12:21 / 18.08.2021
2 623

Mourino g‘alaba mashinasini yaratmoqda va unda asosiy ishni Shomurodov bajarishi kerak!

Mourino g‘alaba mashinasini yaratmoqda va unda asosiy ishni Shomurodov bajarishi kerak!
“Roma” uchun A Seriya musobaqasi 22 avgust kuni o‘z maydonida “Fiorentina”ga qarshi o‘yin bilan boshlanadi. Mavsum uzoq va mashaqqatli. Rimliklar Joze Mourinoni bejizga taklif qilgani yo‘q. Poytaxt klubi yuqori o‘rinlar uchun kurashib, UYEFA Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni mo‘ljallamoqda. Zotan, Mourino darajasidagi murabbiy o‘z oldiga ulkan maqsad qo‘ymagan jamoani qabul qilmaydi.

Joze Mourino ishni tarkibni o‘ziga moslab olishdan boshladi. O‘ziga ma’qul kelmagan futbolchilar o‘rniga, darvozabondan tortib, hujumchigacha tanlab-tanlab yangi ijrochilar – darvozabon Ruy Patrisiu, himoyachilar Rojer Ibanes, Brayan Reynolds, Matias Vina, hujumchilardan Eldor Shomurodov va Temmi Abraxamni oldi.

“Roma” mutasaddilari yana bir necha transfer bo‘yicha ish olib bormoqda va yana yangi futbolchilar kelishi kutilmoqda.

Zamonaviy futbolda jamoa muvaffaqiyatini ko‘proq hujumchilar saviyasi va ularning samarali o‘yini belgilaydi. Boshlanayotgan mavsumda rimliklar hujumida yangi o‘yinchilar – Temmi Abraxam va Eldor Shomurodov o‘zini ko‘rsatishi kutilmoqda.

Joze klubning hozircha oxirgi transferi bo‘lib turgan Temmi Abraxam nega taklif etilganiga quyidagicha izoh berdi.
- Haqiqat shuki, biz mavsumga Edin Jeko jamoada qolishini inobatga olgan holda tayyorlanayotgan edik. Uning ketishi syurpriz bo‘ldi. O‘rniga “Chelsi”dan Abraxamni oldik. Men uni bolaligidan bilaman. Ingliz futbolchilariga premer-ligadan ketish doimo qiyin bo‘lgan. Ular shu qadamni tashladimi, demak o‘z oldiga katta maqsad qo‘ygan bo‘ladi. Abraxam ko‘p angliyalik futbolchilar o‘zini ko‘rsata olmagan chempionatga keldi. Uning maqsadi “Roma”dagi o‘yinlari bilan Angliya terma jamoasiga qaytib, jahon chempionatida ishtirok etish, - dedi Mourino.

Portugaliyalik mutaxassis “Roma”ni o‘z uslubiga moslashtirmasligi va biroz boshqacha yo‘l tutishini yashirmadi.
- “Roma” ishtirokida Mourinoning o‘yin uslubini ko‘rmaysizlar. “Roma” o‘z g‘alabalari bilan muxlislarni xursand qiladigan jamoaga aylanadi, - dedi bosh murabbiy.

“Roma” hujumkor o‘yin namoyish etmoqchi. Tabiiyki, bu jarayonda oldingi chiziqda o‘ynaydigan futbolchilarga ko‘p bosim tushadi. Hamyurtimiz Eldor Shomurodov ana shu bosimni yengillashtirishi kerak bo‘lgan ijrochi sifatida muhim figuraga aylanishi kutilyapti.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Shomurodovning “Roma”ga kelishi ko‘pchilik uchun umuman kutilmagan transfer bo‘ldi. Bu o‘yinchi Mourino qo‘llaydigan taktikaga juda mos va maydon markazidan raqib darvozasigacha bo‘lgan hududda rimliklarning ustunligini ta’minlashga qodir. Eldorning mehnatkashligi va to‘psiz harakat qilishda faolligi Mourinoning e’tiborini qozongan va uni aynan portugaliyalik mutaxassis tanlagani aytilmoqda. Demak, Jozening legionerimiz bo‘yicha aniq rejasi va maqsadi bor.

Bundan tashqari, hujumchimizning keng maydon bo‘ylab samarali harakat qilishi va qulay pozitsiyaga yaxshi ochilishi, jarima maydonchasiga yorib kirishi, tezkorligi, raqib himoyasini bosimda ushlab turishi ham “Roma” qo‘llayotgan o‘yin uslubiga juda mos tushishi alohida e’tirof etilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, start olayotgan A Seriya “Roma”ga ham, Mourinoga ham, Shomurodovga ham yangi sinov bosqichi hisoblanadi. Shubhasiz, bu jamoa ko‘rsatadigan o‘yin, erishadigan natijalar butun dunyo bo‘ylab, futbol muxlislari e’tiborida bo‘ladi.

Biz esa, “Roma”dagi faoliyat Eldorning yanada yuqori cho‘qqilarga ko‘tarilishida o‘ziga xos tramplin bo‘lishiga umid qilamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mourino g‘alaba mashinasini yaratmoqda va unda asosiy ishni Shomurodov bajarishi kerak!