23:45 / 30.08.2021
2 843

Otabek Shukurov: "O‘zimiz shu holatga keltirdikmi, o‘zimiz olib chiqib ketamiz"

Otabek Shukurov: "O‘zimiz shu holatga keltirdikmi, o‘zimiz olib chiqib ketamiz"
Srechko Katanes boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi poytaxtimizda yig‘in olib borayotganidan xabaringiz bor.
Bugungi mashg‘ulotlarga "Nasaf" jamoasidan chaqirilgan to‘rt nafar futbolchi Oybek Bozorov, Dilshod Saitov, Husniddin Aliqulov, Akmal Mozgovoy kelib qo‘shildi. Ular Ian Katanes qo‘l ostida tiklanish mashqlarini olib borishdi. Odatdagidek mashg‘ulotning dastlabki 15 daqiqasi OAV uchun ochiq bo‘ldi. Fursatdan foydalanib saytimiz muxbiri terma jamoamiz yetakchisi Otabek Shukurov bilan intervyu uyushtirdi.

- Dastlab davom etayotgan yig‘in va yangi bosh murabbiy haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz...
- Yangi bosh murabbiy va yangi maqsadlar bilan mashg‘ulotlarni boshlab oldik. To‘g‘ri bu o‘rtoqlik uchrashuvi. Lekin terma jamoaning har bir o‘yini futbolchilar uchun ham, muxlislar uchun ham muhim ahamiyatga ega. Yangi bosh murabbiy bilan barchasini yaxshi tomonga o‘zgartirishga harakat qilmoqdamiz. Hozir Srechko Katanetsdan boshqa narsani o‘zgartirishni talab qilish vaqtimas. Undan faqat Jahon chempionatiga chiqishni talab qilish kerak. Yilma-yil bunga erishish lozim.

- Yig‘inning ilk kunlaridan boshlab Srechko Katanetsning qanday ustunliklari va farqlarini ko‘rdingiz?
- Hozir biror narsa deya olmayman. Lekin tartib-intizomga qattiq yondoshar ekan. Futbolda mayda kamchilik bo‘lmaydi. Hozirdan bir oila sifatida jipslashtirishga harakat qilmoqda. Tartib bo‘lsa, terma jamoa birlasha olsa, natija ham o‘zi keladi. Bu juda ham yaxshi, deb o‘ylayman.

- Milliy terma jamoa sardorligi uchun sizning nomzodingiz ilgari surilmoqda. Odil Ahmedovdan so‘ng sardorlik bog‘ichini qabul qilib olishga tayyormisiz?
- Avvalo buni men hal qilmayman. Kim sardor bo‘lishidan qat’iy nazar terma jamoaga foydasi tegsa bo‘lgani. Bu vatan terma jamoasi bo‘lgani uchun mag‘lubiyatlar, Jahon chempionatiga chiqa olmaganimiz yurakka og‘ir botadi. Terma jamoaga chaqirilisan deyishsa, boshqacha hissiyotlar bo‘ladi. Qanday qiyinchiliklar bo‘lsa, tayyormiz. O‘zimiz olib chiqmasak, bizga hech kim chetdan kelib yordam bermaydi. Mana shu holatga o‘zimiz olib keldikmi, o‘zimiz olib chiqamiz.

- Shvetsiya kabi top, ya’ni Jahon darajasidagi terma jamoalar bilan har doim ham o‘ynayvermaymiz. Avvalgi yillarda Suriya, Iroq bilan cheklandik. Kuchli raqiblar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishimizga munosabatingiz qanday?
- Murabbiyga ko‘p narsa bog‘liq. U katta maqsadni qo‘ydimi, katta talablarni qo‘yishi kerak. Shvetsiya kabi yuqori darajadagi terma jamoalar bilan o‘ynash katta yordam beradi. O‘zingizdan kuchsiz terma jamoa bilan o‘ynadingizmi, siz kuchsizlanayapsiz degani. Jahon chempionatiga chiqish vazifasi qo‘yildimi, mana shunday termalarga qarshi maydonga chiqish zarur.

Abdulaziz Iskandarov yozib oldi

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Otabek Shukurov: "O‘zimiz shu holatga keltirdikmi, o‘zimiz olib chiqib ketamiz"