20:43 / 10.08.2021
2 015

Messi Parijda. Yil transferi tafsilotlari


5 avgust kuni «Barselona» Messi bilan shartnomani yangilay olmagani va u endi klubdan ketishini e’lon qildi. 8 avgust kuni futbolchi klub bilan rasman xayrlashdi.

Ushbu yulduz futbolchiga avvalboshdan ikki asosiy da’vogar bor edi: faqat ikki klub - Messining yaqin do‘stlari to‘p suradigan va moliyaviy tomondan baquvvat bo‘lgan «PSJ» hamda arab shayxlarining yana bir klubi, Messining yoshlikdagi ustozi Xosep Gvardiola ishlayotgan «Manchester Siti». Ammo «shaharliklar» Messi «Barselona»dan ketishi e’lon qilinishi arafasida angliyalik yarimhimoyachi Jek Grilishni 100 million funtga sotib oldi va poygadan chiqdi. Parij esa yana bir katta futbolchini erkin agent sifatida safiga qo‘shib oladigan bo‘ldi.

Messini Parijda 9 avgust kuni kutishgan, transfer shu kuniyoq e’lon qilinishi haqidagi xabarlardan keyin parijlik muxlislarning bir qismi aeroportni, boshqa qismi klub stadionini shturm qilishgandi. Ko‘p o‘tmay Messi hali Barselonadagi uyida, qadrdon do‘sti Suares va uning oilasi bilan dam olayotgani ma’lum bo‘ldi va muxlislar tarqalishdi.

Keyin esa fransiyalik fanatlarni yanada asabiylashtiradigan ma’lumot paydo bo‘ldi - Telefoot hamon Messi bilan kelishuvga erishilmagani, shu tufayli u Parijga uchmagani haqida xabar tarqatdi. U qadar ishonchli bo‘lmagan La Porteria manbasi esa «Barselona» Messiga yangi taklif bilan chiqqani, u hamon qolishi mumkinligi haqida ishonchsiz va shov-shuvli xabar tarqatdi.

Bunday xabarlar «PSJ» xo‘jayini Tamim ibn Hamadning ukasi Xalifa ibn Hamad tomonidan rad etilib, Messi bilan kelishuv 100 foizga hal bo‘lgani, u yaqin soatlar ichida Parijga uchib kelishini aytdi.

Bugun esa L'Equipe nashri argentinalik futbolchi ikki yillik shartnomaga imzo chekishi, kelishuv keyinroq yana uzaytirilishi mumkinligi haqida xabar tarqatdi. Leoning yillik maoshi miqdori 35 million yevroni tashkil etadi.

Bu ma’lumot taniqli sport insayderlari tomonidan tasdiqlandi. «Barchasi to‘g‘ri. Lionel Messi «PSJ» futbolchisi bo‘ladi. Barchasi so‘nggi lahzalarda hal qilindi», degan ispan futboliga ixtisoslashgan sport kolumnisti Gilem Balage.

Seshanba kuni kunduzi u rafiqasi va farzandlari bilan Kataloniya poytaxti aeroportiga keldi. Messi ayni vaqtda Barselonadan Parijga yetib kelgan. Parijda forvard tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va shundan keyin tomonlar shartnoma imzolaydi.

«U «Barselona» uchun o‘ynashda davom etmoqchi edi, ammo yakunda «PSJ»ga o‘tadigan bo‘ldi. Agar bu jamoa unga yoqsa, yana bir yil qolishi mumkin. Uning maqsadi «PSJ» bilan YECHLda va Argentina bilan Qatardagi jahon chempionatida munosib ishtirok etish», deya qo‘shimcha qilgan Balage.

Ayni vaqtda 34 yoshda bo‘lgan Messi «Barsa» bilan jami 36 sovrin qo‘lga kiritgan va jamoa libosida 778 o‘yin o‘tkazib, 672 gol urgan.

O‘tgan yil yozida ham Messi «Barselona»dan ketishni istagan, ammo klubning o‘sha vaqtdagi prezidenti Jozep Bartomeu iste’foga chiqarilishi sharti bilan qolishga rozi bo‘lgandi. Shu yil 1 iyul kuni uning klub bilan shartnomasi muddati yakunlandi va u erkin agentga aylandi. Shundan keyin ham u bilan yangi shartnoma tuzilishiga hech kimda shubha yo‘q edi, ammo bunday bo‘lib chiqmadi.

Shanba kuni Messi ko‘zda yosh bilan klubni tark etdi. Bugun u Parijda.
Parij klubi Messining samolyoti Fransiya poytaxtiga qo‘nishi bilanoq uning transferini anons qildi. Klub matbuoti tarqatgan rolikdan buni detallardan oson payqash mumkin edi: Argentina termasi emblemasi va Eyfel minorasi yonida terib qo‘yilgan olti «Oltin to‘p», hujjatlar imzolanishi va kiyim almashtirish xonasida Neymarning «o‘ninchi» va Mbappening «yettinchi» raqamli futbolkalari orasida yana bir futbolka.

Qarzlar yo‘l qo‘ymadi

Messining o‘zi maoshi ikki barobar qisqarishiga rozi bo‘lgani va «Barsa»da qolish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilgani haqida gapirdi, ammo La Liganing qat’iy qoidalari va «Barselona»ning 1 milliard yevrodan oshadigan qarzi tufayli shartnoma tuzishning imkoni bo‘lmadi.

Shu tufayli maosh ikki barobar qisqargan taqdirda ham «Barsa»da Messi bilan shartnomani yangilash imkoni bo‘lmadi. UYEFAning moliyaviy feyr-pley qoidasiga ko‘ra (futbol klublari o‘zi ishlab topgan puldan ko‘proq xarajat qilmasligi uchun tuzilgan qoida) klublar o‘z pul aylanmasining 70 foizidan ortiq qismini maoshlarga ajratishiga to‘g‘ri kelsa, yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi.

Messi bilan shartnoma tuzilsa, bu miqdor 100 foizdan oshgan bo‘lardi, hatto uni hisobga olmagan taqdirda ham hozirda «Barsa»da bu ko‘rsatkich 95 foizga teng bo‘lib turibdi va bunday vaziyatda shartnomani uzaytirishning imkoni yo‘q edi.

«Men Barselonaga juda yosh vaqtimda kelgandim. O‘shanda 13 yosh edim. Bugun esa 21 yil o‘tib rafiqam va uch farzandim bilan ketishga majburman. Klubdagi hammaga rahmat aytishim kerak, bu yerda tasavvur ham qilish qiyin bo‘lgan ajoyib kunlarni boshdan o‘tkazdim. Umid qilaman, nima qilib bo‘lsa ham, «Barselona»ga qaytib, klub dunyoda eng yaxshi bo‘lib qolishiga hissamni qo‘sha olaman», dedi futbolchi xayrlashuv marosimida ko‘z yoshlarini tiya olmasdan.

Messi Barselonaga bolaligida, 13 yoshida kelgan. Klub asosiy tarkibida 2004 yildan, 17 yoshidan o‘ynay boshlagan. Dastlab 30-raqamli futbolkada to‘p surgan futbolchi, ko‘p o‘tmay 10-raqamni o‘ziniki qilgan (Messi «PSJ»da ham 30-raqamda o‘ynamoqchi, Neymar unga 10-raqamini topshirmoqchi edi, ammo argentinalik «o‘nlik»ni brazil futbolchida qoldirdi).

Kelajakni xavf ostiga qo‘yib bo‘lmasdi
«Barsa» prezidenti Joan Laporta hatto Lionel Messidek futbolchi uchun ham klub kelajagini xavf ostiga qo‘yib bo‘lmasligini aytib o‘tdi.

Rasman Messining yillik maoshi miqdori 70 million yevro edi, ammo ispan klubi moliyaviy auditorlari u reklama daromadlari hisobiga bundan ikki barobar ko‘proq ishlab topganini hisoblashgan.

Messi o‘tgan yildayoq, klubning Chempionlar ligasidagi natijalaridan norozi bo‘lib ketmoqchi bo‘lgandi. «PSJ» - uning moliyaviy talablarini bajara oladigan yagona klub, uni «Barselona»dagi sobiq jamoadoshi Neymar ancha vaqtdan buyon o‘z oldiga chorlab kelardi.

Ammo o‘shanda Messi qolgan, oila a’zolari Kataloniyada yashashda davom etish istagini bildirgan, qolaversa, yangi rahbariyat YECHLda g‘olib chiqishga qodir yangi loyihani va’da qilgandi.

«PSJ» moliyaviy feyr-pleyni buzmagan holda qanday qilib transferni rasmiylashtiradi?
«Pari Sen-Jermen» uchun bu transfer - foydali kelishuv. Ular bir yil oldin Messi uchun 500 mln yevro investitsiya qilib, ko‘p muddatli majburiyat olishga tayyor edi, hozir esa futbolchi erkin agent sifatida ancha arzonga tushadigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, Ispaniyadagi Marca nashrining yozishicha, Yevropa komissiyasi transferni to‘xtatish uchun shikoyat yo‘llagan. Nashr tanishib chiqqan hujjatda qayd etilishicha, bunday shikoyatga «PSJ»dagi moliyaviy holat va klub tomonidan moliyaviy feyr-pley buzilishi ehtimoli asos bo‘lgan.

«2019/2020 yilgi mavsumda «PSJ» daromadlarining 99 foizi futbolchilarga maosh to‘lash uchun sarflangan», deydi hujjat mualliflari.

Bu shikoyat Messi va «PSJ» shartnomasiga qanday ta’sir ko‘rsatishi hozircha noma’lum. Qayd etish kerakki, Messining Parijdagi maoshi miqdori Barselonadagidan kamroq bo‘ladi.

The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, Leoga 25 mln yevro miqdorida maosh tayinlab, yana shuncha miqdorda bonus belgilashadi. L’Equipe esa yiliga 40 mln yevro haqida, insayder Fabritsio Romano — 35 mln yevro (soliqlar chiqarib tashlanganda) va bonuslar haqida yozgan.

Qolaversa, bu yil «PSJ» nihoyat Neymar transferi uchun qarzni uzadi: klub har yili 44,4 mln yevrodan to‘lab kelayotgandi. Bu Mbappega ham taalluqli — uning uchun 35 mln yevrodan to‘lab kelishgan. Ha, bu xarajatlar yangi mavsum hisobotida ham aks etadi, ammo keyingi yildan bunday xarajatlar bo‘lmaydi va bu maoshlar vedomostini sezilarli darajada yengillashtiradi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, «PSJ» barchasi moliyaviy feyr-pleyga to‘g‘ri kelishi uchun, futbolchilar transferidan 180 mln yevro ishlab topishni mo‘ljallagan (Mbappeni sotmasdan).

Va nihoyat, klub Messining transferidan tijoriy jihatdan katta foyda ko‘radi — kamida uning futbolkalari sotuvidan.
Klub yaqin orada yangi xaridini rasman e’lon qiladi va Eyfel minorasida uning taqdimotini o‘tkazadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Messi Parijda. Yil transferi tafsilotlari