09:20 / 19.06.2021
3 236

«Osmondan tushayotgan» maosh


«Paxtakor» o‘z futbolchilariga va personaliga to‘lagan maoshlar haqida ma’lumot chiqdi. Derdiyo‘q, Cheran yoki Krimes (men yana Masharipovning olgan maoshi bilan qiziqdim) kabi alohida raqamlarni olmasak ham, «Paxtakor»ning o‘rtacha futbolchisi oladigan maosh oyiga 50-60 million so‘mni tashkil qilmoqda. Yaxshi yashash uchun yetarli, lekin yaxshi yashashga haqli bo‘lgan juda ko‘p foydali kasblarga nisbatan sezilarli darajada ko‘p, shunday emasmi?

Ikki xil oylik bor: budjet va xususiy sektor. Xalq ta’limi yoki sog‘lomlashtirish davlatning, boshqacha aytganda, soliq to‘lovchilarning bo‘ynida, shuning uchun vrach yoki o‘qituvchining maoshini budjet to‘laydi. Buni bilamiz. Shifokor yoki o‘qituvchining xalqqa keltirayotgan nafi qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydigan darajada, qandaydir foyda yoki zarar o‘lchoviga kiritib bo‘lmaydi. Davlat adolat va insof doirasida shu va yana boshqa budjet sohalariga maosh belgilaydi. Rozimiz.

Keyingi xususiy sohada esa, oylikni korxona rahbari belgilaydi. Oylik miqdori albatta, o‘sha korxonaning daromadiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq bo‘lishi shart.

Tasavvur qiling, siz bir ishlab chiqarish korxonasi rahbarisiz. O‘n ishchingiz bilan bir oyda 10 millionlik mahsulot ishlab chiqarasiz va uni sotasiz. 10 millionga. Endi, o‘sha o‘n nafar ishchining har biriga 2 milliondan oylik bera olasizmi? Ya’ni bir oyda maosh uchun 20 million sarflashingizga to‘g‘ri keladi. Har oy 10 million daromad, 20 million maosh. Agar siz mana shu tarzda ishlasangiz, tez kunda bankrot bo‘lasiz. Demak, xususiy sektordagi maoshlar korxona rentabelligiga bog‘liq bo‘ladi.

Endi savol tug‘iladi, futbol sohasida, futbolchilar qaysi sohaga kiradilar? Budjetmi yoki xo‘jalik sektori? Agar budjet bo‘lsa, futbolchining bir yildagi mehnati o‘qituvchi yoki vrachnikidan o‘n barobar ko‘p bo‘lishi aqlga sig‘adimi?
Agar xo‘jalik sektori deb qabul qilsak, futbol klublarimiz futbolchilarga oyiga 50 million so‘m maosh to‘lay oladigan qadar daromad qila olyaptilarmi?

Sportchilarning oddiy xalqdan ko‘ra ko‘proq pul topishini oddiy qabul qilishimizning sababi aslida, noo‘rin taqqoslashdan kelib chiqadi. Bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rmaganimizning ham sababi shu yerda. Hamma yerda shunaqa, deb Yevropadagi futbolchilarning aql bovar qilmas maoshlari haqida o‘ylab qolamiz va hammasi normal deb ketaveramiz. Hatto futbolchilarimizning saviyasi tanqid ostiga olinganda, ba’zi «futbolni yaxshi tushunadigan» mutaxassislarimiz yevropalik futbolchilar daromadini pesh qilganini va  Messidan ming barobar kam oylik olayotgan futbolchilarimiz saviyasi Messidan sezilarli past bo‘lishini normal baholaganini eshitganman.

Rostdan ham Krishtianu Ronaldu bir haftada oliy ligamizda to‘p surayotgan o‘sha 500ga yaqin futbolchilarning bir oyda topadigan jami daromadidan ko‘p maosh oladi. Farq, dahshat-a? Terma jamoamizning omadi kelib qolsa, o‘sha Ronaldu to‘p suradigan Portugaliya bilan 0:0 o‘ynab qo‘yishi ham mumkin. Shuni nazarda tutsak, futbolchilarimiz ancha kam pul topayotganga o‘xshab qoladi. Va o‘sha 50 million haqida gapirganda, Ronaldu bilan solishtiramiz, o‘qituvchi bilan emas. Xo‘p, deb ketaveramiz.

O‘qituvchi bo‘lish oson, yaxshi futbolchi bo‘lish oson emas. Iqtidor kerak. Shunaqa deb ketaveramiz. Aslida-chi? Aslida gap saviyaning o‘zida emas. Shartli «Paxtakor» va «Barselona»da to‘lanayotgan maoshlarning asoslariga e’tiborni qaratish lozim.
Messiga haftasiga 600 ming yevro maosh to‘layotgan «Barselona» o‘sha haftada bu summadan bir necha barobar katta pul topadi.

Umuman, Yevropa klublari har hafta futbol ishlab chiqaradilar va uni sotadilar. Futbolni futbolchilar, murabbiylar, personal va boshqalar ishlab chiqaradilar. Muxlislar, teletomoshabinlar sotib oladilar. O‘sha futbolfurushlikdan kelib tushgan pulga qarab maosh belgilanadi. Ya’ni Messiga to‘lanayotgan pulning ortida asos bor. «Ayaks» sotayotgan futbol arzonroq, demak, «Ayaks» futbolchilariga kamroq pul to‘laydi. Hammasi bog‘langan.

Xo‘sh, «Paxtakor» yoki «Nasaf» yoki boshqa bir futbol klubimiz futbolni necha puldan sotishmoqda-yu, uni ishlab chiqarayotgan futbolchilariga uning qancha qismini bermoqda? Bir turda 7 stadionda hammasi bo‘lib 20-30 ming (har o‘yinga o‘rtacha 5000dan kam) muxlis kirayotgan futbolimiz haftasiga qancha pul topmoqda?

To‘g‘ri, boyagi korxona misolida aytadigan bo‘lsak, ishlab chiqarishni rivojlantirib, tovarni raqobatbardosh qilib olguncha, ba’zida, daromaddan ko‘ra kattaroq xarajat qilinishi normal holat. Ammo bu vaqtincha bo‘ladi, hamda tovar narxini oshirish yoki xarajatni kamaytirishga yo‘naltirilgan tizimda ishlanadi. Yildan yilga ahvol o‘nglanib qoladi. Bizda-chi?

Ikkinchidan, to‘g‘ri, «Paxtakor»dagi raqamlar boshqa Superliga klublaridan sezilarli darajada farq qiladi. Shuning o‘zi ham muvozanatning buzilishiga olib keladi. «Paxtakor» maoshlar plankasini ancha yuqori ko‘targani natijasida, boshqa klublarda ham xarajatlar nisbatan oshishi tabiiy.

Xo‘sh, «Paxtakor» maosh belgilashda o‘lchovni nimaga qarab olyapti, Osiyodagi yetakchi klublargami, Yevropagami yoki O‘zbekiston sharoitidagi talab va taklif muvozanatigami? Bu xususda aniq bir asosning yo‘qligi butun futbolimizdagi xarajatlarning, maoshlarning sun’iy o‘sishiga sabab bo‘ladi, bu birinchidan futbolimizni qimmatlashtirsa, ikkinchidan, biz doim orzu qiladigan xususiy klublar, futbol xo‘jaligiga asoslangan jamoalar paydo bo‘lishini bir necha yilga kechiktiradi.

Axir «Paxtakor» darajasining yarmini ham ushlab turish uchun juda katta mulkdor bo‘lishingiz kerak, bunday imkoniyat deyarli yo‘q. Angliyadagi kabi «MYU» yoki «Arsenal»ning ommaviyligidan kichik klublar ham daromad qilish imkoni yo‘q ekan, xarajatlarning sun’iy oshishidan nima naf? Baribir Osiyoda natija ko‘rsatmayotgan ekanmiz, 14 jamoa jami 300 milliard xarajat qilib, «Paxtakor»ni chempion qildi nima-yu, shu xarajat 50 milliard bo‘ldi nima?

Baribir «Paxtakor» chempion bo‘ladi, biz futbol tomosha qilamiz, ko‘proq to‘lash nimaga kerak?
Bir ota uyida och o‘tirgan bolalarining oldiga keladi va juda chiroyli tovlanadigan, rang-barang mushakni osmonga otib, tomosha ko‘rsatadi. Va aytadiki, «bolalarim, butun maoshimga mana shu mushakni oldim, maza qilib tomosha qildingiz, dam oldik. Afsuski, nonga pul yo‘q!»

Futbolchilarning oyligi kamayib ketsa, rag‘bat bo‘lmasa, futbolga bo‘lgan qiziqish o‘ladi, yaxshi futbolchilar chiqmay qo‘yadi, deyishingiz ham mumkin. Yo‘q.

Qarang, 10 nafar bokschimiz olimpiadaga bordi va 200 ming dollar yutish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mana shu o‘n nafardan tashqari, minglab bokschilar bor. Ular futbolchilar kabi katta maosh olishmaydi. Ularda 200 ming yutish imkoniyati ham bo‘lmadi. Lekin o‘sha 10 nafar bokschi chiqdi-ku? Boshqa bokschilar boksni tashlab ketishmadi-ku? Odil Ahmedov yoki Eldor Shomurodov yetishib chiqishi uchun yana 490 futbolchiga 15 milliondan oylik to‘lab yurishga muhtojmizmi?

Odil Ahmedov va Eldor Shomurodov boshqa holatda ham yetishib chiqqan bo‘lardi. Hatto ko‘proq Ahmedovlar yetishib chiqardi balki. Sababi, O‘zbekiston chempionati klubida to‘p surib yurishdan foyda yo‘q, oylik kam, imkon qadar o‘z ustida ishlab Rossiyaga yoki boshqa chet el ligasiga ketishni o‘z oldiga maqsad qiladi. Ko‘proq ter to‘kadi. Aksincha, kuchli 490talikka kirvolib, o‘qituvchidan besh barobar ko‘p oylikda tirikchilikni o‘tkazib yurish varianti bo‘lmasa, Ahmedovlar ko‘payadi, deb o‘ylayman.

Ana Rossiyani misol qilish mumkin, mamlakat chempionati aslida Italiya yoki Fransiya ligasidan past saviyada, ammo futbolchilarga ko‘proq oylik to‘lanadi. «Krasnodar» futbolchisi hech qachon «Torino» yoki «Napoli»ni orzu qilmaydi, chunki shundog‘am ko‘p pul topmoqda.

Agar klublarimiz ko‘rsatilayotgan futbol saviyasiga yoki daromadga qarab oylik to‘lashganda, ko‘pgina iqtidorli futbolchilarimiz allaqachon o‘zlariga chetdan yaxshiroq, raqobatbardoshroq liga axtarib qolishardi, nazarimda. Bu esa, bizga futbolda ham xuddi boksdagi kabi ajoyib hikoyalar taqdim etgan bo‘lardi. Bir iqtidorli o‘smir futbolchining tinmay o‘z ustida ishlashi… «Olmaliq»da kam oylik to‘lashlarini bilgani uchun, kuchliroq ligani niyat qilib, yana ikki barobar ko‘proq shug‘ullanishi. Bir sabab bo‘lib, Yevropaning kuchli jamoasi nazariga tushishi, u yerda yulduzga aylanishi. Albatta, katta pul topib, loy suvoq qilingan hovlisini qasrga aylantirishi, qavm-u qarindoshlarining moddiy muammolarini yechib, katta to‘ylar qilib berishi. Qahramonga aylanishi. Ajoyib.

Qahramon Aslanov
Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Osmondan tushayotgan» maosh