08:00 / 04.07.2021
2 868

"Shkvirin o‘zi bilan birga omadni ham olib keldi" - Fozil Musayev


Nihoyat, Superliga debyutanti - “Turon” klubi mavsumdagi birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. 12-turda o‘z uyida “Metallurg”ni qabul qildi va 2:0 hisobidagi muhim uch ochkoni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi.

Bosh murabbiylik lavozimiga Igor Shkvirin tayinlanganidan keyin “Turon” ikkita o‘yin o‘tkazib, bir durang va bir g‘alaba qayd etdi. U o‘yinlarga tarkibni ham to‘g‘ri tanlay oldi.

Bunday muhim pallalarda yetakchi futbolchilarning roli katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, tajribali yarim himoyachi Fozil Musayevga Shkvirin katta ishonch bilan qarayapti. Ushbu futbolchi sports.uz uchun o‘zining fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

“Metallurg” qanday mag‘lub etildi?
- “Metallurg” klubiga qarshi o‘yin qiyin bo‘ldi. Bekobodliklarni ham yaxshi jamoa ekanligi bilinib turgandi. Ularni tarkibida ham yaxshi o‘yinchilari bor va ilgari ular yaxshi jamoalarda o‘ynashgan. Bilasizmi, “Turon”ga Igor Shkvirinni kelgani ham qo‘l keldi deb o‘ylayman. O‘yin uslubimiz bo‘yicha ham o‘zgarish sezilyapti. Yigitlarda motivatsiya kuchayib boryapti.

Igor Shkvirin jamoada nimani o‘zgartirdi?
- Aslida Igor Anatolevichni jamoamizga kelganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi. Shuning uchun hali ko‘p narsani o‘zgartirdi deb ayta olmayman. Lekin futbolchilarga motivatsiya beryapti. Maydonda qanday o‘ynash kerakligini va nimani xohlayotganini bir necha kun ichida tushuntirdi deb o‘ylayman. Ammo murabbiyning barcha o‘ylaganlarini amalga tatbiq etish uchun baribir vaqt kerak bo‘ladi. Shunga qaramay, Igor Shkvirinning bizdan nimani xohlayotganini o‘yinchilar yaxshi tushunib turishibdi. Shuning evaziga “Metallurg”ga qarshi uchrashuvda yaxshi natija ko‘rsatdik deb hisoblayman. To‘g‘risi, shu kuni omadimiz ham chopdi. Shkvirin kelganidan keyin omad ham keldi.

G‘alabasiz o‘yinlar kayfiyatga qanchalik ta’sir o‘tkazdi?
- Albatta, g‘alabasiz o‘yinlarning kayfiyatga ta’sir qilishi aniq. Chunki oldin bunday holatda bo‘lmaganman. Shu bois g‘alabasiz uchrashuvlarimiz barchaning kayfiyatiga ta’sir o‘tkazdi. Ammo Shkvirinni kelganidan keyingi ilk g‘alabamizni faqatgina omad bilan ham bog‘lash qiyin. Negaki, murabbiyni o‘z o‘yin uslubi bor. Masalan, o‘yindan avval bizdan nimani xohlayotganini va qanday to‘p surishimiz kerakligini tushuntirdi. Omadsiz esa hech nima bo‘lmaydi. Shuning uchun yuqorida aytganimdek, Igor Anatolevich bilan birga omad ham kela boshladi, ilohim bu davomli bo‘lsin.

Tarkib qay darajada kuchaytirilishi kerak?
- Igor Shkvirinni bungacha bir qator klublarda ishlagani, tajribasi borligi va o‘zining o‘yin uslubiga ega ekanligi bilinib turibdi. Bir so‘z bilan aytganda, uning yaxshi murabbiyligi aniq. O‘yinlar borasida kelsak, menga qolsa tarkibni kuchaytirgani yaxshi, albatta. Har bir pozitsiyada raqobat yanada ortsa va yaxshi saviyadagi o‘yinchilar ko‘paysa, bu jamoaga har tomonlama qo‘l keladi deb o‘ylayman. Pozitsiyalarda ikki-uchtadan futbolchining bo‘lishi o‘z navbatida raqobatni ham kuchayishiga olib keladi. Shu bois iloji boricha tarkibdagi har bir chiziqni kuchaytirsa yaxshi bo‘lardi. Baribir kimni taklif qilish, qaysi pozitsiyalarni kuchaytirishni murabbiylar va rahbariyat bilishadi. Futbolchi sifatida aytishim mumkinki, jamoaga qancha ko‘p yaxshi o‘yinchi kelsa, shuncha foydali bo‘ladi.

Musayev “Turon”da qoladimi?
- Meni “Turon” bilan shartnomam bor. Hali biror joyga ketish rejamda yo‘q. Bu masalada hech kim bilan gaplashmadim ham. “Turon”da hammasi yaxshi. Faqat g‘alabalar bo‘lsa bo‘ldi. Bizda hamma sharoit bor, mablag‘ tomonlama ham muammo yo‘q. Shu bois bu yerdan ketish rejamdan o‘rin olmagan. “Turon”da qolib shartnomam oxirigacha amal qilmoqchiman. Xayolim faqat “Turon” bilan bog‘liq. Albatta, murabbiy va rahbariyatning ikkinchi davra uchun rejalari qandayligini yaxshi bilmayman. Agar boshqa klubdan taklif tushgan taqdirda ham buni klub prezidenti hamda murabbiylar bilan gaplashgan holda hal qilamiz va bir to‘xtamga kelamiz.

Milliy terma jamoaga yordam berishga kuchi yetadimi?
- Milliy terma jamoa haqida juda ko‘pchilik fikr bildirdi. To‘g‘risi, men bu mavzuda biror nima demoqchi emasman. O‘yinni hamma ko‘rdi. Biz ham muxlislik qildik. Faqat kerakli bo‘lgan natijaga erisha olishmadi. Shu boisdan terma jamoa haqida ko‘p fikr bildirmoqchi emasman. Agar terma jamoaga chaqirishsa, albatta boraman, kuchim yetadi. O‘zbekiston fuqarosi sifatida har doim jamoamizga yordam berishga tayyorman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Shkvirin o‘zi bilan birga omadni ham olib keldi" - Fozil Musayev