20:49 / 20.07.2021
8 074

Murod Xonto‘rayev - haqiqiy afsona yoxud yulduzlar mangu yonadi!


Murod Xonto‘rayev 1987 yil 4 iyulda Toshkent shahrida tavallud topdi. Yoshligidanoq sportga katta mehr qo‘ydi va kelajakda tom ma’nodagi chempion bo‘lishga, O‘zbekiston bayrog‘ini xalqaro arenalarda munosib himoya qilishga qa’tiy ahd qildi.

Bu yo‘lda tinmay mehnat qildi, intildi va umid qildi. Harakatlar besamar ketmadi. U qo‘l jangi, kikboksing, universal jang bo‘yicha bir necha bor O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionatlarining g‘olib va sovrindoriga aylana oldi.

2013 yildan esa professional tarzda MMA yo‘nalishida jang qilishni boshladi. Dastlabki jangini o‘sha vaqt Qozog‘istonning eng mashhur “Alash Pride” promoushenining “Titanlar jangi” turnirida o‘tkazdi va Moldova vakili Ion Kutselabani dastlabki daqiqalardayoq taslim etdi. Bilasizmi, Kutselaba hozirda jahonning eng mashhur promousheni UFCda yarim og‘ir vazn toifasida faoliyat yuritadi.

U Xalil Rountre, Gadjimurod Antigulov, Enrike da Silva, Jonatan Uilson kabi jiddiy raqiblarni mag‘lub eta olgan va Glover Teyshera, Jared Kannonir, Magomed Ankalayev kabi UFC yulduzlariga xaqiqiy boshog‘riq bo‘la olgandi. Aynan ushbu jangchi Murod Xonto‘rayev oldida rostmana ojiz qolgandi.

U xaqiqiy kuchini Sochida bo‘lib o‘tgan “League S-70” turnirida yana bir bora namoyon qildi. Rossiya terma jamoasiga qarshi jahon termasi safida jang qilgan “qahramon”imiz anchagina tajribali Yevgeniy Yeroxinni o‘zining mashhur “xay-kik” zarbasi bilan nokautga uchratgan va o‘sha turnirni bevosita arenadan tomosha qilayotgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevni ham lol qoldirgandi. Aynan turnir yakunida Nazarboyev shaxsan yurtdoshimizga o‘z minnatdorchiligini izhor qilgan holda, faoliyatiga omad tilaganligi ham buning isboti, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

O‘sha jangdan so‘ng, Qozog‘iston sharafini himoya qilganligi haqidagi gap-so‘zlar avj oldi. Bunga hamyurtimiz o‘ziga xos futbolchilarning legionerlik maqomidagi holatini misol qilgan holda javob bergan va uning vatani O‘zbekiston ekanligini va vatan tanlanmasligini ta’kidlab o‘tgandi. Darhaqiqat, u o‘sha vaqt Qozog‘iston klubida va promoushenida legioner sifatida faoliyat yuritardi.

Murod Xonto‘rayev o‘zining yuqori formadaligi vaqtida menejerlari rossiyalik mashhur Aleksandr Yemelyanenkoga jang qilish taklifi bilan chiqishgandi. Ammo, Yemelyanenko bu to‘qnashuvni xohlamaganligi haqida gap-so‘zlar ham qulog‘imizga chalingan. To‘g‘ri, uning o‘zi bu haqida eshitganmi yoki yo‘q, bu borada aniq ma’lumotga ega emasmiz. Shuningdek, Aleksandrni jangdan bosh tortganligini qo‘rquv bilan ham bog‘lamoqchimasman. Lekin menejerlar va murabbiylari hamyurtimizning Yemelyanenko kabi jiddiy raqibga qarshi jang qila olishiga ishonganligi ham Xonto‘rayevning naqadar yuqori salohiyatga ega ekanligini anglatardi.

U keyinchalik yana bir qator promoushenlarida jumladan, Qirg‘izistonning 1-raqamli WEF promoushenida ajoyib g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. To‘g‘ri faoliyatida uch mag‘lubiyat ham o‘rin olgan. Dastlabkisi 2013 yil David Shvelidze bilan bo‘lgan jangda qabul qilingandi. Aslida, u Shvelidzeni qiyin holatga tushirib qo‘ygan pallada barmog‘i singan va jangni davom ettira olmagandi.

Yuriy Protsenko va Konstantin Andreysevdan uchralgan mag‘lubiyatlar ham bor. Biroq, u ushbu jangga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘ra olmagandi. Vaholanki, u ushbu raqiblaridan klass borasida yuqori edi. Buni istalgan mutaxassis va muxlislar ham e’tirof etsa ajab emas.

Murod Xonto‘rayev yakkakurash olamida “Osiyo ayig‘i” nomi bilan shuhrat qozondi. Murabbiyi Nodir Qodirovning xotirlashicha, mazkur nomni u 2007 yil Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan universal jang bo‘yicha Osiyo chempionatida barcha janglarni muddatidan avval yakunlaganidan so‘ng, Nodir Qodirov hamda Sardor Toshxo‘jayev tomonidan olgan va keyinchalik “Osiyo ayig‘i” uning tom ma’nodagi tashrif qog‘oziga aylangan edi.

U umrining so‘ngi yillarida yosh sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zbek MMAsini jahon darajasiga ko‘tarish uchun jonbozlik ko‘rsatayotgan edi. Yodimda, u bilan suhbat uyushtirish taklifini berganimizda “Aka mendan ko‘ra, Sher Mamazulunov, Bobur Tagiyev, Jamshid Tagiyev, Mavlud Tifiyev va ko‘plab xorijda MMA, kikboksing, K-1 , professional muaytay bo‘yicha ajoyib natijalar qayd etayotgan ukalarimiz bor, o‘shalarni faoliyatini, erishayotgan natijalari va mehnatlarini yoritaylik, yaqindan tanishtiraylik”,- deya Sher Mamazulunovni taklif etib, intervyu qilishimizga sababchi bo‘lgandi. Ha, uning bu borada ulkan maqsadlari bor edi.

Xabaringiz bor, u so‘ngi jangini 2019 yil Toshkentda rossiyalik Yevgeniy Myakinkin bilan o‘tkazgandi. Aynan ushbu jang avvalidagi matbuot anjumanidan keyin yana bir o‘zbek MMAsining bayroqdori Sunnat Ilyasov va Murod Xonto‘rayevga kelinglar ikki afsona bilan rasmga tushay deganimda, “Tirik afsona deng, odatda afsona so‘zi menga bu olamni tark etganlarni eslatadi”,- degandi.

Ming afsuski, bevaqt o‘lim uni oramizdan olib ketdi. Endi, o‘zining ta’biri bilan aytganda “Afsona”ga aylandi. Vaholanki, tiriklik vaqtidayoq bu maqomga erishib bo‘lgandi.

U “qo‘li ochiq” yurtimizning mard o‘g‘loni edi. Millionlab bolakaylarning kumiri va yakkakurash olamiga kirib kelishlariga sababchi bo‘lgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbek yakkakurash olamining tom ma’noda afsonasi... Umid qilamiz, yaqin vaqtlar ichida yangi Xonto‘rayevlar chiqadi. Chunki uning juda ko‘p shogirdlari va otasining izidan borayotgan farzandlari bor!

Ha, o‘zbek sport olami yorqin yulduzidan ayrildi. Biroq, u har doim muxlislar qalbida yashaydi. Zero, haqiqiy yulduzlar mangu yonadi!
Oxiratingiz obod bo‘lsin, qadrli ukam Murod Xonto‘rayev!

Ahmadbek Eshmatov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Murod Xonto‘rayev - haqiqiy afsona yoxud yulduzlar mangu yonadi!