14:45 / 02.08.2021
2 405

Jalolovning promouteri Lou DiBella undan oltin medal kutmoqda


Olimpiada o‘yinlari boks musobaqalari superog‘ir vazn toifasida chorak final janglari bo‘lib o‘tdi. Quvonarlisi, hamyurtimiz Bahodir Jalolov bu bosqichda Hindiston vakili Satish Kumar ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, bronza medalini naqd qilgan holda yarim finalga yo‘l oldi. Uning ushbu bosqichdagi raqibi esa britaniyalik Frezer Klark bo‘ladi. Bu ikki bokschi 2014 yil Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tkazilgan Strandja turnirida to‘qnash kelgan. O‘shanda 19 yoshli Jalolov Klarkka imkoniyatni boy bergan edi.

Bilamizki, Jalolov professional boksda ham 8 jang o‘tkazib, ularning barchasida raqiblarini muddatidan oldin mag‘lub etgan. U hozirda amerikalik promouter Lou DiBellaga qarashli bo‘lgan "DiBella Entertainment" promouterlik kompaniyasi mijozi hisoblanadi. Sports.uz sayti Jalolovning Olimpiadadagi ishtiroki yuzasidan DiBellaning fikrlari bilan qiziqdi.

"Jalolov chiroyli janglar o‘tkazib kelayapti. U Olimpiada o‘yinlari boks musobaqalari superog‘ir vazn toifasida yuqori klassdagi jangchi sifatida e’tirof etiladi. Jalolov hozirga qadar o‘tkazgan janglarini har bir raundida g‘alaba qozondi.

Superog‘ir vazndagi har bir bokschining ringdagi taqdiri xavf ostida bo‘ladi. Bu vaznda barchasini bitta zarba hal qilishi mumkin. Lekin hozirda Jalolov bir necha yillar oldin, Klarkdan mag‘lub bo‘lgan darajasidan anchagina yuqori. Undan bu bosqichda ham g‘alaba kutmoqdaman.

Agarda Bahodir uchun barchasi joyida bo‘lsa, o‘zini yaxshi his qilsa va o‘z darajasini ko‘rsata olsa, Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritishga shubham yo‘q. Buni amalga oshirish uchun uning imkoniyatlari yetarli ekanligiga ishonaman. Umuman olganda Jalolov ushbu vazn toifasida yosh va eng kuchli bokschi hisoblanadi. Olimpiadadagi natijasidan qat’iy nazar men uni kelajakda professional boksda ham jahon chempioni bo‘lishiga ishonaman. Oltin medal uning uchun nimani anglatishi va bu qanchalik muhimligini yaxshi bilaman. Umid qilamanki u o‘z maqsdiga yetishadi", - deydi Lou DiBella saytimizga.

Ikkinchi tomondan esa final uchun bizga yaxshi tanish bo‘lgan Qozog‘iston vakili Kamshibek Konkabayev va amerikalik charm qo‘lqop ustasi Richard Torres o‘zaro jang olib boradi.

Bahodir uchun har ikkala bokschi ham notanish emas. 2019 yil Rossiyaning Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionati chorak finalida Jalolov Richard Torresni chuqur nokautga uchratib, jahon boks ommasi orasida keng muhokamaga sabab bo‘lgan edi.

Kamshibek Konkabayev va Bahodir Jalolov o‘zaro 7 marotaba to‘qnash kelgan. Ular o‘rtasidagi eng oxirgi jang joriy yilning may oyida Osiyo chempionati final bosqichida bo‘lib o‘tdi va unda hamyurtimizning qo‘li baland keldi. Hozirda hisob 4:3 Jalolov foydasiga. Agarda bu ikki bokschi Olimpiada finalida ham to‘g‘ri kelsa, bizni keskin va murosasiz bahs kutib turibdi.

Jalol Axmedov tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jalolovning promouteri Lou DiBella undan oltin medal kutmoqda