10:59 / 04.08.2021
2 583

Serquyosh Jarqo‘rg‘ondan ko‘hna Rimgacha. Eldor Shomurodov bosib o‘tgan yo‘l


Serquyosh O‘zbekistonning eng janubiy (ya’ni, eng issiq) viloyati Surxondaryoning Jarqo‘rg‘onidan chiqqan Eldor Shomurodov eng ko‘hna shaharlardan biri Rimning «Roma»siga o‘tdi. Ha, bu rost. «Roma»ning qanday klub ekanini yaxshiroq tushuntirish (garchi, bunga hojat bo‘lmasa-da) uchun jamoada dunyoning eng mashhur va benazir murabbiyi ishlashi, uning 94 yil avval tashkil etilgani, 3 karra A Seriya sohibi, 9 karra mamlakat Kubogi egasi va 2 karra Italiya Superkugobi g‘olibi ekanini aytish kifoya qiladi.

Klub tarkibida Karlo Anchelotti, Franchesko Totti, Kafu, Daniele de Rossi, Eden Jeko, Genrix Mxitaryan kabi ko‘plab o‘z ishining ustalari harakat qilgan va qilib kelmoqda. Xo‘sh, tortinchoqqina qora ko‘z o‘zbek yigiti bu jamoada qanday paydo bo‘lib qoldi? Quyida Eldor Shomurodovning «Roma»gacha bosib o‘tgan yo‘li haqida hikoya qilamiz.

Foto: «Daryo» / Husan Sobitov
Futboldagi ilk qadamlar va O‘zbekistondagi faoliyat
Futbolchilar oilasida dunyoga kelgan Eldor 6 yoshida millionlar o‘yinidagi ilk qadamlarini tashlaydi. 11 yoshida esa «Mash’al» akademiyasiga qabul qilinadi. Muborak klubida murabbiylaridan futbol sir-asrorlarini o‘rganishni boshlagan Eldor professional futboldagi debyutini 2014 yilda, 19 yoshida nishonlaydi. O‘sha yili O‘zbekiston Oliy Ligasida (hozirgi Superliga) 10 ta o‘yin o‘tkazadi va 2015 yilning boshida «Bunyodkor»ga o‘tadi. Eldor poytaxt klubida ham tezda o‘z o‘yinini topib oladi va asosiy tarkibdan joy oladi.

Shuningdek, u O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida ham yorqin o‘yinlar ko‘rsatadi va milliy jamoaga chaqiruv oladi. «Bunyodkor»da va termada jamoaviy yutuqlarga erishmagan bo‘lsa ham, u futbolchi sifatida o‘sadi va bir qator xorij klublarining e’tiboriga tushadi.

Rus o‘lkasining zabt etilishi

Foto: Twitter/@rostovfc
Bir qator arab klublarining moliyaviy tomondan yaxshi bo‘lgan shartnomalariga qaramay, Eldor va uning atrofidagilar Rossiyaning kam maosh to‘laydigan o‘rtamiyona klubi variantida to‘xtaladi. Ushbu qarorning qanchalik to‘g‘ri bo‘lganligi haqida esa ortiqcha gapirmagan ma’qul. Ammo Eldorning atletizmga ixtisoslashgan rus futboli va yangi jamoaga moslashishi oson kechmaydi. Hatto uni autsayder jamoalarga ijaraga berib yuborishlariga ham bir baxya qoladi.

Biroq rostovliklar boshqaruviga Valeriy Karpinning kelishi Shomurodovning foydasiga ishlaydi. Karpin Eldorda o‘ziga xos bo‘lgan jihatlarni ko‘ra oladi va uni jamoada olib qoladi. Shunga qaramay, Eldor uchun dastlabki ikki yil oson kechmaydi. Boisi, u maydonda o‘z pozitsiyasini topishga qiynaladi. «Bunyodkor»da chap qanot vingeri sifatida to‘p surgan bo‘lsa, Karpin uni «Rostov»da maydon markazidan tortib to qanot himoyachisigacha bo‘lgan pozitsiyalarda o‘ynatib ko‘rdi.

2019 yilda esa Osiyo Kubogi bo‘lib o‘tadi, terma jamoani musobaqaga Ektor Kuper olib boradi. Aynan Kuper Eldorni markaziy hujumchi rolida sinab ko‘radi va uni forvard sifatida kashf qiladi. Musobaqa, garchi, terma jamoa uchun muvaffaqiyatli o‘tmagan bo‘lsa ham, Eldor to‘rt o‘yinda to‘rtta gol uradi va o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirib oldi. Shu tariqa Eldor yaxshi sport formasida «Rostov»ga qaytadi.

Osiyo chempionatidan qaytgach, Valeriy Karpin Eldorga kinoya bilan shunday deydi: «Shoma, nima sen faqat Osiyo jamoalariga gol ura olasanmi?». Shundan keyin Shoma tom ma’noda porlaydi va Rossiya Premer Ligasida ketma-ket o‘yinlarda gollar ura boshlaydi. Shundan so‘ng rus matbuoti Eldor haqida bong uradi va u bilan qator intervyular tashkil qiladi.

Shuningdek, ushbu seriyali gollar unga «Shalke-04», «Shtutgart» va bir qator Yevropa klublarining e’tiborini tortishga yordam berdi. Biroq Eldor «Rostov» bilan xayrlashishga shoshilmadi. Keyin esa koronavirus pandemiyasi boshlandi va butun dunyoda futbol to‘xtab qoldi. Tanaffusdan so‘ng esa Eldor gol urishda oqsadi, u naq 208 kunni (16 ta o‘yin) «quruq» o‘tkazdi. Shunga qaramay, Rossiya futboli zabt etildi deb hisoblash mumkin edi. Endi yana olg‘a yurish vaqti kelgandi. Eldorning keyingi manzili Italiya A Seriyasi bo‘ldi.

Apenin yarim orolidagi davomli sarguzashtlar
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari orasida «Yuventus», «Inter», «Milan» kabi grand klublarning minglab muxlisini uchratish mumkin. 2020 yilning 1 oktabridan ular orasiga o‘rtamiyonadan ham pastroq darajada bo‘lgan «Jenoa» ham qo‘shildi. Chunki genuyaliklar Eldorni o‘z safiga qo‘shib olgandi. Shomaning kuchli beshlikka o‘tishi nafaqat O‘zbekiston, balki, Rossiya uchun tom ma’noda shov-shuvli voqea bo‘ldi. Boisi aksariyat hollarda transferlar teskari yo‘nalishda amalga oshirilardi.

Foto: Getty Images
Odatga ko‘ra, bu yerda ham moslashish jarayoni oson kechmadi, «Jenoa» o‘ta himoyaviy (himoyachilar esa juda no‘noq) va zerikarli o‘yin ko‘rsatar, ko‘pincha to‘p Eldorgacha yetib bormasdi. Ushbu holatda gollar haqida gapirishning hojati ham yo‘q edi. O‘sha kezlarda Eldorning salohiyatiga shubha bilan qaraganlar va hatto ushbu transferning katta xato bo‘lganini ta’kidlaganlar ham topildi. Biroq Shoma bu gaplarga parvo ham qilmasdan mehnat qilishdan va ishlashdan to‘xtamadi.

Shomurodov uzoq kutilgan gol(i)ni o‘zining «Jenoa»dagi to‘rtinchi o‘yinida, yangi murabbiy Davide Ballardini qo‘l ostida urdi. Mavsum yakunida esa bu gollarning soni 8 taga yetdi. Shuningdek, Eldor bitta samarali uzatmani ham o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Shu tariqa Eldor tanqidlarga munosib javob qaytardi va o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi.

Eldor «Jenoa»dagi o‘yinlari orqali gol ura olishdan tashqari jamoa uchun ham o‘ynay olishi va hujumkorroq tarkib bilan bundan-da yaxshiroq natijalar (ko‘proq gol) ko‘rsata olishi mumkinligini isbotlab ham qo‘ygandi. Aynan shu omillar tufayli unga qishda «Yuventus»dan ham qiziqish bo‘lgandi. Ammo yozga kelib «Roma» Eldor uchun 17,5 million sarfladi va u bilan 5 yillik bitim imzoladi.

Foto: «Roma»
Endilikda Eldor dunyoning top-klubida, top-murabbiy qo‘l ostida, top-o‘yinchilar bilan birga to‘p suradi. Shunday ekan, yangi mavsumdan boshlab «Roma»ning muxlislari ko‘payishiga hech qanday shubha yo‘q, boisi endi u yerda o‘zbekning Eldor Shomurodovi bor.

Ha, shunday, bu tush emas: «Roma» va «Shoma» birlashdi!
Forza, Eldor! Forza, «Jenoa», ma’zur tutasiz, «Roma»!

Muallif:Bilol Erkin

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Serquyosh Jarqo‘rg‘ondan ko‘hna Rimgacha. Eldor Shomurodov bosib o‘tgan yo‘l