21:05 / 17.07.2021
2 147

Shomurodov yangi mavsumda nechta gol urishini aytdi!


“Jenoa” futbolchilari ham A Seriyaning qolgan jamoalari kabi yangi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Eldor Shomurodov jamoasi ayni paytda Avstriyada dastlabki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tamoqda.

Italiyada chempionat o‘yinlari 22 avgust kuni boshlanadi va genuyaliklar birinchi turda mamlakatning amaldagi chempioni – “Inter” jamoasi mehmoni bo‘ladi.

Ayni paytda Italiya matbuotida “Jenoa” jamoasiga doir xabarlar ham ko‘payib bormoqda. O‘zbekistonlik futbol muxlislarining Eldor Shomurodov jamoasiga befarq emasligini inobatga olib, sports.uz portali e’tiboringizga xorij matbuotidagi xabarlar tarjimasini havola etadi.

Shomurodov: Yangi mavsumda o‘ntadan ko‘p gol uraman!
Italiya futbolini yoritishga ixtisoslashgan calciomercato.com sayti “Jenoa” hujumchisi Eldor Shomurodovning jamoa sardori Domeniko Krishito haqidagi fikrini va kelasi mavsum uchun rejasini e’lon qildi.
- Menga jamoamiz sardori Domeniko Krishito juda yoqadi. U zo‘r o‘yinchi. Birinchi mavsumda jamoaga moslashib olishimda katta yordam berdi. Yangi mavsumda nechta gol urishimni so‘rashyapti. Men bu gal o‘ntadan ko‘p to‘p kiritmoqchiman, - dedi Eldor Shomurodov.

O‘zbek legioneri o‘tgan mavsumda A Seriyada 31 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini sakkiz marta aniq nishonga oldi va bitta golli pas uzatdi. Shomurodov “Sassuolo”, “Verona”, “Parma”, “Spetsiya”, “Latsio” , Kalyari” darvozalariga bittadan gol kiritgan bo‘lsa, “Atalanta” posbonini ikki bor o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishga majbur qildi.

Men Levandovski va Pyontek izdoshiman!
“Jenoa”ning Avstriyadagi yig‘inida ishtirok etayotgan yangi hujumchi Aleksandr Buksa ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Krakovning “Visla” jamoasidan olingan 19 yoshli polshalik hujumchi kelajakda hamyurtlari – Robert Levandovski va Kshishtof Pyontek izidan borishini ta’kidladi.
- Menda bir nechta taklif bor edi. Lekin “Jenoa” mening faoliyatimda muhim ahamiyat kasb etishga qodir ekanini his qilib, shu jamoani tanladim. Bu jamoaning o‘yin uslubi mening xarakteristikamga juda mos tushadi. Bu tarixan juda boy klub. Tanlovim to‘g‘riligiga ishonaman, chunki Italiya futboli haqiqiy futbolchi qilib tarbiyalashda yetakchi.
Men Levandovski va Pyontekning o‘yinlarini avvaldan kuzatib kelaman va ularning futboldagi yo‘lini takrorlashni orzu qilaman. Men shoshilmasdan, hamma narsani o‘rganishim kerak, - dedi Aleksandr Buksa.

“Jenoa” yana bir talantni kutmoqda
“Jenoa” rahbariyati V Seriyada “Askoli” jamoasi sharafini himoya qilayotgan Abdulhamid Sobiriyni anchadan beri kuzatib keladi.
Germaniya pasportiga ega marokashlik hujumkor yarim himoyachi maydon markazini kuchaytira oladi. Genuyaliklar kelasi mavsum uchun kolumbiyalik Damir Seterni “Kalyari”ga berishga qaror qilgan. Endi bu futbolchi o‘rniga o‘rinbosar qidirishmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, V Seriyadagi mavsumni yuqori darajada o‘tkazgan Abdulhamid yuqori ligada ham o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay oladi.
“Jenoa” yozgi transferlar davri yakunlangunga qadar 25 yoshli futbolchini o‘zi safiga qo‘shib olishga harakat qiladi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov yangi mavsumda nechta gol urishini aytdi!