor imkoniyatini ko‘rishimiz mumkin. Issiq, havoning namligi, mehmonda to‘p surayotganimiz, raqib kuchli ekanligi boshqa mavzu. Asosiysi, biz ruhan o‘z darajamizdagi jamoa bilan to‘qnash kelayotganimizni his etyapmiz. Qolgan barcha mayda detallar tablodagi hisobga ta’sir ko‘rsata olmaydi.

Futbolchilar darajasi
Agar transfermarkt portali bergan ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, bizning terma jamoaning umumiy transfer summasi Saudiya Arabistoni termasinikidan balandroq. Bundan tashqari, legionerlar borasida ham biz raqiblarimizdan bir bosh balandmiz. Afsuski, jamoaviy o‘yin borasida bunday deb bo‘lmaydi. Evre Renar shogirdlari uyushqoqlik va jipslashib harakat qilish evaziga kuchli jamoaga aylangan. Agar, futbolchilarning mahorati haqida so‘z borsa, bemalol biznikilar kuchliroq ekanligini aytishimiz mumkin.

Futbol olamida, kuchlar teng kelganida, ko‘pincha ijrochilar mahorati katta sahnaga chiqadi. Bugungi bahsda ikki tomonda ham imkoniyatlar ko‘p bo‘lmasligi aniq. O‘rtaga juda katta narsalar tikilgan. Saudiya Arabistoni birinchi pog‘onani berib qo‘ymoqchi emas. Biz esa, guruhda qolib ketishni istamaymiz. Bundan ko‘rinib turibdiki, bizni asabiy va kurashlarga boy 90 daqiqa kutib turibdi.

Bunday bahslarda birgina aniq zarba yoki kreativ qaror o‘yin taqdirini hal etishi mumkin. Ijrochilar bobida biznikilar kuchliroq. Endi buni amalda ham ko‘rsatish kerak. Ortga yo‘l yo‘q ekanligini barchamiz his etib turibmiz. JCH saralashining so‘nggi bosqichiga chiqa olmaslik, nafaqat terma, balki butun o‘zbek futboliga og‘ir zarba bo‘lishi mumkin.

Yetakchilar bir qadam oldinga!
Yaman bilan bahsda penaltini amalga oshira olmagach, Odil Ahmedov borasida muxlislarda turli fikrlar paydo bo‘lishni boshladi. Ba’zilar, uni termadan ketadigan payti keldi desa, boshqalar yillar o‘z so‘zini aytayotgani haqida fikr bildirdi. Shuningdek, Eldor Shomurodovdan ham ko‘plab muxlislarning hafsalasi pir bo‘lgandek. Turli platformalarda qoldirilayotgan izohlarga e’tibor qaratsak, «Jenoa» forvardi ular kutgandek sermahsullik namoyish etmayapti.

Vaholanki, bu yigitlar JCH yo‘llanmasi uchun bizga qo‘l kelishi kutilgan eng muhim omil sifatida qaralayotgan edi. O‘ylashimcha, ulardan muxlislar xafa bo‘lmasligi kerak. Sababi, yetakchilar katta sahnaga chiqadigan o‘yin endi boshlanmoqda. Biz Yaman va Singapurni Odil va Eldorsiz ham bemalol yuta olar edik. To‘g‘ri, Yaman bilan bahsda muammolarga duch keldik, lekin 3 ochko bizda qoldi. O‘sha o‘yinda termamiz sardori shunchaki fantastik harakat qildi! Mayli, penaltini amalga oshirmagandir, lekin g‘alabaga eng ko‘p u hissa qo‘shdi.

Saudiya bilan bahs bu yigitlarimizning yulduzli onlariga aylanishi mumkin. Taniqli futbol mutaxassisi - Ser Bob Robsonning aytishicha, darajasi baland futbolchilar faqat kuchli raqiblar bilangina maksimum o‘yin namoyish etadi. Nisbatan kuchsizroq uchrashuvlarda ulardan «mo‘’jiza» kutishning hojati yo‘q. Qaysidir ma’noda, afsonaviy murabbiyning so‘zlarida jon bordek. Shaxsan men, bu so‘zlar bugungi o‘yinda o‘zini yuz foiz oqlashidan umidvorman. Ishoning, agar Eldor va Odil o‘z darajasini namoyish etsa, maydon va hujum markazida ishlarimiz yurishib ketadi.

Quvonarlisi shundaki, endi jamoani yelkasida olib yurishga tayyor futbolchilar safiga Jaloliddin Masharipov ham qo‘shildi. Ortda qolgan mavsumni arab diyorida o‘tkazgan vinger shaxs sifatida ulg‘aydi. Futbolchi sifatida yangi darajaga ko‘tarildi. Legioner maqomini oldi. Masharipov kuchli xarizmaga ega. Shuningdek, vabankka borishdan cho‘chimaydi. Texnikasi kuchli bo‘lgani uchun ayrim vaziyatlarni o‘zi hal etishi mumkin. Singapur bilan bahsda bu darrov ko‘zga tashlandi. Yaman bilan esa, Jalol arosatda qoldi. Murabbiy undan o‘zini ehtiyot qilishni so‘radi. Boz ustiga, sariq kartochka olmaslik sharti bilan o‘yinga tushdi.

Ijodkor futbolchilar cheklovlar bilan erkinlikni yo‘qotib qo‘ysa, unga ilhom kelmaydi. Shu sababli Jaloliddin ham Yaman bilan bahsda 25 foiz imkoniyatini «o‘rtaga» tashladi. Saudiya Arabistoni bilan o‘yin bundan mustasno. U bugun maydonda «uchib» yurish maqsadida «jangga» kiradi. Shuningdek, Otabek Shukurov, Xojiakbar Alijonov, Odil Hamrobekov, Ikrom Aliboyevlarni ham yaxshi sport formasida ekanligini alohida ta’kidlab o‘tish mumkin. Umuman olganda, avvalgi ikki o‘yin bilan bunisini farqi katta. Shu bois, avvalgilaridan ko‘ra boshqacharoq o‘yinni terma jamoamizdan kutib qolamiz.

Umumiy nazar
Aslida, raqibning ham o‘ziga xos ustunlik tomonlari mavjud. Bir qarashda terma jamoamizni «sahro lochinlari»dan bir kalla baland ko‘rsatishga «tirishyapti» deb o‘ylamang. Saudiya tartibli himoya, chiziqlar orasidagi bog‘lamlar borasida bemalol maqtana oladi. Shuningdek, shakllangan jamoaviy o‘yin ham ular foydasiga ishlashi mumkin. Buni men aytmasam ham sezib turibsiz. Shunchaki, «katta» o‘yin oldidan Saudiyaga ortiqcha ta’rif bermoqchi emasman. Hozir, men, siz va barchamiz hech bo‘lmaganda 90 daqiqaga birlashadigan payt. Tashqi xavf kelganda, ichki nizolar bir chetga surib tashlanishi shart. Hozir shunday holatdamiz. Bu matchdan keyin, bemalol Abramov va uning shogirdlari o‘yinlariga  o‘zgacha nazar tashlashimiz mumkin.

Hozir esa, shunchaki g‘alabaga ishoning. Agar o‘z g‘alabamizga o‘zimish ishonmasak, boshqalarni qanday ishontira olamiz?! Eng muhimi MTJ yuzi yorug‘ xolda Toshkentga qaytib kelsin. Tanqid va taxlilga hech qachon kech emas.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Oq bo‘rilar" "Sahro lochinlari" ovida!