00:27 / 05.07.2021
1 560

Ro‘ziqul Berdiyev: "Stanoyevich bilan bir jamoada o‘ynagan legioner hujumchini tarkibga jalb etmoqchimiz"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Stanoyevich bilan bir jamoada o‘ynagan legioner hujumchini tarkibga jalb etmoqchimiz"

Coca-Cola Superliganing 12-turidan o‘rin olgan "Nasaf" – "So‘g‘diyona" (1:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

- O‘yin haqida
- Bugungi o‘yin kurashlarga va hissiyotlarga boy tarzda o‘tdi. Biz hech qachon futbolchilarga maydonda hissiyotga berilinglar yoki urishinglar deb ko‘rsatma bermaymiz. Bugun futbolchilarimiz o‘zlarini noodatiy tutishgan bo‘lsa, bu bo‘yicha jamoamiz nomidan uzr so‘raymiz. Ular tegishli tartibda qizil kartochka bilan jazolanishdi. Bu xolat keyingi o‘yinlarda natijamizga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Bugun haqiqatan yetakchi jamoalar g‘alaba uchun harakat qilishdi. Umuman olganda, yomon o‘yin bo‘lmadi deb o‘ylayman. "So‘g‘diyona" yaxshi shakllangan, tajribali jamoa, ular bejiz yuqori o‘rinlarda yurganlari yo‘q. Bugun tarkibimizda ayrim futbolchilarda shamollash alomatlari borligi uchun o‘zgarishlarga qo‘l urdik. Yo‘qotilgan ochkolarni bugungi kabi qiyin o‘yinlarda tiklashimizga to‘g‘ri kelyapti.

- Xusayin Norchayevning jarohati jiddiy emasmi?
- O‘ylaymanki, jiddiy emas. Hozir jamoamiz shifokoridan so‘radim, muskullarini ozroq jarohatlab olibdi. Nasib bo‘lsa, Norchayev keyingi o‘yingacha tiklanadi.

- Umar Eshmurodovda ham qo‘li bilan bog‘liq jarohat bordek ko‘rindi...
- Yo‘q, Umar Eshmurodovda ham shamollash alomatlari bor edi, qo‘li bilan bog‘liq emas. Shunga qaramay, u jasorat ko‘rsatib maydonga chiqdi.

- Kenjaboyevni "Nasaf"ga qaytarish varianti ko‘rib chiqildimi?
- Muxlislarga aytmoqchiman, biz Kenjaboyevni agenti bilan bog‘landik. Agar u jamoamizga qaytsa xursand bo‘lishimizni aytdik, biroq negadir u "Qizilqum" taklifini ma’qul ko‘rdi.

- Oybek Bozorovni zaxirada qoldirilishi ikkinchi bo‘limda jamoa o‘yinini kuchaytirish uchun amalga oshirilgan uslub edimi?
- Yo‘q, Qo‘qondagi o‘yindan so‘ng Bozorovda ham shamollash alomatlari bor edi. U ikki kun mashg‘ulotlarda qatnashmadi. Shu sabab uni zaxirada qoldirdik, agar asosiy tarkibda tushganida 30 daqiqa ichida unda charchoq alomatlari ko‘rinib qolardi. Fikrimcha, hammasi to‘g‘ri bo‘ldi.

- "So‘g‘diyona" jamoasi futbolchilari va murabbiyining harakatlarini qanday baholaysiz?
- Ulug‘bek Baqoyevni yaxshi bilaman. Jamoasi ham o‘zi kabi xarakterga ega. Bu kabi o‘z xarakteriga ega bo‘lgan jamoalarga mag‘lubiyat yoqmasligi aniq. Bugun ular birinchi mag‘lubiyatni qabul qilib olishdi, shu sabab hissiyotlarga berilgan bo‘lishlari mumkin. Ularni ayblamagan bo‘lardim.

- Abduvohid Ne’matov bugun asabiy ko‘rindi. Bu o‘yin sur’ati bilan bog‘liqmi?
- O‘yin sur’ati bilan ham bog‘liq. Men futbolchilardan maydonda sport qonunlariga amal qilgan xolda kurashishlarini talab qilaman.

- Transfer oynasi ochilyapti. Qanday rejalar mavjud? 
- Islom Kenjaboyevni tarkibda ko‘rishni juda ham istagandik, chunki qanotlarni kuchaytirishimiz kerak. Yaqin kunlarda Marko Stanoyevich bilan bir jamoada o‘ynagan legioner hujumchini tarkibga jalb etmoqchimiz. Aniq bo‘lsa, siz jurnalistlar orqali muxlislarga yetkazamiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Stanoyevich bilan bir jamoada o‘ynagan legioner hujumchini tarkibga jalb etmoqchimiz"