11:06 / 21.08.2021
3 859

Rimda Shomurodov futbolkasi talash bo‘lmoqda!

Rimda Shomurodov futbolkasi talash bo‘lmoqda!
O‘zbekiston futbol ishqibozlarining aksariyati ayni paytda Eldor Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olgan “Roma”ga ishqibozlik qilayotgani aniq. Albatta, bunday vaziyatda Rim klubiga oid yangiliklar, xabarlar va ma’lumotlar ko‘pchilikni bee’tibor qoldirmaydi.

Ta’kidlash joizki, “Roma”ning masumdagi birinchi rasmiy uchrashuv – UYEFA Konferensiyalar ligasida kuchli raqib – “Trabzonspor” maydonidan muhim g‘alaba bilan qaytgani rimlik muxlislarning jamoa futbolchilariga va shaxsan bosh murabbiy Joze Mourinoga bo‘lgan ishonchini oshirib yubordi.

Italiyaning sportni yoritishga ixtisoslashgan www.gazzetta.it nashri jurnalisti Kyara Dzukkelli Turkiyadagi o‘yindan keyin “Roma” klubida yuzaga kelgan ijobiy o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.

Kyara Dzukkellining yozishicha, “Roma” futbolchilari xalqaro musobaqadagi g‘alabali debyutidan so‘ng, o‘z qarorgohiga qaytib, Joze Mourino qo‘l ostida jangovar ruhda A Seriyaning birinchi tur uchrashuviga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Portugaliyadagi yig‘inda jarohat olib, safdan chiqqan yetakchi futbolchilardan Gonsalo Vilyarning yana mashg‘ulotlarga qaytgani futbolchilarning ruhiyatini ko‘tardi.

Maqolada yozilishicha, Eldor Shomurodov Rim klubiga ko‘chib o‘tganidan keyin o‘rtoqlik uchrashuvlarida “Betis” va “Raja Kasablanka”, rasmiy bahsda “Trabzonspor” darvozalarini ishg‘ol qilganidan keyin “Roma” muxlislarining eng sevimli futbolchisiga aylanib ulgurdi.

Ayni paytda Rimda eng ko‘p sotilayotgan futbolka aynan Eldor Shomurodov va jamoa yulduzi Nikolo Dzanoloniki bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, o‘zbek hujumchisining nomi tushirilgan futbolkalarga talab ko‘pligidan ularni tayyorlash va yetkazib berish uchun rejalashtirilganidan bir necha kun ko‘proq vaqt ketgan.

Shuningdek, “Roma”ning talabchan ishqibozlariga Eldor Shomurodov jamoaga moslashish uchun vaqt ketkazmasdan, kelishi bilan o‘z gollari bilan jamoaga yordam bera boshlagani juda ma’qul kelgani aytilmoqda.

Buni muxlislarning quyida keltirilgan ijtimoiy tarmoqlardagi munosabatidan ham bilib olish mumkin.

Daniele Giuliani: Shomurodov o‘zi qatnashgan o‘yinlarda katta taassurot qoldirmoqda.

Marco Scolozzi: Menimcha, 17 million yevroga taklif qilingan Eldor Shomurodov bizga 40 million yevroga tushgan va ko‘p maqtalayotgan Temmi Abraxamdan ko‘p foyda keltirmoqda.

Francesco Iannilli: Men har ikki hujumchining o‘yinidan videolavhalar tomosha qildim. Menga Abraxamga qaraganda Shomurodov ko‘proq yoqdi. Angliyalik futbolchi “Chelsi”dan kelgani uchungina qimmat. Agar Shomurodov ham “Chelsi” futbolchisi bo‘lganida uning transferiga kamida 50-60 million yevro to‘lagan bo‘lardik.

Ayni paytda Joze Mourino shogirdlari 22 avgustga belgilangan “Fiorentina”ga qarshi birinchi tur uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ushbu uchrashuv uchun 30 mingta chipta sotuvga chiqarildi. Dastlabki kunlarning o‘zida 25 mingta chipta sotib bo‘lindi.

Muxlislar Joze Mourino boshchiligidagi “Roma” o‘yinini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga oshiqmoqda. “Roma” va “Fiorentina” o‘rtasidagi uchrashuv Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rimda Shomurodov futbolkasi talash bo‘lmoqda!