12:06 / 23.07.2021
2 912

Amit, Makkormak, Konkabayev....Olimpiada o‘yinlarida bokschilarimizga kimlar asosiy raqib bo‘lishi mumkin?


24 iyul kuni Yaponiyaning Tokio shahrida hamyurtlarimiz boks musobaqalarida o‘z ishtiroklarini boshlaydi. Bugun bo‘lib o‘tgan qur’a natijalari ba’zi bokschilarimizga omadli kelgan bo‘lsa, ba’zilariga dastlabki bosqichlardanoq qiyin raqiblarni ro‘baro‘ kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Quyida har bir vazn toifasida eng asosiy raqiblar bo‘lishi kutilayotgan bokschilarni sizlarga tanishtirishga harakat qilamiz.

-52 kg: 26 iyul Shahobiddin Zoirov - Chiftchi Batuxan (Turkiya)
Ushbu vazn toifasida eng kuchli va keskin raqobatga sabab bo‘lishi kutilayotgan bokschilar jam bo‘lishgan. Shahobiddin Zoirov o‘rin olgan tomonda unga eng asosiy raqiblar bu, Hindiston vakili Amit Pangal, kolumbiyalik Yuberjan Martines va Xitoylik Hu Jianguan bo‘lishi mumkin. Bu 3 bokschi o‘zaro chorak finalgacha uchrashishadi va g‘alaba qozongani yarim finalda Zoirovga qarshi chiqishini taxmin qilishimiz mumkin. Ikkinchi tomondan esa ancha jiddiy raqiblar Yosvani Veita (Kuba), Galal Yafai (Britaniya), Daniyel Asenov (Bolgariya), Gabriyel Eskobar (Ispaniya), Saken Bibosinov (Qozog‘iston), Bilol Benama (Fransiya) final yo‘lida saralanib kelishadi.

-57 kg: 28 iyul Mirazizbek Mirzahalilov - Xose Kuiles (Ispaniya)/Uoker Kurt (Irlandiya)
Mirazizbek Mirzahalilov dastlabki jangidan biroz qiyin raqibga qarshi ringga ko‘tarilishi mumkin, ya’ni irlandiyalik Uoker Kurt katta ehtimol bilan ispaniyalik raqibini mag‘lub etib, Mirzahalilov bilan uchrashishi kutilmoqda. Qolaversa, keyingi bosqichlarda Mirzahalilovga u tomondan Serik Temirjanov (Qozog‘iston), Dyuk Ragan (AQSH), Butsenko Mikola (Ukraina) jiddiy qarshilik ko‘rsatadi. Ikkinchi tomondan esa final uchun Lazaro Alvares (Kuba), Peter Makgril (Britaniya), Erdenebat Tsenbatar (Mog‘uliston), Albert Batirgaziyev (Olimpiya bayrog‘i ostida/Rossiya) kabi kuchlilar janglarga kirishadi.

-63 kg: 25 iyul Elnur Abduraimov - Batarsuxin Chinzorig (Mo‘g‘iliston)
Abduraimovning holatiga havas qilib bo‘lmaydi. Uni dastlabki jangidanoq kuchli raqib qarshi oladi. Yaqindagina bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati yarim finalida Abduraimov Chinzorigga mag‘lub bo‘lgan edi. Bu safar holat qanday bo‘lishini esa tez orada bilib olamiz. Keyingi bosqichlarda Abduraimovga Bahodir Usmonov (Tojikiston), Keyshavin Devis (AQSH), Sofiana Oumiha (Fransiya) jiddiy qarshilik ko‘rsatadi. Ikkinchi tomondan nomdor bokschi Endi Kruz Gomes (Kuba), Lyuk Makkormak (Britaniya), Zakir Safuillin (Qozog‘iston) final uchun kurashadilar.

-69 kg: 27 iyul Bobousmon Boturov - Polando Rohan (Dominikan)
Ushbu raqibdan o‘tgan taqdirda chorak final doirasida uni katta ehtimol bilan Britaniya vakili Pet Makkormak qarshi oladi. Qolaversa, Zeyad Ishaish (Iordaniya) ham unga yarim final doirasida duch kelishi mumkin. Final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun ikkinchi tomondan Roniyel Iglasias (Kuba), Sevon Okazava (Yaponiya), Delante Jonson (AQSH), Ablayxan Jusupov (Qozog‘iston), Lorenso Sotomayor (Azarbayjon), Andrey Zamkavoy (Olimpiada bayrog‘i ostida/Rossiya) asosiy da’vogarlar hisoblanadi.

-75 kg: 26 iyul Fanat Qahramonov - Giorgi Xarabadze (Gruziya)
Gruziya vakili to‘sig‘idan o‘tgan taqdirda, Qahramonov qozog‘istonlik Abilhan Amankul bilan to‘qnash keladi. Qolaversa, yarim final bosqichi uchun Gleb Bakshi (Rossiya) asosiy da’vogar. Ikkinchi tarafda Aleksandr Xichniak (Ukraina) va Eumir Marsial (Filippin) yaqqol peshqadam sifatida e’tirof etiladi.

-81 kg: 25 iyul Dilshodbek Ro‘zmetov - Emmet Brennan (Irlandiya)
Ro‘zmetov dastlabki bosqichdan omadli o‘tishiga potensiali yetarli. Ammo keyin u o‘zi uchun tanish bo‘lgan kuchli raqib Alfonso Dominges to‘sig‘idan ham o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Bu bokschi amaldagi Yevropa mintaqaviy kvalifikatsion turniri g‘olibi va Yevropa chempioni hisoblanadi. Lekin ular 2019 yilgi jahon chempionatida uchrashgan va Ro‘zmetovning qo‘li baland kelgan edi. Bu safar ham unga ishonchli g‘alaba tilab qolamiz. Unga final yo‘lida barchangizga yaxshi tanish bo‘lgan kubalik Arlean Lopes ham qarshilik ko‘rsatadi. Final bahsi uchun qarshi tarafda Bekzod Nurdavletov (Qozog‘iston), Benjamin Uittaker (Britaniya) asosiy da’vogar bo‘lishi mumkin.

-91 kg: 24 iyul Sanjar Tursunov - Abdulrafiq Benchabla (Jazoir)
Ushbu vazn toifasida bitta 1/16 final jangida aynan Tursunov va uning raqibi kuch sinashadi. Boshqa bokschilar esa 1/8 finaldan o‘z ishtiroklarini boshlaydi. Keyingi jangda esa Sanjarga amaldagi jahon chempioni hisoblangan rossiyalik Muslim Gajimagomedov raqib bo‘ladi. Qarama qarshi tomondan finalga qadar ishtirok etuvchi asosiy bokschilar sifatida Vasiliy Levit (Qozog‘iston), Xulio Sezar La Kruz (Kuba), Chavon Klark (Britaniya), Patrik Teishera (Braziliya), Kastillio Torresni (Ekuador) aytib o‘tish mumkin.

+91 kg: Bahodir Jalolov - Muhammad Abdullayev (Ozarbayjon)/Danis Latipov (Bahrayn)
Ushbu vazn toifasida hamyurtimiz imkoniyatini ortiqcha ta’riflashga hojat yo‘q. Hozirda Jalolov oltin medal uchun eng asosiy da’vogar sifatida ko‘rilmoqda. Shunday bo‘lsada, bu yo‘lda unga o‘zi joylashgan tomondan asosiy raqiblar deb Satish Kumar (Hindiston), Tsotne Rogava (Ukraina), Frezer Klark (Britaniya), Murod Aliyevni (Fransiya) ko‘rsatsak, siz-u bizga yaxshi tanish bo‘lgan Qozog‘iston vakili Kamshibek Konkabayev va amerikalik Richard Torres (AQSH) boshqa tomondan finalga qadar harakat qiladi. E’tiborli jihati shundaki, Jalolov yuqorida keltirilgan asosiy bokschilarning barchasini yaqin yillarda mag‘lub etgan. Faqatgina britaniyalik Frezer Klarkga 2014 yilda imkoniyatni boy bergach, ular qayta to‘qnash kelishmagani sabab, qanday holatdaligi notanish raqib hisoblanadi.

Barcha bokschilarimiz g‘alabasiga ishonch bildirib, ularga omad tilab qolamiz!

Jalol Axmedov tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Amit, Makkormak, Konkabayev....Olimpiada o‘yinlarida bokschilarimizga kimlar asosiy raqib bo‘lishi mumkin?