21:30 / 14.08.2021
2 894

"Yangi bosh murabbiy borasida xato o‘ylamagan ekanman..." - Ikrom Aliboyev terma jamoa haqida

"Yangi bosh murabbiy borasida xato o‘ylamagan ekanman..." - Ikrom Aliboyev terma jamoa haqida
Janubiy Koreya K-2 ligasida “Tedjon Sitizen” jamoasi sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz Ikrom Aliboyev ayni paytda yaxshi sport formasiga kirib olgan.

Bilasiz, ushbu legionerimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham o‘z o‘rniga ega. Og‘ir jarohatdan keyin u yana maydonga qayta oldi va terma jamoamizda ham yana ko‘rinish berganini aytish joiz. Tabiiyki, bosh jamoamizda Srechko Katanetsning ish boshlash arafasida turgani Ikrom Aliboyevni ham befarq qoldirgani yo‘q. Shu bois milliy termamiz a’zosi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Anchadan beri milliy terma jamoamizni qaysi murabbiy boshqarishi barchamizni qiziqtirayotgandi. Nihoyat, O‘FA bu borada Srechko Katanes variantida to‘xtalganini ma’lum qildi. Terma jamoa futbolchisi sifatida bosh murabbiy masalasida shaxsiy qarashingiz qanday?
- Bu tanlov biz uchun yaxshi bo‘lsa kerak, deb umid qilaman. Ammo hali ushbu mutaxassis borasida ko‘p ma’lumotga ega emasman. Rahbariyat shu variantni ma’qul ko‘rgan ekan, bu biz uchun yaxshi bo‘lishini o‘ylashgan, albatta.

- O‘zingiz ham bunga qadar bosh jamoamizni kim boshqararkin, deya qiziqqanmidingiz? Sir bo‘lmasa, qaysi murabbiylarni taxmin qilayotgandingiz?
- Albatta, milliy terma jamoamizni boshqaradigan yangi mutaxassisning kim bo‘lishi ham men uchun qiziq edi. Biroq bu borada menda aniq bir taxmin yo‘q edi. Shunga qaramasdan, yangi bosh murabbiy xorijdan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayotgandim. Demak, bu vaziyatda xato o‘ylamagan ekanman.

- Srechko Katanes nomzodi terma jamoamiz va umuman futbolimiz uchun har taraflama mos tushadi, deb o‘ylaysizmi?
- Bilasizmi, men hali bu murabbiy haqida ko‘p ma’lumotga ega emasman. Uning qanchalik mos tushishini bilmayman-u, lekin terma jamoamiz o‘yiniga anchagina yangiliklar kiritsa kerak.

- Terma jamoamizning Vadim Abramov boshchiligida o‘ta muvaffaqiyatsiz ishtirokidan keyin tanqidlar ko‘paydi. Bu borada siz muammoning asl sababi sifatida nimani ayta olasiz?
- Bu xususida ko‘p to‘xtalib o‘tirmoqchi emasman. Muammo Saudiya Arabistoniga mag‘lub bo‘lganimiz.

- Sizningcha, o‘zimizda terma jamoa bilan muvaffaqiyatlarga erisha oladigan mahalliy murabbiy bormi? Yoki xorijlik mutaxassis ishlagani siz uchun ham qulaymi?
- Albatta, o‘zimizda ham yaxshi saviyali murabbiylar bor. Lekin hozirgi paytda futbolimizga chet eldan murabbiy bo‘lgani ma’qul edi. Chunki xorijlik mutaxassis xohlaysizmi-yo‘qmi, yangi qon olib keladi.

- O‘zbekiston terma jamosining jahon chempionati uchinchi saralash bosqichiga chiqa olmagani Koreyada qanday qabul qilindi?
- Hayron qolishdi, albatta. Ammo klubimdagilar xursand ham bo‘lishdi. Nega deganda, ular meni terma jamoaga qo‘yib yuborishsa, klubdagi ko‘p o‘yinlarni o‘tkazib yuboryapman, karantin sabab. O‘sha tomondan xazil qilib, yaxshi bo‘libdi deyishdi, biroq bu holat menga umuman yoqmadi.

- Odil Ahmedovning terma jamoadagi faoliyatini yakunlagani biz uchun katta yo‘qotishmi yoki endi uning o‘rnini bemalol to‘ldira oladigan o‘yinchilarimiz bormi?
- Shubhasiz, Odil Ahmedovdek futbolchining termadan ketgani biz uchun katta yo‘qotish. Odil aka ulkan tajribaga ega edi, yoshlarga har jabhada o‘rnak bo‘lardi. Lekin bu – futbol. Bugun bo‘lmasa baribir ertaga termadagi ishtirokini yakunlardi. Shunday ekan, uning o‘rnini endi yoshlar bosishi kerak. Ulardan biri - Aziz G‘aniyev. Agar jarohatlar uni bezovta qilmasa terma uchun Odil Ahmedov darajasidagi o‘yinchi bo‘ladi.

- Yaqinda terma jamoamiz Shveysiya bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazadi va bu yaxshi yangilik. Ushbu o‘yin bizga nima beradi?
- Bu juda ham zo‘r yangilik. Jahonda o‘z o‘rniga ega jamoa bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazish termamiz uchun ulkan tajriba maktabini o‘tab beradi. Mana shunday termalar misolida yana bir bor qanchalik oldinga o‘sishimiz kerakligini bilib olamiz. FIFA kunlarida shu kabi terma jamoalarga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazilishini xohlardim.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Yangi bosh murabbiy borasida xato o‘ylamagan ekanman..." - Ikrom Aliboyev terma jamoa haqida