09:13 / 26.06.2021
2 522

O‘runov hech kimga kerak emasmi? Ostondan “Spartak” ham, Gazizov ham voz kechdi!


Rossiya premer-ligasidagi yagona vakilimiz Oston O‘runovning ishlari hech yurishmayapti. O‘tgan yili shu paytda Rossiya futbolidagi barcha grand klublarning orzusiga aylangan kreativ futbolchimiz ayni paytda hech bir jamoaga kerak bo‘lmay qoldi.

Rossiya premer-ligasi vakillari yangi mavsumga puxta  tayyorgarlik ko‘rish maqsadida xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok  etmoqda. Oston O‘runov bilan 2025 yilning yozigacha amal qiladigan shartnomaga ega bo‘lgan “Spartak” jamoasi asosiy tarkib futbolchilarini Avstriyada boshlangan va 5 iyulga qadar davom etadigan yig‘inga olib ketgan.

Yangi murabbiylar shtabi ham o‘zbek yarim himoyachisini asosiy tarkibga qo‘shmadi va yig‘inga jalb qilmadi.
- O‘runov “Spartak-2” jamoasi bilan mashg‘ulot o‘tkazish uchun qoldirildi, - deb bayonot berdi “Spartak”ning jamoatchilik bilan aloqalar departamenti direktori Anton Fetisov.

“Spartak” bir oy muqaddam bosh murabbiylikka portugaliyalik Ruy Vitoriyani taklif etgan edi. Bu mutaxassis shakllantirgan murabbiylar shtabi ham Oston O‘runovga imkoniyat bermaydigan ko‘rinadi. Buni futbolchimiz asosiy jamoa bilan xorijiy yig‘inga olib ketilmagani isbotlab turibdi.

“Spartak”dagi muvffaqiyatsizlikka qaramay, Oston O‘runovga ikki klub xaridor bo‘lgandi. Qishki transferlar davrida “Rubin” o‘zbek futbolchisi transferi bo‘yich rasmiy so‘rov yubordi. Lekin moskvaliklar 6 million yevro so‘ragani uchun bu transfer barbod bo‘ldi.
Keyinroq, hamyurtimizni “Ufa” ijaraga oldi va mavsum oxirida sotib olishga harakat qildi. Tomonlar bir necha oy davomida muzokara o‘tkazdi. “Ufa” klubi bosh direktori  Shamil Gazizov bu holat yakuni bo‘yicha izoh berdi.

- Yangi olib kelingan futbolchilar orasida Oston O‘runov yo‘q. Bu haqida yana nimani gapirish mumkin? Biz o‘zbek futbolchisi uchun bir million yevroni uchga bo‘lib to‘lamoqchi edik va to‘lov muddatlari aniq ko‘rsatilgandi. “Spartak” esa, bizga boshqacha talablar qo‘ydi. Ularning shartini biz bajara olmaymiz. Hamkorlik uchun rahmat, lekin biz O‘runov uchun kurashdan chiqdik. Bu oddiy holat xolos, - dedi Shamil  Gazizov.

“Ufa” bosh direktori Shamil Gazizov Oston O‘runovni Rossiya futbolchiga olib kirganini hammamiz yaxshi bilamiz. U futbolchimizning “Lokomotiv”dan “Ufa”ga transferi shaxsiy mablag‘lari evaziga amalga oshirgan edi.

Hamyurtimizning “Spartak” taklifini qabul qilishiga ham aynan Gazizov ta’sir o‘tkazgan. Aniqrog‘i, o‘zi “Spartak” bosh direktori etib tayinlanganidan keyin Ostonni boshqa klublarga bermasdan Moskvaga olib keldi.

Oxir-oqibat, Gazizovning ishi “Spartak” rahbariyatiga ma’qul kelmadi va qisqa muddatda iste’foga chiqarildi. Uning ortidan Oston O‘runov ham yangi jamoa topishi kerakligi aytildi.

Ayni paytda Oston O‘runovda faqatgina “Spartak-2” jamoasi safida Milliy futboshl ligasida to‘p surib, o‘zining nimalarga qodirligini isbotlab qo‘yish varianti qoldi xolos. Chunki, yangi jamoada o‘zini ko‘rsata olmagan va bir mavsum davomida bir necha marotaba jarohat olgan futbolchini o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan klublar sotib olmasligi haqiqatga yaqinroq.

Yoki Oston O‘runov ham premer-ligaga kerak bo‘lmay qolgani uchun ortga qaytgan Jasur Jaloliddinov singari yurtimizga qaytib kelib, hammasini boshidan boshlashi kerak bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘runov hech kimga kerak emasmi? Ostondan “Spartak” ham, Gazizov ham voz kechdi!