00:02 / 01.08.2021
4 089

Piter Xyuistra: "Ibrohimhalil Yo‘ldoshev "Paxtakor"dan ketadi"


Superliganing 13-turi doirasida "Bunyodkor" ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin "Paxtakor" bosh murabbiyi Piter Xyuistra o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

- 4-5 haftalik tanaffusdan keyin "Bunyodkor"ga qarshi qiyin o‘yin o‘tkazdik. Shu boisdan biz to‘liq ritmga tushib ololmadik. Birinchi bo‘limning boshida o‘yinimiz unchalik qovushmadi. Keyinchalik tashabbusni qo‘limizga oldik va kerakli paytda gol urib oldik. Ikkinchi bo‘limda ham o‘yin o‘xshamadi. "Bunyodkor"da ham vaziyatlar bo‘ldi. Ularga ham imkoniyat taqdim qildik. Gol o‘tkazganimizda esa VAR bizga yordamga keldi. Shu paytda omad keldi deya olaman. Ikkinchi davrada boshqacharoq o‘yin ko‘rsatishimiz kerak. Bunga imkoniyatlarimiz yetarlicha. Tarkibga yangi futbolchilar olib kelindi. Shu boisdan o‘yinni yaxshilash borasida ishlaymiz.

- Boyan Matich haqida gapirsangiz. Bizda u borasida biror tasavvurimiz yo‘q.
- U payshanba kuni jamoamizga kelib qo‘shildi. Atigi 2 mashg‘ulotimizda ishtirok etdi. Uning jismoniy holati qanday ekanligini bilmasdim va shu boisdan unga jismoniy yuklamalar berganim yo‘q. Boyanni 20 daqiqa qolganida maydonga tushirdim va unga o‘yin taktikasini, jamoaning uslubini ko‘rib, o‘rganib olishini aytdim. U bilan dekabr oyiga qadar shartnomamiz bor. Navbatdagi o‘yinlarda unga imkoniyat taqdim qilinadi va Boyan butun O‘zbekistonga o‘zining qanday futbolchi ekanligini ko‘rsatadi. Matich umuman olganda yaxshi futbolchi.

- Anzur Ismoilov jarohati sababli almashtirildimi?
- Unda koronavirus aniqlangandi. Shu boisdan u ikki hafta mashg‘ulot qilmadi. Uning organizmi to‘liq tiklanib ulgurmagan. U o‘zini noqulay his qilmoqda. Koronavirus bo‘lib qaytgan futbolchi mashg‘ulotlarga ham tezda kirishib keta olmaydi. Chunki bunga organizm yo‘l qo‘ymaydi. Umid qilamanki, barchasi tez orada yaxshi bo‘lib ketadi. Shu boisdan Marlen Chobanov o‘zini ko‘rsata oldi, deb o‘ylayman. Bugun u yaxshi o‘yin namoyish qildi.

- Vladimir Kozakning "Paxtakor"ga qaytishini siz istadingizmi yoki rahbariyat?
- Ibrohimhalil Yo‘ldoshev "Paxtakor"dan ketishi aniq bo‘lib turibdi. Shu sababli uning o‘rniga boshqa futbolchi izlayotgandik va aynan Kozak variantida to‘xtaldik. U uzoq yillar davomida shu yerda o‘ynagan. Bizning o‘yin uslubimizni yaxshi biladi. Qarorni esa rahbariyat bilan birga chiqardik. Tez orada Kozak ham jamoaga kirishib keta oladi.

- Marlen Chobanov birinchi marta to‘liq taymni o‘tkazdi. U Yegor Krimetsning o‘rnini bosa oladimi?
- Chobanov yaxshi futbolchi. Anzur, Sherzod va Yegor ayni damda O‘zbekistonning eng kuchli himoyachilaridan bo‘lib turibdi. Chobanov hali yosh va ularning darajasiga yeta olishi mumkin. Chunki u mashg‘ulotlarda doimo o‘zi ustida ishlaydi, mashg‘ulotlar tugaganidan keyin esa maydonda qolib, yana shug‘ullanishda davom etadi. Bu menga yoqadi. Bu esa kelajakka umid bilan qarashga zamin yaratadi. Agarda shu zayilda davom etsa, u eng yaxshi himoyachilardan biri bo‘la oladi.

- O‘zbek futbolida katta muammo bor. Futbolchilar tez-tez jamoalarini o‘zgartirishadi. Bu esa murabbiylarga yaxshi jamoa tuzish uchun qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
- Umuman olganda, butun dunyoda bu tendensiya bo‘lib qoldi. Murabbiylar ma’lum futbolchilar bilan uzoq vaqt ishlay olmaydi. Futbolchilar tez tez boshqa jamoalarga o‘tib turishadi. Bu nafaqat O‘zbekistonda, balki, boshqa mamlakatlarda ham kuzatilib turadigan hodisa. Murabbiylarga ham bu yerda qiyin bo‘ladi. Chunki, qisqa vaqt ichida bir necha yangi futbolchilarni o‘zimiz istagan o‘yin uslubiga moslashtirishimiz kerak bo‘ladi. Bu yerda rejalar va taktikalar puxta bo‘lishi darkor.

Mashg‘ulotlarda esa o‘yin paytida bo‘ladigan vaziyatlarni olib kirishga va futbolchilarni mashg‘ulotlarning o‘zidayoq o‘yinga yaqinlashtirishga harakat qilamiz. Bu esa futbolchilarning jamoa o‘yin uslubiga kirishib ketishiga yordam beradi. So‘nggi yillar davomida jamoada o‘ynab kelayotgan futbolchilar esa menga yordam berishmoqda. Ko‘plab tajribali futbolchilar yaxshi maosh evaziga arab yoki Osiyoning boshqa jamoalariga ketishmoqda.

Bundan yaxshi tomoni shundaki, uning o‘rnida o‘ynayotgan yosh futbolchilar imkoniyatga ega bo‘lishi mumkin. Biroq yosh futbolchilar boshida ko‘plab xatoliklarga yo‘l qo‘yishadi. O‘zbekistonda menga yoqadigan tomoni - yosh futbolchilar mashg‘ulotlarda o‘zini ko‘rsatishga harakat qiladi. Yevropada esa bunday holat doim ham kuzatilmaydi. Boshqa jamoalarda bilmadim-ku, bizda yoshlar doimo o‘zini ko‘rsatishga harakat qiladi, barcha aytganlarimizni bajaradi va undan tashqari, barcha e’tirozlarimizni to‘g‘ri tushunadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Piter Xyuistra: "Ibrohimhalil Yo‘ldoshev "Paxtakor"dan ketadi"