13:10 / 18.07.2021
3 273

FIDE Jahon kubogi-2021: Jahongir va Javohirdan sensatsion g‘alabalar!


Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida davom etayotgan shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasidagi FIDE Jahon kubogi tobora qizg‘in tus olmoqda.

Ayni paytda dunyoning eng kuchli shaxmatchisi bo‘lmish Magnus Karlsen ham muvaffaqiyatli dona surayotgan musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 1 892 500 dollarni tashkil etishidan xabaringiz bor. Musobaqa g‘olibi yakunda 110 000 dollarga ega bo‘ladi.

Kecha bo‘lib o‘tgan Jahon kubogining 1/64 final bosqichidan o‘rin olgan ikkinchi partiya uchrashuvlarida yosh grossmeysterlarimiz Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov kuchli raqiblariga qarshi munosib dona surishdi.

Quvonarlisi, Nodirbek Abdusattorov hindistonlik grossmeyster Aravindx Chitambaramni 1,5:0,5 hisobida taslim etdi va uchinchi davraga, ya’ni 1/32 final bosqichiga yo‘l oldi. Endi Abdusattorov fransiyalik mashhur grossmeyster Anish Giri bilan to‘qnash keladi. Giri rossiyalik Boris Savchenkodan 2:0 hisobida ustun keldi.

19 yoshli grossmeysterimiz Shamsiddin Vohidov dunyo tarixidagi ikkinchi yosh grossmeyter, 2015 yilgi FIDE Jahon kubogi g‘olibi, tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempioni (2012 yil), blits bo‘yicha jahon chempioni (2016), 2013 va 2019 yillarda jamoaviy jahon chempionatida ikki bor chempionlik tojini kiygan rossiyalik mashhur shaxmatchi Sergey Karyakinga har ikki partiyada ham yutqazib qo‘ydi. Yana bir vakilimiz Nodirbek Yoqubboyev esa chexiyalik nomdor grossmeyster David Navaraga 0,5:1,5 hisobida imkoniyatni boy berdi va musobaqa bilan xayrlashdi.

Jahongir Vohidov hamda Javohir Sindarovlar esa ikkinchi partiyada ham nomdor raqiblari bilan murosaga kelishdi. Natijada ular hal qiluvchi tay-brekda o‘z omadlarini sinab ko‘rishadigan bo‘ldi.

Hozirgina yakunlangan tay-brekda Jahongir Vohidov sensatsion g‘alabaga erishdi. U kimsan Leniyer Perez Domingesni mag‘lub etdi va uchinchi bosqichga yo‘l oldi. Taqqoslash uchun: ayni paytda FIDE tasnifida Jahongir 2534 reyting ochkosiga ega bo‘lsa, uning raqibi hisobida 2758 reyting ochkosi bor.

Jahongirning ortidan Javohir Sindarov ham shov-shuvli g‘alabaga erishdi. Dunyoning eng yosh grossmeysterlaridan biri bo‘lib turgan Sindarov fors millatiga mansub Fransiya fuqarosi Alirizo Firuzjadan ustun keldi va shu tariqa 1/32 finalga yo‘l olgan shaxmatchilarimiz soni uch nafarga yetdi. Taqqoslash uchun: Firuzja FIDE tasnifida 2759 reyting ochkosiga ega. Javohirning bu boradagi ko‘rsatkichi esa 2558ni tashkil etmoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » FIDE Jahon kubogi-2021: Jahongir va Javohirdan sensatsion g‘alabalar!