17:23 / 11.08.2021
2 653

Portugaliyalik Bruno: "Mourino o‘zi bilmagan o‘yinchiga pul sarflashni yoqtirmaydi, u Shomurodovda boshqa jihatlarini ham ko‘ra oldi"


Jahon futbolida portugaliyaliklarning alohida o‘rni bor. U yerdan futbol olami uchun yetishib chiqqan murabbiy-u, futbolchilarga bir qarang! Bunga birgina Mourino bilan Ronaldu yaqqol misol bo‘la oladi. Eskitdan portugaliyalik murabbiy va futbolchilar kuchli bo‘lib kelishgan.

Hamyurtimiz Eldor Shomurodovning “Roma”da aynan Joze Mourino qo‘l ostida to‘p surishi ham bejiz emas. Bu borada ham ko‘plab mutaxassislar o‘z fikrlarini bildiryapti.

Sports.uz muxbiri aynan portugaliyalik mutaxassislardan biri bilan qiziqarli suhbat uyushtirish maqsadida yurtimiz futbolidan oz-moz xabardor bo‘lgan Bruno Pereyraga aloqaga chiqdi. 40 yoshli mutaxassis Portugaliyaning bir qator klublarida mehnat qilgan. Qolaversa, Saudiya Arabistoni, BAA va Ummon chempionatlarida ham bosh murabbiylik qilgan holda muvaffaqiyatlarga erishgan. Pereyra Portugaliyaning Modeyra orolidan. Ya’ni, Krishtianu Ronaldu bilan hamshahar.

- Janob Pereyra, siz Portugaliyaning Modeyra orolidansiz. Bilamizki, u yerda Krishtianu Ronaldu voyaga yetgan. Ayting-chi, futbolchining ona shahrida mavqei qanday? Uning tug‘ilib o‘sgan maskaniga yordam berayotgani rostmi?
- Ha, siz to‘g‘ri aytib o‘tdingiz, men Modeyrada, Ronaldu bilan bitta joyda tug‘ilganman. Modeyra shahri – bu Modeyra orollarining poytaxti hisoblanadi. Albatta, bizning shaharni rivojlanishida Ronalduning hissasi juda katta. Chunki uning shu yerdan chiqqani va aynan Modeyrada tavallud topgani Portugaliyada Modeyraning eng turistbop shaharga aylanishida katta o‘rin tutdi. Ronaldu shahar uchun juda yaxshi reklama bo‘la oldi. Bu yerda ajoyib ob-havo, turli xil mazali taomlar, yaxshi joylashuv tufayli ham bu yerga turistlar yana va yana kelaveradilar. O‘zingiz ham Ronalduning ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalariga kirsangiz aynan Modeyradan ko‘plab rasmlarni joylaydi. Shu jihatdan ham Krishtianuning dunyo bo‘yicha mashhur bo‘lishida Modeyraning ham katta yordami bor.

- Ronaldu va Mourino bilan shaxsan tanishmisiz?
- To‘g‘risini aytsam, Ronaldu va Mourino bilan shaxsan tanish emasman. Agar men ular bilan yaqindan tanish bo‘lganimda bu faxrli bo‘lardi. Ular Portugaliyadagi yirik nomlar. Dunyodagi mashhur insonlardan ikkitasi haqida gapiryapmiz. “Braga”ga kelmasimdan avval Ronalduning akasi bilan tanish edim. Bu meni Ronalduga eng yaqin bo‘lgan tarafim.

- Sizningcha, Mourinoning “Roma”ga kelishi klub imidjini oshiradimi?
- Albatta. Nima uchun “Roma”da muvaffaqiyatga erisha olmasligi kerak? Mourino dunyo darajasidagi murabbiy. Uning qilgan ishlari va natijalarini yaxshi bilamiz. “Inter” bilan amalga oshirgan trebli, Angliyadagi muvaffaqiyatli faoliyati, “Real”dagi yillari...To‘g‘ri, Angliyadagi so‘nggi sovrinini “Manchester Yunayted”da qo‘lga kiritgandi. Baribir u o‘ziga xos uslubga ega bo‘lgan kuchli murabbiy. “Roma”ni o‘zgartira oladi. Portugaliya futbol murabbiylar maktabining eng yorqin namoyondalaridan biri. “Roma”da Paolo Fonsekaning o‘rnini egalladi. Fonseka ham kuchli murabbiy. Uning faoliyati va ish uslubi bilan yaqindan tanishman. Aytishim mumkinki, bu murabbiyning hujumkor futbolni yaxshi ko‘rishi, jamoasini qanday holatda ko‘rishni istashi, qanday tayyorlashi, bunday uslub mening murabbiylik falsafamda ham bor. Baribir Mourino – bu Mourino. Uni ko‘proq konservativ murabbiy degan bo‘lardim. Uning o‘ziga xos qaysar uslubi bor.

- Eshitgan bo‘lsangiz, Mourino “Roma”ga o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovni olib keldi. Bu futbolchi haqida nimalarni bilasiz?
- Ha, Eldor haqida eshitdim, u “Roma” bilan shartnoma imzolagan. Mourino qaysidir futbolchini xarid qildimi, uning sifatiga, xarakteriga to‘liq ishongani uchun o‘z jamoasiga taklif etadi. Eldorni o‘tgan mavsumdagi o‘yinlarini ko‘rgandim. “Jenoa”da 8 ta gol urdi. Shomurodov sifatli futbolchi. Bo‘yi baland. Gavdasi kattaligiga qaramasdan juda tez va o‘z gavdasidan to‘g‘ri foydalana oladi. To‘pni o‘zida yaxshi ushlab tura oladi. Kerak paytda tezlashib, himoyachilardan qochishni uddalay oladi. Gollarni yaxshi his qiladi. Mourino o‘zi bilmagan va o‘zi ishonmagan futbolchini xarid qilmaydi.

- Mourinoning aynan qanday injiq tomonlari bor? Shomurodov uning jamoasida qanaqa rolda bo‘ladi deb o‘ylaysiz? Murabbiyning ishonchini qozonish uchun futbolchimizga katta bosim o‘tkazadimi?
- Boya aytganimdek, Mourino Shomurodovga ishongani uchun taklif qildi. Joze o‘zi bilmagan va ishonmagan o‘yinchiga pul sarflashni yoqtirmaydigan murabbiy. Shomurodovni faqat hujumchi sifatida emas, uning boshqa jihatlarini ham ko‘ra olgan deb o‘ylayman. O‘zim ham sezdim, Eldor faqatgina markaziy hujumchi sifatida emas, balki boshqa vazifalarni ham yaxshi bajara oladi.   

- Endi bevosita faoliyatingiz haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, Portugaliya klublaridan tashqari Saudiya Arabistoni, BAA, Ummon kabi chempionatlarda ham ishlagansiz. Ayting-chi, arab dunyosida faoliyat olib borganingiz sizga nima berdi? Moddiy tomondan yaxshi ta’minotmi yoki tajriba?!
- To‘g‘ri ta’kidladingiz, men Portugaliyaning ko‘plab jamoalarida ishlaganman. Murabbiylik faoliyatim ancha erta boshlangan. Bir necha yillar yordamchi murabbiy sifatida ishlaganman. 27 yoshimda Portugaliyaning ikkinchi divizon klubida bosh murabbiy sifatida faoliyatimni boshlaganman. Bu men uchun katta maktab bo‘lgan davrlar. Shuningdek, Portugaliyada yoshlar jamoalarida ham ishlaganman. Men yordamchi murabbiy bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan katta klub va murabbiylardan biri sifatida “Monako”da jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshira olgan portugaliyalik Leonardo Jardim hisoblanadi. Bu mutaxassis bilan yonma-yon ishlash men uchun katta tajriba bo‘lgan.

Savolingiz to‘g‘ri, keyinchalik men Yaqin Sharq mamlakatlarida bir necha muddat faoliyat olib bordim. To‘g‘risi, sayohatlar, turli mamlakatlar madaniyatini o‘rganish doim yoqqan. Har safar shu narsaga o‘zimda extiyoj sezaman. O‘zimni turli mamlakatlar va ularning madaniyatiga oson ko‘nikib keta oladigan, tezda moslashadigan inson deb bilaman. 20 dan ortiq davlatlarda bo‘lganman. U yerlarda murabbiy sifatida ishlaganman va yashaganman. Bu aslida biz murabbiylarga kerak bo‘lgan jihat. Chunki jamoangizda yangi falsafalarni qo‘llash, ularni doim ruhlantirib turish uchun siz dunyo miqyosida tajribaga ega bo‘lishingiz kerak bo‘ladi. Shu boisdan mana shu tajriba doim menga qo‘l keladi deb o‘ylayman.

- Bir necha yil oldin hamyurtimiz Sardor Rashidov Modeyra orolida “Nasonal” jamoasida to‘p surgan. Buni bilasizmi?
- Ha, Rashidov haqida bilaman va u xususida ozmi-ko‘pmi ma’lumotga egaman. Adashmasam, bu futbolchi ma’lum muddat Yaqin Sharq jamoalarida ham to‘p surishga erishgandi. Shundan keyin “Nasonal”ga keldi. Bu yerda qisqa muddat faoliyat olib bordi. Sardor juda yaxshi hujumchi, sifatli o‘yinchi. U ajoyib texnikaga ega. Bu o‘yinchini chap oyog‘idagi kuchli zarbalari bilan eslab qolganman. Bir so‘z bilan aytganda, Rashidov yaxshi darajadagi hujumchi. U haqda menda iliq taassurotlar shakllangan.

- Umuman aytganda, o‘zbek futboli bilan tanishmisiz? Yana nimalarni bilasiz?
- Futbol aslida butun dunyoda deyarli bir xil. Men katta farq bo‘ladi deb o‘ylamayman. To‘g‘ri, ba’zi-bir o‘zgarishlar, mentalitet bilan bog‘liq farqlanishlar bo‘lishi mumkin. O‘zbek futboli haqida nima deyishim mumkin? “Paxtakor” to‘g‘risida yaxshi bilaman. Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” klubida ishlagan paytimda ularga qarshi Toshkentda o‘ynagandik. “Paxtakor” yaxshi klub. Bir vaqtlar “Bunyodkor” kuchli tarkibga ega edi. O‘zbek futboli to‘g‘risida faqat yaxshi narsalarni aytishim mumkin. “Al-Nassr”ga qarshi uchrashuvlarda ham “Paxtakor”ning o‘yinlarini ko‘rganman. “Paxtakor” bilan “Bunyodkor” o‘zbek futbolining imidjini belgilab beradi.

Futbolingizni yaxshi deb aytishim mumkin. Balki ichki chempionatingiz xususida to‘liq bilmasligim mumkin. Ammo o‘sha ikkala jamoa o‘zbek futboli va liganing nimalarga qodirligini ko‘rsatib beradi. Shuningdek, Mikael Sekeyraning “Lokomotiv”da ishlayotgani haqida eshitdim. U bilan biroz tanishman. Ya’ni, 2016 yilda Portugaliya klubini tark etganida men uning o‘rniga bosh murabbiy etib tayinlanganman. U ham men kabi “Braga” jamoasida ishlagan. Tajribaga ega mutaxassis. Shaxsan tanish bo‘lmasam-da, Sekeyraning ishlaridan ozmi-ko‘pmi ma’lumotga egaman. Sekeyraning O‘zbekistondagi faoliyati muvaffaqiyatli chiqishi portugaliyalik mutaxassislarni sizning chempionatingizga yo‘l ochib beradi deb o‘ylayman.

- Hozirgi ish faoliyatingiz qayerda davom etyapti? Murabbiylik ishingizdan qoniqyapsizmi?
- Hozir erkin agentman. So‘nggi marta Ummon klubida ishlagandim. Biz u yerda o‘ziga xos tarix yarata oldik. O‘rtamiyona jamoa edi. 40 yildan ortiq vaqt davomida Ummon chempioni bo‘lmagandi. Kelishimdan avval klub 6-7 ta uchrashuvda ketma-ket muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. U yerga meni taklif qilishganidan keyin 20 ta bellashuvda mag‘lubiyatsiz o‘yin o‘tkazdik. Yakunda chempionatni birinchi o‘rinda tugatishga muvaffaq bo‘lgandik. Yaxshi tarix yaratgandik. Hozir o‘z ustimda mehnat qilyapman. Yangi loyihalar ustida o‘ylayapman.

- Sizda O‘zbekistonda ishlash imkoniyati bo‘lganmi? O‘zingizni mamlakatimizda qanday tasavvur qilasiz?
- Hozircha O‘zbekistonda murabbiy sifatida ishlash bo‘yicha taklif kelib tushmagan. Yurtingizga bir marta, hali bosh murabbiy bo‘lmasimdan avval tashrif buyurganman, “Paxtakor”ga qarshi o‘yin uchun. Lekin men chaqiriqlardan hech qachon qochmayman. O‘zbekistonda ishlagan taqdirimda muvaffaqiyatga erisha olaman deb o‘ylayman. Chunki Yaqin Sharqda ishlash ham oson emasdi. U yerlarda esa kerakli natijalarni qo‘lga kirita oldim. O‘zingga bo‘lgan ishonch – bu muvaffaqiyatning onasi deb aytsak ham bo‘ladi.

- Ronaldu – Messi! Kim kuchli degan savol har doim qizg‘in muhokama qilinadi. Sizning javobingiz qanday?
- Qiyin savol. Ronaldu va Messini solishtirish noto‘g‘ri. Ikkalasi ham birinchi o‘rinni bo‘lishib turishadi. Ronaldu haqida gapirsak, u gol-mashina. To‘xtamaydigan robotdek gol uradi. Messi esa tug‘ma talant. Yaratuvchanlik qobiliyatiga ega. Uni sehrgar desak ham bo‘ladi. Ikkisi ham dunyo futboli tarixida eng zo‘r futbolchi nomini bo‘lishib turishga loyiq. Ronaldu yoshi 36 ga yetgan bo‘lsa ham hamon yuqori formada. To‘purarligini turli musobaqalarda davom ettiryapti. Kelgusi ikki-uch yilda ham mana shu tempni ushlab qola oladi.

- Portugaliyada odamlar o‘zbek futboli haqida qanday fikrda?
- Bu savolga javob berishim qiyin. O‘zbekiston haqida Portugaliyada nima deb o‘ylashlarini to‘g‘risi bilmayman. Chunki bu olisdagi davlat. O‘zimda ham katta taassurot yo‘q. Men borgan paytimda O‘zbekistonda sovuq edi. Balki ko‘pincha bunday holat bo‘lmas. Asosan atrofimizdagi mamlakatlar haqida gaplashamiz. Misol uchun Ispaniya haqida ko‘p gapiramiz.
 
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Portugaliyalik Bruno: "Mourino o‘zi bilmagan o‘yinchiga pul sarflashni yoqtirmaydi, u Shomurodovda boshqa jihatlarini ham ko‘ra oldi"