16:09 / 23.06.2021
1 882

Uch nafar professional bokschimiz Rossiyada jang o‘tkazadi


Shu yil 26 iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tkaziladigan professional boks kechasida mamlakatimizning 3 nafar sportchisi ishtirok etadi, deb xabar beradi O‘zbekiston professional boks federatsiyasi matbuot xizmati.

“Promotions” kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan mazkur professional boks kechasining markaziy jangi ikkinchi yarim yengil vazn toifasida (-59 kg) rossiyalik Mark Urvanov va venesuelalik Endjel Rodriges o‘rtasida kechadi. Bu bokschilar WBA yo‘nalishi bo‘yicha chempionlikka da’vogarlar qatoridagi o‘rnini mustahkamlash harakat qiladi.

Mamlakatimiz bokschilaridan Shukrullo Vohidov -61,2 kg vazn toifasida ukrainalik iqtidorli bokschi Zoravor Petrosyanga qarshi ringga ko‘tariladi. Aytish lozimki, qator promuoterlar tomonidan “kelajagi bor”lar safida e’tirof etilgan ukrainalik bokschi faoliyati mobaynida 11ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, barchasida g‘alabaga erishgan. U faoliyati mobaynida bir marta o‘zbekistonlik bokschi bilan, ya’ni 2020 yilning iyul oyida hamyurtimiz Ravshan Umurzoqov bilan teng kurashlar ostida o‘tgan jangda hakamlarning qarori asosida g‘alabaga erishgan. Demak, Sh.Vahobovning oldida 8 raundga mo‘ljallangan jangda nafaqat g‘alaba qozonish, balki Umurzoqov uchun “qasos olish” majburiyati ham turibdi.

Yana bir bokschimiz farg‘onalik Abbosxon Mirzaabdullayev rossiyalik Aleksandr Dorofeyev bilan 4 raundlik jang o‘tkazadi. Qo‘qon boks maktabi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Mirzaabdullayev boksdagi faoliyati mobaynida yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni va og‘ir vaznda Osiyo chempionati g‘olibi bo‘lgan. Uning raqibi Dorofeyev Rossiya chempionatining bronza medali sohibidir. Professional boksda ikkita jang o‘tkazib, ikkalasida ham g‘alaba qozongan.

Yekaterinburg ringida o‘z omadini sinab ko‘radigan yana bir bokschimiz namanganlik Otabek Miraahmedov og‘ir vaznda Georgiy Yunovidov bilan kuch sinashadi. 6 raundga mo‘ljallangan mazkur jangda O‘zbekiston chempionatlari sovrindori bo‘lgan hamyurtimizning imkoniyatlari qay darajada ekanligini vaqt ko‘rsatadi. Uning raqibi xususida shuni aytish lozimki, Yunovidov o‘z vaqtida og‘ir vaznda Rossiya chempionligiga erishgan, qator xalqaro turnirlar g‘olibi, professional boksda bitta jang o‘tkazib, unda xamyurti German Skobenkoni ochkolar hisobida mag‘lub etgan.

Eslatib o‘tamiz, Yekaterinburgdagi professional boks kechasi Moskva vaqti bilan soat 17:00 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Uch nafar professional bokschimiz Rossiyada jang o‘tkazadi