23:26 / 15.08.2021
2 220

Ro‘ziqul Berdiyev: "Ba’zi futbolchilarga maqtov salbiy ta’sir qiladi"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Ba’zi futbolchilarga maqtov salbiy ta’sir qiladi"
Coca-Cola Superliganing 15-turidan o‘rin olgan AGMK - "Nasaf" (1:1) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O‘yin haqida
- Yigitlar oxirigacha kurashishdi. Bir ochkoni qo‘lga kiritdik, bu yomon emas. Chunki safarda AGMK bilan durang bu qoniqarli natija hisoblanadi. Albatta birinchi bo‘limda penaltidan gol ura olganimizda balki o‘yin boshqacha tus olishi mumkin edi.

- Ro‘ziqul aka, "Nasaf" tarkibi ikkinchi davra oldidan imkon qadar kuchaytirildi. Jamoa bu mavsumda o‘zi ishtirok etayotgan musobaqalarda qanday cho‘qqini zabt etishi mumkin deb hisoblaysiz?
- Mavsum boshida jamoani bir qator yetakchi futbolchilar tark etdi. Albatta biz ularni saqlab qolishga uringandik. Shunday bo‘lsa ham yoshlarga imkon berdik, shuningdek ikkinchi davra oldidan jamoamizga bir qator tajribali futbolchilarni taklif etdik. "Nasaf"da raqobatni kuchaytirish kerak, chunki bir tarkib bilan natija qilish qiyin. Biz har doimgidek oldimizga yuqori maqsadlarni qo‘yamiz va har bir musobaqada oxirigacha kurashamiz. Hozirda asosiy e’tiborimiz OFK kubogi o‘yinlariga qaratiladi.

- Oybek Bozorovning oxirgi 3 ta turdagi o‘yini Nasrullayev maydonda yo‘qligi bilan bog‘liqmi?
- Nasrullayevning yo‘qligi jamoa o‘yiniga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmayapti. Nasrullayev va Akmal Mozgavoylar bizni yetakchi futbolchilarimiz hisoblanishar edi. Bir narsani ta’kidlash joiz, muxlislar va jurnalistlar buni e’tibordan chetda qoldirishmasin. Biz futbolchilarni erkalatib yubormasligimiz zarur. Ba’zi futbolchilarga maqtov salbiy ta’sir qiladi. Oybek Bozorov juda qobiliyatli futbolchi. Uning iqtidoriga gap bo‘lishi mumkin emas, lekin uning bu mavsumdagi o‘yini o‘zini ham, bizni ham qoniqtirmayapti. Biz u bilan alohida gaplashdik. Futbolchi darajani ushlab turishi va o‘sishga intilishi kerak. Oybek Bozorov yuqori potensialga ega futbolchi, lekin unda pasayish bo‘layotganini barchamiz ko‘rib turibmiz.

- Oxirgi 3 ta o‘yinda 1 ochko OFK kubogi oldidan jamoaning ichki muhitiga qanday ta’sir qilishi mumkin?
- Jamoamiz bilan hammasi joyida, yigitlarda kayfiyat yaxshi. Safar o‘yinlarida kuchli raqiblarga to‘qnash keldik, lekin ularning barchasi bilan munosib o‘ynadik. Yigitlar har o‘yinda maksimal darajada harakat qilishayapti.

- "Ahal" klubiga qarshi OFK kubogi o‘yinidan oldin jamoa "Metallurg"ga qarshi o‘ynaydi. Bu o‘yinda rotatsiyalarga qo‘l urasizmi?
- Yo‘q, bizda rotatsiya qilish uchun imkoniyat katta emas. Ko‘rib turibsizlar, 12-13 nafar futbolchi muntazam o‘ynab kelayapti. Albatta shu sabab tarkibga yangi futbolchilarni jalb etdik. "Metallurg" bilan o‘yin orqali OFK kubogiga tayyorgarlik ko‘ramiz.

- Hozirda Umidjon Ergashev "Nasaf"ning birinchi raqamli darvozaboni hisoblanadimi yoki bu rotatsiyami?
- Buni rotatsiya desa ham bo‘ladi. Ergashev va Ne’matovlarning darajasi bir xil deb hisoblayman. Agar Abduvohidda jarohatlar yuzaga kelmasa kubok o‘yinlarida aynan unga imkon beramiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Ba’zi futbolchilarga maqtov salbiy ta’sir qiladi"