23:56 / 09.08.2021
2 917

Bosh vazir Abdulla Aripov Olimpiadadagi nohaqliklar haqida gapirdi


O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Tokio—2020 Olimpiadasida ishtirok etgan mamlakat vakillarini tabrikladi va musobaqalardagi ayrim nohaqliklar haqida gapirdi.

- "Butun xalqimiz Olimpiada davomida sizlarning har bir chiqishingizni kuzatib bordi. Bugun bir narsani aytmasam bo‘lmaydi: umrim davomida hakamlikda hech qachon bunaqa adolatsizlikni ko‘rmaganman. Ming afsus, Miraziz Mirxalilov, Tursunoy Rahimova g‘alaba qozongan joyida, g‘alabani nomardlarcha raqibga berib yuborish uchun, bilmadim, qanaqa odam bo‘lish kerak. O‘sha insonlar butun xalqimiz g‘azabiga duchor bo‘ldi.

Lekin hurmatli Prezidentimiz tarbiyalagan, e’tibor bergan, niyat bildirgan va umid bilan kutgan sportchilarimiz bunaqangi nomardlarcha bo‘lgan hakamlikka ham bardosh berib, o‘zining bor irodasini bir mushtga yig‘ib, shunday zo‘r g‘alabalarga erishib qaytib keldi. Rahmat sizlarga!

Ochig‘ini aytganda, o‘sha nokas hakamlar Rioda g‘alabalarga erishgan bokschilarimizning irodasi shu janglardan keyin sinib ketadi deb o‘ylagan. Maqsadi ham shu bo‘lgan. Lekin Ulug‘bek Rashidov, Akbar Jo‘rayev va nihoyat oxirgi kunda Bahodir Jalolov hurmatli Prezidentimizga 2019 yil mustaqillik kunida bergan va’dasini bajardi.

Chin ko‘ngildan Davlat Bobonovni, Behzod Abdurahmonovni tabriklayman! Lekin o‘ylaymanki, Miraziz ham, Tursunoy ham xafa bo‘lishi kerak emas. Boshqa sportchilarimiz ham xafa bo‘lmasin. Hali oldimizda Parij Olimpiadasi bor. Parijda bor bo‘lgan kuchingizni, imkoniyatingizni, g‘ururingizni, haqiqiy O‘zbekiston vakili ekaningizni ko‘rsatishga imkon bor", - dedi O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov.

Boks bo‘yicha -57 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Mirazizbek Mirzaxalilov 1/8 finalda irlandiyalik Kyort Uokerga qarshi jangda ustunlikka ega bo‘lgan bo‘lsa-da, hakamlar g‘alabani raqib bokschisiga bergandi. -51 kg vazn toifasida ishtirok etgan Tursunoy Rahimova turkiyalik Naz Chaqiro‘g‘luga qarshi bahsida xuddi shunday nohalikka duch kelgandi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bosh vazir Abdulla Aripov Olimpiadadagi nohaqliklar haqida gapirdi