00:13 / 22.07.2021
3 908

To‘lagan Isoqov: "Yaxshi ishlayotganlardan ikkita murabbiy qolibdi"


O‘zbekiston milliy terma jamoasi hozircha bosh murabbiysiz turibdi. Vadim Abramovdan bo‘shab qolgan ushbu lavozim egasi kim bo‘lishi hammamizni qiziqtiryapti. Lekin buning javobi hozircha topilgani yo‘q.

Muxlislar orasida turli gap-so‘zlar yo‘q emas. Misol uchun futbol mutaxassislari ham bosh murabbiy masalasida fikr bildirishsa, ikkiga bo‘linishyapti. Kimdir chetdan kelgani yaxshi desa, yana kimdir o‘zimizni mutaxassisga ishonch bildirish to‘g‘ri yo‘l bo‘lishini ta’kidlamoqda.

To‘g‘risi, biz uchun ham futbolimizdagi mutaxassislarning mazkur masalada bildirayotgan fikrlari qiziq. O‘FA faxriylar kengashi raisi To‘lagan Isoqov ham terma jamoani kim boshqarishini istashi va futbolimiz haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Xorijlik murabbiy kelgani bilan futbolimizga moslashguncha bir yil vaqt ketadi”
- To‘g‘ri, hozir ko‘pchilik terma jamoamizga chet eldan murabbiy olib kelish kerak, degan gaplarni aytyaptilar. Xorijdan mutaxassisni olib kelish uchun ham katta mablag‘ talab qilinadi. Ayniqsa, yaxshirog‘ini olib kelish oson ish emas. Kuperga o‘xshaganlari esa ko‘p. Hozir murabbiy masalasida har xil fikrlar yuribdi, deyishyapti-yu, ammo men hali bu masalada biror marta gaplashganim yo‘q. Bu masalada shaxsiy fikrim shunday: xorijdan murabbiy olib kelganimiz bilan uning o‘zbek futbolini o‘rganib, moslashgunicha bir yil vaqt ketadi. Mentalitet degan so‘z bor.

Hozirgi futbolchilarni ham dunyoqarashi boshqacha. Menga qolsa, terma jamoa bosh murabbiyi o‘zimizdan bo‘lgani yaxshi. Nimagaki, u o‘zimizni futbolni yaxshi biladi va tushunadi. Bundoq olib qarasak, yaxshi ishlayotganlardan o‘zi ikkita murabbiy qolibdi. Bir marta majlisda aytgandim, Abramov terma jamoani eplolmadimi, uni yana chaqirib nima qilasizlar, degandim. Ikkita yaxshi ishlayotgan murabbiylar sifatida Ro‘ziqul Berdiyev bilan Ulug‘bek Baqoyev bor. Bo‘ldi, boshqa hech kim yo‘q! To‘g‘ri, boshqalar Timur Kapadzeni ham tilga olishyapti.

Ammo Kapadze, Jeparov kabilar futbolni kecha tugatishgan. Ular hozircha futbolchilikning nonini yeb ko‘rishgan xolos. Hali murabbiylikning ishi qanchalik og‘ir ekanini bilmaydilar. Biz ham vaqtida ishlaganmiz, hokimlarni eshigini tagida turganmiz, ularni qachon kelishini poylab. Ana shunda murabbiylik kasbi ancha og‘irligini tushunadilar. Xullas, mening fikrim shunaqa. Xorijdan murabbiy kelgani bilan hammasi pulga borib taqaladi. Men birovni cho‘ntagidagi pulni hisoblashni yomon ko‘raman. Qaytanga, omadini bersin deyman. Mayli, chetdan yaxshi murabbiy topishsin, xursand bo‘lamiz. Faqat talabga javob bersin.

“Yoshlar arab chempionatlariga ketishyapti, u yerga borib nima qilishadi, bilmayman!”
- Yosh, yaxshi mutaxassislar ko‘proq Germaniyadan chiqyapti. Tuxel, Klopp, Nagelsmann yoki boshqalar. Ular avval ichki chempionatida o‘zlarini ko‘rsatishdi, keyin katta klublarga ketishyapti. Ularda sistema yaxshi. Biz esa birinchi navbatda o‘zimizni futbolni ko‘tarishimiz kerak. Futbolimizda kuchli raqobat bo‘lishi juda muhim. Hozir hamma “Paxtakor” chempion bo‘ladi deyishadi. Kimga ko‘p pul berilayotgan bo‘lsa, o‘sha jamoa chempion bo‘lyapti, to‘g‘rimi? Sobiq ittifoq davrida hamma jamoa bir xil edi. O‘sha paytda aksariyat klublarda oylik maosh hammaniki bir xil edi. Mukofot puli ham bir xil taqsimlanardi.

Hozir-chi? Oylik maoshlar ham, mukofot pullari ham turlicha, shartnomalar ham shunaqa. Biri ko‘proq, biri kamroq oladi. Bu noto‘g‘ri. 11 ta o‘yinchi o‘ynagandan keyin bunday bo‘lmasligi kerak. Darvozabon bir marta to‘p o‘tkazib yuborsa, uni xatosi deymiz. Hujumchi 10 marta gol ura olmasa ham uni kechirib yuboramiz. Mana, “Paxtakor” futbolchilarini oylik maoshlari ochiqlandi.

Bilasizmi, klublarda o‘yinchilarning olayotgan mablag‘lari teng bo‘lsa, ularni klubdan-klubga sakrab yurishlari ham kamayadi. “Nasaf”dagilar bilan ham gaplashib turaman. Endi nomi chiqayotgan yoshlar darhol xorijga ketaman deyishadi. Mayli, u yerga borib o‘ynab ketishsa nur ustiga nur. Ammo borgandan keyin o‘ynab keta olmayapti-da! Yoki arab chempionatlariga ketishadi, u yerga borib nima qilishadi, bilmayman. Bu yerga kelganidan keyin ularni o‘yini qolmagan bo‘ladi. Yodingizdami, Sardor Rashidov “Bunyodkor”da qanaqa boshlagandi?! Keyin Qatarga ketdi...Hamma joyni o‘yinlari va uslublari har xil.

“Yevropadagi chempionatlarda Shomurodovga o‘xshagan o‘yinchilarimiz ko‘payishi kerak”
- Men bu haqda ko‘p gapirdim, terma jamoamiz kuchayishi uchun Eldor Shomurodovga o‘xshaganlardan Yevropa chempionatida bitta emas, 7-8 tacha bo‘lishi kerak. Shunda terma jamoa bo‘ladi. Hamma muammo sifatida himoyachilar yoki darvozabonni aytadi. Demak, shunday muammo bormi, buni ustida ishlash kerak-da! O‘yinchilarni bo‘yi past deyishadi. Biz o‘ynagan paytda bo‘yiga qarashmasdi, endi nimagadir bo‘yiga qarab qolishibdi. Biz o‘ynagan paytdagi tayyorgarlik bilan hozirgisini o‘rtasida 10 barobar farq bor.

O‘sha uch oylik tayyorgarlik bir yilga yetardi. Maydondagi 11 futbolchi bir xil bo‘lmaydi, hamma har xil. Kimnidir kallasi zo‘r ishlaydi, bittasini texnikasi, yana birini tezligi yaxshi bo‘ladi. Shularni yig‘ib, yaxlit jamoa qiladigani bu murabbiyni ishi. Futbolchilarimizni chetga intilishi yaxshi, faqat shunga yarasha o‘ynab ketishlarini tarafdoriman. Yoshlarga maslahatim, nima qilasizlar, arab chempionatlariga ketib?! Yevropaga borsa va u yerda o‘ynab ketsa narxi oshib boraveradi. Mana, Yevropa chempionatini ko‘rib maza qilasiz. Bizni jamoalar gol o‘tkazib yuborsa o‘zlariga kela olmaydi. Futbol 90 daqiqa o‘ynaladi.

“Odil Ahmedov vaqtida tugatdi”
- Odil Ahmedov ham qarib qolgandi, futbolchi qachondir tugatadi. Keyingi jahon chempionati qachon bo‘ladi va ungacha Odil necha yoshda bo‘ladi? Italiya nega Yevropa chempioni bo‘ldi? Chunki ularning tarkibida iqtidorli yoshlar ko‘p edi. Futbolni albatta vaqti kelib tugatadi, uni butun umr o‘ynab bo‘lmaydi. Faqat buni joyida tugatishni ham bilish kerak. Ahmedov ham vaqtida tugatdi. Kechirasiz-u, Mirjalollar bilan ham jahon chempionatiga chiqa olmadik.    

Shuhratbek Jo‘rayev

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » To‘lagan Isoqov: "Yaxshi ishlayotganlardan ikkita murabbiy qolibdi"