19:20 / 01.08.2021
3 107

"Bo‘rilar" to‘dasidagi o‘zbek! Yoxud "Roma"da Shomurodovni nima kutmoqda?


Eldorning transferi rasman e’lon qilinishidan avvalroq turli manbalar bu kelishuv deyarli hal ekanligini ma’lum qildi. To‘g‘risi, terma jamoamiz a’zosini "Roma"ga o‘tishiga zarracha shubha qilmagan edim. Shu bois, uning Rimdagi ehtimoliy sarguzashtlarini tasavvur qildim. Yarim tunda, transfer 99 foiz hal bo‘lgani haqidagi xabar e’lon qilingach, ko‘zimga uyqu kelmadi...

"Roma"ga Eldor nega kerak?
Avvalo "bo‘rilar"ning nega aynan Eldorni nishonga olgani haqida batafsil to‘xtalsak, o‘rinli bo‘ladi. Bunga birinchi navbatda "benazir"ning o‘yin uslubini ro‘kach qilib ko‘rsatish mumkin. Hammasi tushunarliroq bo‘lishi uchun biroz o‘tmishga qaytamiz.

"Chelsi"

London jamoasiga YECHL sovrinini "Portu" bilan yutgan holda tashrif buyurgan Mourino Angliyani "titratmoqchi" ekanligini  matbuot anjumanida e’lon qildi. O‘zining kuchli pressingga tayangan qarshi hujumlari orqali APL shiddatini "sindirgan" mutaxassis birinchi urinishdayoq London klubini 50 yillik tanaffusdan so‘ng shohsupaga olib chiqishni uddaladi.

Bu biz bilgan Jozening eng zo‘r davridagi o‘yin sxemasi. Razm solgan bo‘lsangiz, birgina Drogba atrofida qurilgan hujum chizig‘i soat mexanizmidek ishlaganini sezasiz. Mavzudan chiqib ketmaslik uchun Jozening markaziy hujumchilardangina talab qiladigan jihatlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Mour Angliyaga ko‘chib o‘tgan chog‘lari 4-4-2 ning turli xil ko‘rinishdagi versiyalari trendda edi. Mutaxassis qisqa muddatda Venger, Fergyusoni bor ligani ostin-ustun qilib tashladi. Tezkor qarshi hujumga ixtisoslashgan agressiv futbol oldida dunyoning eng kuchli ligasi vakillari ojiz qoldi.

Yangi jamoa uchun millionlarni sarflashga tayyor Roman Abramovich bilan suhbatda u yulduz emas, o‘z uslubiga mos hujumchi izlayotganini aytadi. XXI asr boshida Shevchenko, Krespo, Kassano, van Nistelroy, Totti singari yakkama-yakka vaziyatda himoyachini aldab o‘tishga qodir “9-raqam egalari” yuqori qadrlangani rost. Joze esa, hech kim tanimaydigan "Marsel"dagi oddiy hujumchini qaysarlik bilan tarkibga qo‘shib oladi.

O‘rinli savol tug‘iladi. Nima uchun Roman Abramovich bir qop pul bilan kelganida, mutaxassis Dide Drogba variantini afzal ko‘rdi? Gap shundaki, qahramonimiz quradigan barcha jamoalarda markaziy hujumchining alohida o‘rni bor. Xo‘sh, u hujumchi qanday bo‘lishi kerak?

* Birinchi to‘p uchun kurashda faol!
* Ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynay oladigan!
* Himoyalanayotgan paytda tayanch hududga qadar kelib ko‘mak bera oladigan!
* Qarshi hujum chog‘ida so‘nggi nuqtaga qadar har safar yetib kelishga "fizikasi" dosh bera oladigan!
* To‘pga ortiqcha teginmaslikni afzal ko‘ruvchi "terminator"!
* "Ko‘rpani" o‘ziga tortmaydigan, to‘pga uchinchi teginishi zarbaga aylanadigan!
* Doim oldinga o‘ynash, imkon qadar ortga pas ijro etmaydigan!
* Kerakli paytda maydonning katta qismini to‘p bilan bosib o‘tish va jamoadoshlari yetib kelishi uchun 4-5 soniya yutib berishga qodir!
* Jismonan baquvvat, baland bo‘yli atlet!
* Chiroyli emas, aniq harakatlarga suyanadigan "taran" forvard!

Texnikasi kuchli bo‘lmagan, yaqqol ko‘zga tashlanib turmaydigan Liga-1ning o‘rtamiyona hujumchisi Londonga ko‘chib o‘tgach, faoliyatidagi eng zo‘r yillarni o‘tkazdi. Joze undan yuqoridagi bandlarda ko‘rsatilgan talablarni mukammal bajarishini talab qiladi. Mehnatkash, yosh va g‘alabalarga chanqoq Dide vazifasini ortig‘i bilan uddaladi. Debyut mavsumda 41 o‘yin, 16 gol 8 assist! Yakunda, aynan uning gollari APL oltin medallarini 50 yillik tanaffusdan so‘ng "aristokratlar"ga taqdim etishini Roman Abramovich taxmin qilganmikan?!

Yillar o‘tdi, Joze turli jamoalarda ishladi, ammo bir omil sira o‘zgargani yo‘q. Qahramonimiz hali-hamon yuqoridagi bandlarga to‘liq mos keladigan hujumchiga "suyanib" jamoa quradi. Keling, so‘zimiz isboti uchun o‘tmishdan bugungi kun sari odimlaymiz.

"Inter"

Milanga ko‘chib o‘tgach, portugaliyalik yangidan jamoa qurishni boshlab yubordi. Va albatta, o‘z o‘yin uslubi 100 foiz samara berishi uchun yuqoridagi kriteriyalarga to‘liq mos keladigan sof hujumchiga suyandi. Bu safar, "Jenoa"dan arzimagan pulga xarid qilingan Diyego Milito katta sahnaga chiqib keldi. Yoshi 30 dan o‘tib ketgan bo‘lsa-da, argentinalik hujumchi Joze uchun maydonga "jang" qilishdan to‘xtamadi. Mourino butun jamoani bir musht shakliga keltirib, Diyegoni uning raqibga teguvchi qismiga aylantirdi.

2010 yilning 22 may oqshomi. Madrid. "Santyago Bernabeu" arenasi. YECHL finali. "Bavariya" "Inter"ga qarshi! Final bahsida Lui van Galni Joze Mourino dog‘da qoldirdi. G‘alaba siri esa, yuqorida zikr qilingan aspektlarda kuchli bo‘lgan hujumchining tarkibda bor ekanligi. Keling, finalda kiritilgan ikki golni ham kadrlar orqali ko‘rib chiqamiz.

Birinchi gol:



Milito ikkinchi qavatdagi to‘p uchun g‘alaba qozondi va uni Sneyderga tashlab berdi. O‘zi bo‘sh zonaga chiqdi va to‘pga ikki bor teginishda darvozaga yo‘lladi.

Ikkinchi gol:


Militoning bir o‘zi jarima maydonchasiga yorib kirdi va "Bavariya"ni "ko‘mib" yubordi.
Bu "Inter"ga Mourinoning "qotil hujumchi"si qanday naf berganini ko‘rsatib turuvchi dalil sifatida tarixda abadiy qoladigan kadrlar. "Inter" yakunda o‘zi ochgan barcha frontdagi "urushlar"da g‘alaba qozonadi. Milito esa, boshqa hech qachon bunday yorqin o‘yin ko‘rsatmadi.

"Real" Madrid
Qahramonimiz Madridga ko‘chib o‘tganida, dunyo futbolida Gvardiola, deb atalgan "inqilobchi" paydo bo‘lgan, barcha "tiki-taka"ning shaydosiga aylangan edi. Mourino Madridda ham "qotil hujumchi"ga suyanishda davom etaverdi. Tarkibda Ronaldudek megayulduz bo‘lishiga qaramay, "Real"da nayzaning uchi sifatida Karim Benzema to‘p tepdi. U baquvvat, baland bo‘yli va sodda harakatlarga suyanadigan yosh yigitni birinchi planga olib chiqdi.

To‘g‘ri, zamon o‘zgargani sababli "qotil hujumchi" yaxshiroq foyda berishi uchun maydondagi ikkinchi tayanch yarim himoyachisi o‘rnini O‘zil singari pleymeykerlar egalladi. Ronaldu ortga qaytishdan va pressingdan ozod qilindi, ammo Joze o‘zining eng muhim prinsipi - taran forvarddan voz kechgani yo‘q. Natija chakki emas. To‘xtatib bo‘lmas "Barselona"dan Ispaniya chempionligi tortib olindi.

"Manchester Yunayted"

Angliyaga qaytgach, mutaxassis kadrlar bilan muammoga duch keldi. O‘zi istagan kalibrdagi hujumchi yo‘qligi bois, erkin agent maqomidagi Zlatan Ibragimovich bilan shartnoma imzolandi. Afsuski, yosh borasida muammo va surunkali jarohatlar Zlatanni "qotil"ga aylantira olmadi. Shunday bo‘lsa-da, portugaliyalik APL kumush medallari va Yevropa ligasi bosh sovrinini Manchester shahriga olib kelishni uddaladi. Ibragimovich safdan chiqqach, murabbiy o‘z prinsiplariga to‘liq mos keladigan Romelu Lukakuning transferi uchun Vudvordlardan 80 million yevro undirdi. Sababi oddiy! Joze boshqacha futbol o‘ynashni bilmaydi. Unga barcha talablariga mos keladigan "toza" hujumchi kerak. Tamom!!!

"Tottenxem"

Tanaffusdan so‘ng, yana ishga qaytgan qahramonimiz Pochettinodan qolgan "shporlar" bilan yangi marralar sari harakat qilishni boshladi. Bu safar xarajat qilishga hojat qolgani yo‘q. Taqdir unga yangi jamoasida ajoyib sovg‘a tayyorlab qo‘ygani uchun tanlovda muammo bo‘lmadi. Shunday bo‘lsa-da, Pochettino davridagi Keyn bilan Mourino erasidagi Xarrining o‘rtasida katta farq bor. Harri Keyn aynan Joze uchun o‘z uslubidan voz kechishga majbur bo‘ldi.

U endi klassik "9-raqam"dan universal markaziy hujumchiga aylandi. Mourino davrida u maydon markaziga qanday yetib kelishni, to‘pni o‘zida kamroq ushlab turgan holda tezkor qaror qabul qilishni o‘zlashtirdi. O‘yin uslubidagi kardinal o‘zgarish natijalarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Bir mavsum ichida Keyn 23 gol va 14 assistni amalga oshirgani bejiz emas. Qahramonimiz faoliyati mobaynida hech qachon bir mavsumda 7 tadan ko‘p assistni amalga oshirmagan. Joze undagi yashirin qobiliyatni kashf qildi.

Sezgan bo‘lsangiz, yakuniga yetgan Yevropa chempionatida Angliya terma jamoasi safida Keyn aynan Joze davridagi uslubida markazga qadar yetib kelib to‘p tepdi.

Bejiz "benazir" tomonidan "qotil"ga aylanganlarni eslab o‘tganimiz yo‘q. Mourino "Roma"ga kelgach, o‘z talabiga javob berishga qodir nisbatan yosh va motivatsiyaga to‘la hujumchiga ehtiyoj sezdi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, u boshqacha futbolni tan olmaydi.

Eldorga kimlar raqobat qiladi?
Barchaning hayoliga Edin Jeko kelishi aniq, ammo Joze uchun bosniyalik deyarli keraksiz. To‘g‘ri, uning tajribasidan, imkoniyatlardan foydalanishga urinadi, ammo Mourinoning qarshi hujumga ixtisoslashgan uslubida Jeko o‘zini yaxshi his qilmasligi aniq. Boz ustiga, u "Roma"dagi o‘zining so‘nggi mavsumlarini o‘tkazmoqda.

Borxa Mayoral esa, jismoniy tomondan murabbiylarning talabiga 100 foiz javob bera olmaydi. Klassik hujumchilar sirasiga kirgani bois, uni jamoaviy himoyada ishtirok etganini deyarli eslay olmayman. Boz ustiga, Mayoral o‘tgan mavsumni bo‘sh o‘tkazdi. Sport formasi ham a’lo darajada emas. Ispaniyalik bilan ham o‘rtadagi shartnoma uzaytirilgani yo‘q. Kelasi yilning yozida Mayoral erkin agent maqomini olish arafasida.

Karlos Peres esa sof hujumchi emas. U asosan qanotlardan yorib kirishga ixtisoslashgan futbolchi. Uning asosiy ustunligi tezlik va nostandart qarorlar. O‘z-o‘zidan Karlosni ham Eldorning asosiy tarkib uchun raqobatchilari safidan chiqaramiz.

El-Shaaravi ham Eldor uchun muammo tug‘dirmaydi. "Milan"da porlab chiqqan paytlari Stefan "toza hujumchi"likka da’vo qilmagan. Hozir ham asosan qanotlar va kerakli pallada markazdan o‘rin egallamoqda.

Pedro haqida ortiqcha ta’rif berish shart emas. Klassik qanot hujumchisi. U dunyo darajasidagi yulduz! Bu hamyurtimizning faqatgina foydasiga ishlaydi.

Borxa Mayoral A Seriyaning o‘tgan mavsumida 10+4 natija qayd etgan. Edin Jekoning statistikasi 7+4! Eldor Shomurodovda bu boradagi ko‘rsatkich 8+2! Farqi shundaki, hamyurtimiz Borxa Mayoral singari kuchli ijrochilar qurshovidagi yulduzli jamoada emas, B Seriyaga tushib ketishi taxmin qilingan "Jenoa"da 10 ta foydali ishni amalga oshirgan. Bu uning natijalari qadrliroq ekanligidan dalolat beradi.

Mayli, siz hozir adekvatlik chegarasidan chiqib ketishda meni ayblashingiz mumkin. Lekin, ikki asosiy hujumchisi bir yildan so‘ng erkin agentga aylanadigan "Roma"ga Eldor Shomurodov nima uchun kerak? Albatta, asosiy tarkibning asosiy figurasi bo‘lish uchun. Boshqachasiga bu transfer mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Joze va Eldor

Mourino o‘z vaqtida Iker Kasilyas va Serxio Ramos bilan nima uchun janjallashgani yodingizdami? Mutaxassis "el-klassiko"da ularni Xavi va Puyol bilan iliq munosabatda bo‘lganini hazm qila olmagan. Soddaroq qilib aytganda, Mourinoga maydonda 100 foiz motivatsiya bilan uning ko‘rsatmalari uchun "jang" qilishga tayyor, g‘alabaga chanqoq yangi nomlar zarur! O‘z vaqtida Milito va Drogbada kuzatilgan progress ortida aynan "benazir"ning xizmatlari ulkan.

Yangi mavsumda "Roma" Konferensiyalar kubogida ishtirok etadi. Bu futbolchimiz uchun ajoyib chaqiruv! Shomurodov uchun "bo‘rilar" varianti hozirgi "Yuventus" va hatto, "Inter"dan ham qulayroq. Bosim kamroq. Boz ustiga "Roma" yangi jamoa. Eldor klubga endi kelganiga qaramay, jamoadoshlari singari bir xil muhitda yangi uslubni o‘zlashtirish imkoniyatiga ega. Ya’ni u hech narsani o‘tkazib yuborgani yo‘q. O‘z vaqtida, kerak chog‘ida, kutilgan joyga tashrif buyurdi.

Rimliklar bu transfer ustida yaxshilab bosh qotirishgani ko‘rinib turibdi. Do‘ppini qo‘lga olib, o‘ylab ko‘ring! Ayni damda yosh, iqtidorli, atlet va klassik hujumchini 16 million yevroga sotib olish sharti bilan qo‘lga kiritish mumkinmi? "Roma" transfer bozoridagi narx-navo qanday ekanligini yaxshi biladi. Qanot himoyachilari-yu, 17 yoshli o‘smirlar uchun 60-70 million yevro to‘lanayotgan bir paytda Eldor "bo‘rilar" uchun chinakam topilma. Bu transferdan hamyurtimizdan ko‘ra, "Roma" yutdi. "Jenoa" esa o‘z sarmoyasini kutilganidek 2 hissa chiqarib oldi.

"Roma"da sermahsullik oshadi!
Bu maqolani optimist odam yozdi, deb o‘ylashga shoshilmang! "Roma" ortda qolgan mavsumda 62 gol urib, o‘z darvozasidan 58 to‘p olib chiqqan. "Grifonlar"da bu raqamlar 42-58ni tashkil etadi. Albatta, 7-pog‘onada finishga kelgan jamoaning to‘plar farqi 11-o‘rindagilarnikidan yaxshi bo‘lishi tabiiy, ammo farq bu qadar katta bo‘lishi tabiiymi?

Butun jamoa urgan (A seriyadagi) 42 golning 8 tasi Eldorga tegishli! Penaltidan kiritilgan gollarni inobatga olmasak, "Jenoa"ning A Seriyadagi barcha gollarining 5/1 qismi Eldorniki bo‘lib chiqmoqda.

"Roma"da esa barchasi o‘zgacharoq kechishi aniq. Eldor Ballardini qo‘l ostida ikki hujumchi joylashtirilgan sxemada to‘p tepdi. Ba’zan oldingi, ayrim vaziyatlarda ortdagi hujumchiga aylandi.

"Bo‘rilar" tarkibida endi u erkinroq (hatto, o‘yin amaliyotiga kam ega bo‘lsa ham) harakat qilishi mumkin. "Jenoa"dan farqli o‘laroq, "Roma"da uzatmalar bilan muammolar kamroq yuzaga keladi. Birinchi navbatda klass bobida katta tafovut ko‘zga tashlanadi. Pedro, Mxitaryan, Nikola Zanolo, Leonardo Spinatssola, Jordan Veretu, Lorenso Pellegrini, Xaver Pastore "Jenoa"dagi ijrochilardan mahorat bobida bir emas, bir necha bosh baland ekanligi kundek ravshan. Shunday ekan, Eldorni zaxirada o‘tirib qolishi yoki quruq seriya qurboni bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarni bir chetga surib tashlashingiz mumkin.

Eng muhimi bu emas!
Futbol olamidagi taniqli bir shaxsdan juda qiziq iqtibos eshitganman. Shu so‘zlarni eslasam, g‘alati bo‘lib ketaman.
"Agar Mirjalol Qosimov 25 yil keyinroq tug‘ilganida, "Bavariya" yoki "Real"da to‘p tepayotgan bo‘lar edi!"

Darhaqiqat, kerakli zamonda maydonga chiqib kelish futbolchining o‘ziga bog‘liq emas. Qosimov super iqtidor egasi bo‘lgani bilan, Sobiq sovet davlati tarkibida to‘p tepgan. Yoshlar o‘rtasidagi JCH va Yevro finallarida bo‘lajak super yulduzlarni o‘z paslari bilan hayajonga solgan vatandoshimiz zamon zayli bilangina top klublarda o‘zini sinab ko‘ra olmadi. Bejizga 4 raqamli afsonani yodga olganim yo‘q. Bizda kuchli beshlik grandlarida to‘p surishga haqli futbolchilar bo‘lgan va bo‘ladi.

Turli sabablarga ko‘ra ularga bu baxt nasib etmadi. Eldorda esa hammasi aksincha. U o‘z vaqtida RPLga yo‘l oldi. Birinchi omadli mavsumidayoq "Jenoa" bilan shartnoma imzoladi. Endi, ulkan tarixga ega "Olimpiko" arenasi egalari a’zosi. Tan olish lozim, barchasini omadga bog‘lash mumkin emas. Tinimsiz mehnat va metin iroda qahramonimizni qadimiy Rim sari yetakladi.

Terma jamoamiz yulduziga bo‘lgan hurmatimni chetga surib tashlagan xolda aytishim mumkin-ki, "Roma" Eldor uchun "patalok" daraja emas. U o‘sishdan to‘xtab qolmasligi shart. Eng muhimi o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch! Aynan shu omil "bo‘rilar" to‘dasidagi o‘zbekning ertangi kunini belgilab beradi. Qolgan barcha aspektlarda Eldor Jozening yangi Drogbasi yoki Militosi bo‘lishga tayyor.

Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Bo‘rilar" to‘dasidagi o‘zbek! Yoxud "Roma"da Shomurodovni nima kutmoqda?