22:55 / 20.08.2021
2 233

Viktor Jalilov: "Hujumda muammolarimiz bor"

Viktor Jalilov: "Hujumda muammolarimiz bor"
Coca Cola O‘zbekiston kubogi 1/8 finalidan o‘rin olgan "Bunyodkor" va "Navbahor" jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida dastlab "lochinlar" bosh murabbiyi Viktor Jalilov qatnashib, o‘yin haqidagi fikrlarini bildiradi.

"Hozirda barcha o‘yinlar og‘ir kechmoqda. Birinchi bo‘limda "Bunyodkor", ikkinchi bo‘limda esa "Navbahor" yaxshi o‘ynadi. Ikkinchi taymda amalga oshirilgan o‘zgarishlar o‘yinimizni raqib maydoniga ko‘chirdi, natijada bo‘lim davomida ustunlikka erishdik. Vaziyatlar yaratdik, lekin ulardan foydalana olmadik, birgina gol barchasini hal qildi. "Bunyodkor"ni haqli g‘alaba bilan tabriklayman.

Albatta, o‘yinni tahlil qilamiz, birinchi bo‘limni yomon o‘tkazganimiz sabablarini batafsil o‘rganamiz. Ayrim futbolchilarga faollik yetishmadi, ular ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydi. Uchrashuvni chuqur tahlil qilishimiz kerak. Futbol shunaqa, birgina gol barchasini hal qiladi.

Avvalgi uchrashuvlarda ham aytgandim, hujumda muammolarimiz bor. Tarkibimizga qo‘shilgan futbolchilar o‘yinni kuchaytirishiga umid qilgandik. Umuman olganda, hujumchilar muammosi ko‘pchilikda bor. Kam sonli klublargina hujumdagi faolligi bilan maqtanishi mumkin. Ko‘rikda qatnashganlar ishonchimizni oqlamadi.

Bizga ham jamoaning bunday holatga tushib qolgani yoqmayapti. Mashg‘ulotlarda ayrim futbolchilar o‘zlarini yaxshi ko‘rsatishadi, o‘yinlarda esa aksincha bo‘lmoqda. Bugun ham ikkinchi bo‘limda bir nechta vaziyatlar yaratdik, lekin qayerdadir mahorat, qayerdadir omad yetishmayapti. Futbolchilarimiz qulay vaziyatga chiqib borib ham darvoza tomon zarba berishmayotgani ularga mahorat yetishmasligidan darak beradi. Albatta, bu bizning muammomiz. Qolaversa, "Bunyodkor" ham tartibli himoyalandi, aynan shuning evaziga natijani saqlab qolishni uddalashdi", — deydi Viktor Jalilov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Viktor Jalilov: "Hujumda muammolarimiz bor"