23:53 / 21.08.2021
4 226

Shoma, yana gol urmasang bo‘lmaydi!

Shoma, yana gol urmasang bo‘lmaydi!
22 avgust kuni “Roma” poytaxtdagi “Olimpiko” stadionida “Fiorentine” futbolchilarini qabul qiladi. Sir emas, “Roma” uch mavsumdan beri UYEFA Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmayapti. O‘tgan mavsum esa rimliklar Chempionlar ligasi tugul Yevropa ligasiga ham chiqa olmadi. Musobaqa jadvalida yettinchi o‘rinni egallagani uchun qit’aning uchinchi darajali turniri – Konferensiyalar ligasida ishtirok etmoqda.

Joze Mourino jamoani Yevropa Chempionlar ligasiga olib chiqish uchun taklif etildi. Shu bois, portugaliyalik mutaxassisga to‘g‘ri kelmagan futbolchilarga javob berib yuborildi va u o‘z qo‘l ostida ko‘rishni istaganlari Rimga olib kelindi. Eldor Shomurodov transferi ham aynan Mourino talabi bilan amalga oshirildi.

Adolat yuzasidan tan olish kerakki, hujumchimiz “Jenoa”dan ancha jiddiy va kuchli klubga o‘tgani bilan o‘zini yo‘qotib qo‘ygani yo‘q va hozircha o‘zi ishtirok etgan har bir uchrashuvda gol urib, Mourino futbolchi tanlashda adashmaganini isbotlab kelmoqda.

A Seriyaning birinchi turi “Roma” uchun muhim. Bo‘lajak o‘yindagi g‘alaba jamoa ruhiyatini ko‘tarishi bilan bir qatorda muxlislarning Mourino va u tuzgan tarkibga ishonchini uyg‘otadi. Qolaversa, yuqori o‘rinlarni maqsad qilgan jamoa ilk urinishdan yutishni bilishni kerak.

Tabiiyki, Mourinodek murabbiy ham bir necha oy ichida qarshisidagi har qanday raqibni yer tishlatadigan super jamoa shakllantira olmaydi. Bunga yetarlicha vaqt zarur. “Trabzonspor” bilan bo‘lgan bahs Rim jamoasida kamchiliklar yetarli ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Yechimini kutayotgan masalalar bor.

Shunday bo‘lsa-da, “Roma” va “Fiorentina” to‘qnashuvlari tarixida ustunlik poytaxtliklar tomonida. Bu ikki jamoa shu kunga qadar A Seriya, mamlakat kubogi va xalqaro miqyosidagi musobaqalarda o‘ziro 188 marotaba bir biriga duch kelgan. Shulardan 66 tasida “Roma”ning qo‘li baland kelgan va yana shuncha uchrashuvda g‘olib aniqlanmagan, “Fiorentina” 56 marta zafar quchgan. To‘plar nisbati 215-201.

“Fiorentina” oxirgi besh uchrashuvdan beri rimliklarni mag‘lub etish yo‘lini topa olmayapti. 2019 yili Rimdan bir ochko olib qaytgan florensiyaliklar keyingi to‘rtta bellashuvda maydonni boshi egik holda tark etdi.

“Roma” muxlislari birinchi turda ham hujum chizig‘ida Eldor Shomurodov to‘p tepishini istamoqda. Ularning fikri bilan tanishing:

Sestino Sabelli: Umid qilamanki, Mourino hujumkor taktika tanlaydi. Ikkita hujumchini o‘ynatish kerak. Borxa Mayoral va Eldor Shomurodov tandemini ko‘rish qiziq bo‘ladi.

Luciano Bellanova: Menimcha, hujumda Shomurodov bilan birga Temmi Abraxamni sinab ko‘rish kerak. Ular 60 million yevrolik xarajatni oqlashi shart.

Natalino Di Coste: O‘zbek legioneridan yana zo‘r o‘yin kutyapman.

Niccolò Buonomo: Bo‘lajak uchrashuvda “Roma”ga nafaqat italiyaliklar, balki o‘zbeklar ham muxlislik qiladi.

Ta’kidlash joizki, italiyaliklar o‘zaro to‘qnashuvda Shomurodov va “Fiorentina” to‘purari Dushan Vlaxovich duelini ko‘rmoqchi. Rossiyalik futbol ishqibozlari esa, “Roma”ga qarshi Aleksandr Kokorin maydonga tushirilishi kutmoqda. Biroq, florensiyaliklarning yangi bosh murabbiyi Vinsenso Italyano ham hali rossiyalik hujumchiga to‘la ishonch bildirishga shoshilmayapti.

Xullas, “Roma” – “Fiorentina” uchrashuvi ko‘p savollarga javob topib berishi kerak. O‘yin Toshkent vaqti bilan 23:45 da start oladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shoma, yana gol urmasang bo‘lmaydi!