08:13 / 31.07.2021
1 793

Ro‘ziqul Berdiyev: "Nasrullayev o‘ynamadi, shu bois Bozorov ham maydonda "yo‘q" edi"


Superliganing 13-turidan o‘rin olgan "Lokomotiv" - "Nasaf" uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi. U o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi va savollarga javob berdi.

- Futbolda natija birinchi o‘rinda turadi. "Lokomotiv"ni haqli g‘alaba bilan tabriklayman. Ularning bugungi bahs uchun rejasi amalga oshdi, "Lokomotiv" himoyada yaxshi o‘ynab, qarshi hujumda bizni jazolashga urindi va bunga erishdi. Biz esa himoyada qo‘pol xatolar qildik. Oxirgi o‘yinlarda Amonov ko‘p gol urayotgani va yaxshi formada ekanini ta’kidlagandik. To‘pni har qancha nazorat qilmaylik futbolda birinchi o‘rinda natija turadi", - dedi Ro‘ziqul Berdiyev.

- "Nasaf" futbolchilari davralar oralig‘ida haddan ziyod yuklama olgandek ko‘rindi...
- Bu albatta sizning fikringiz, ammo so‘nggi daqiqalarda ham futbolchilarimiz raqibdan ko‘proq yugurayotgandi. Oldingi o‘yindan farqi tarkibimizdagi yo‘qotishlar bo‘ldi. Chap qanot himoyachimiz Sherzod Nasrullayev o‘ynamadi, shu bois Bozorov ham maydonda "yo‘q" edi. Saitov har qancha chap qanotda o‘ynashga urinsa ham, u baribir o‘ng qanot himoyachisi. Akmal Mozgovoyning ham maydon markazidagi o‘rni bilindi.

- O‘yindan oldin Abduxoliqov va Bikmayevning maydonga tushmasligi xabar berildi. Bu sizning rejalaringizga ta’sir qildimi?
- Temurxo‘ja maydonga tushganida uning uchun alohida rejamiz bor edi, ammo Amonov so‘nggi o‘yinlarda samarali harakatni ko‘proq amalga oshirayotganini bilardik. Bugun ikkala golda ham qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydik. Ikkinchi golda 3-4 himoyachimiz bor edi, ammo Azizbek ulardan qochib ketdi. Temurxo‘janing qanchalik mahoratli ekanini bilamiz, biroq Amonovning ham oxirgi o‘yinlardagi harakatlari yaxshi chiqmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Nasrullayev o‘ynamadi, shu bois Bozorov ham maydonda "yo‘q" edi"