11:31 / 20.08.2021
2 846

Mourinoni qutqargan Shomurodovning o‘yini Italiyada qanday baholanyapti?

Mourinoni qutqargan Shomurodovning o‘yini Italiyada qanday baholanyapti?
Eldor Shomurodov bir kechada Rim qahramoniga aylandi. UYEFA Konferensiya ligasi pley-off bosqichining dastlabki uchrashuvida “Trabzonspor” darvozasiga g‘alaba to‘pini kiritgan o‘zbekistonlik futbolchi haqida Italiya matbuoti tinimsiz yoza boshladi.

Ha, Eldorning rasmiy debyuti juda muvaffaqiyatli chiqdi, qolaversa, legionerimiz “Roma”ning mavsumdagi ilk uchrashuvida g‘alabani ta’minlash orqali barchaning diqqat-markazida turgan bosh murabbiy Joze Mourinoning ham yuzini yorug‘ qildi.

E’tiboringizga Italiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari tomonidan Eldor Shomurodov haqida e’lon qilingan munosabatlarni havola etamiz.

Salciomercato
Shomurodov uchrashuvning 75 daqiqasi davomida arvohdek ko‘zga ko‘rinmadi va hech narsa bilan o‘zini ko‘rsatmadi. Lekin keyin o‘zini hujumdagi yirtqich singari namoyish qildi. U Manchinining zarbasidan so‘ng, ustunga tegib qaytgan to‘pni darvoza to‘riga joylay oldi. Shomurodov 10 balli tizimda 6 bahoga loyiq o‘yin ko‘rsatdi.

Eurosport Italia
Shomurodov ikki marta o‘yinga qo‘shildi va bu vaziyatlarda gol bo‘lishi kerak edi. Avvaliga hujumga o‘tgan Rik Karsdorpni qulay pozitsiyaga chiqardi. Biroq zarba darvoza to‘riga tashqi tomondan tegdi. Lekin ikkinchi vaziyatda Shomurodov mezbonlar darvozasini ishg‘ol qilib, “Roma”ga ustunlikni qaytardi.

Forzaroma
Shomurodov og‘ir kechgan debyut uchrashuvini g‘alaba goli bilan nishonladi. Turkiya klublariga qarshi safarda to‘p tepish juda mushkul vazifa. Ayniqsa, qattiq qarshilikka duch keladigan hujum chizig‘i vakillariga qiyin bo‘ladi. Eldorga to‘p kam yetib keldi va ba’zan hujumchi xatoga yo‘l qo‘ydi. Lekin Shomurodov o‘zi uchun omadsiz o‘yinda ham gol ura olishini ko‘rsatdi. Bu hujumchi uchun juda muhim hislat.

TuttoMercatoWeb
ShoMOURodov (“Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino ham “nishonga” olinmoqda) Mourinoni qutqarib qoldi. Bu yuksak saviyadagi murabbiyga yarashadigan debyut bo‘lmadi. Jamoa kutilgan o‘yinni namoyish qila olmadi. Vaziyatni jamoaning yangi hujumchisi Eldor Shomurodov o‘ngladi. U avval “Roma”ning o‘rtoqlik o‘yinlarida gol urgan edi va endi rasmiy bahsda ham raqib darvozasiga yo‘l topa oldi.

La Gazzetta dello Sport
Agar Shomurodov zaxiraga olinishidan bir daqiqa oldin gol urmaganida bu o‘zbek futbolchisi uchun omadsiz debyut bo‘lardi. U o‘tgan yilning oxirida “Jenoa”da ko‘rsatgan o‘yinini ko‘rsata olmadi. Shu bilan birga bu hujumchi yangi jamoaga endi moslashayotganini unutmaslik kerak. Mourino o‘sha pallada Shomurodovni almashtirish uchun Borza Mayoralni chaqirgan edi. Aynan shu payt Eldor “Roma”dagi debyut golini urishga erishdi. Uning omadi chopdi va juda kerakli vaqtda to‘p kiritdi.

Tutto Sport
Shomurodov yaxshi ko‘rsatkichlarga ega va mehnatkash hujumchi. Lekin “Trabzonspor” bilan bahsda o‘zidan kutilgan o‘tkir o‘yinni namoyish qila olmadi. Balki 40 million yevroga xarid qilingan Temmi Abraxamning hujumchilik qobiliyati Eldordan ustundir. Shunga qaramay, Shomurodov hal qiluvchi golni urib, uchrashuv qahramoniga aylandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Mourinoni qutqargan Shomurodovning o‘yini Italiyada qanday baholanyapti?
[/banner_pushhouse