14:36 / 01.09.2021
3 247

"Meni ham terma jamoaga chaqirsa kerak, deb o‘ylagandim" - legionerimiz yana nimalar dedi?

"Meni ham terma jamoaga chaqirsa kerak, deb o‘ylagandim" - legionerimiz yana nimalar dedi?
Ayni chog‘da Belarus chempionatida BATE jamoasi sharafini himoya qilayotgan iqtidorli legionerimiz Shahboz Umarov haqida iliq fikrlar bildirilyapti. U BATE klubiga o‘tgach ham asosiy tarkibdan joy oldi. Muhimi, Umarov o‘sishda davom etyapti.

Rostini aytganda, Shahbozni ham milliy terma jamoada kutayotgan muxlislar talaygina. Zero, hamyurtimiz Belarus chempionatining yetakchi jamoalaridan birida muvaffaqiyatli to‘p surib kelyapti. Bungacha terma jamoada oldingi murabbiylar unga e’tibor qaratmayotgani yuzasidan turli tanqidlar ham bo‘lgandi.

Yangi bosh murabbiy balki Shahboz haqida eshitgandir, balki hali uni bilmas. Ammo sloveniyalik mutaxassisning ilk yig‘inida Shahboz Umarov yo‘q. Futbolchi bu masala bo‘yicha Sports.uz muxbiriga o‘z munosabatini bildirdi.

- Srechko Katanes O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi ilk yig‘inini boshladi. Bosh jamoamizda xorijlik mutaxassis ish boshlaganidan keyin endi meni ham chaqiradi, deb kutgamidingiz?
- Nima deyishni ham bilmayman. Endi chaqirsa kerak, deb o‘ylagandim. Demak, terma jamoa yig‘iniga chaqirilgan futbolchilar ayni paytda eng kuchlilari. Men esa bundan buyon ham o‘z ustimda ishlashda davom etaman. Umuman aytganda, bu holatga munosabatim yaxshi. Hozirgi paytda jismoniy tarafdan kimlar kuchli bo‘lsa, o‘shalar chaqirilgan.

- Bir so‘z bilan aytganda, milliy termada qanday mutaxassisni tasavvur qilgandingiz?
- Men hech kimni kutmayotgandim. Chunki hali terma jamoaga chaqirilmaganman. Shu bois bu haqda o‘ylaganim yo‘q. Lekin terma jamoaning kengaytirilgan ro‘yxatida borman. Murabbiy hali yangi. O‘yinlarni ko‘rib chiqadi. Albatta, kerak bo‘lsam chaqiradi. Agar chaqirilmasam buni to‘g‘ri qabul qilaman.

- Katanes haqida ilk bor eshitganingizda xayolingizga nima keldi?
- Yaxshi murabbiy. Boshqa hech narsa kelmadi, xayolimga.

- Bu safar ham yig‘indan chetda qolganingiz kayfiyatingizga ta’sir qilmadimi?
- Yo‘q, hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi. Albatta, umid qilayotgandim. Ammo chaqirilmaganim kayfiyatimga umuman ta’siri bo‘lmadi.

- Odil Ahmedov milliy terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganidan so‘ng, o‘rnini kim bosarkin, degan savollar bor. Uning ketishi katta ta’sir ko‘rsatadimi?
- Odil Ahmedov jonkuyar futbolchilardan biri edi. Bunday o‘yinchining o‘rni bilinadi, albatta. Ammo bu futbolchi o‘z o‘rnini o‘sib kelayotgan yoshlarga bo‘shatib berdi. Shubhasiz, u eng zo‘rlaridan biri, ham futbolchi, ham insoniylik tomonlama. Qolaversa, ajoyib sardor edi.

- Ayni paytda BATЕ klubidagi ishlaringiz qanday? U yerdagi faoliyatingizdan qoniqyapsizmi?
- Ikkita uchrashuvda durang o‘ynadik. Afsuski, shu tomonlama ochko yo‘qotyapmiz. Koronavirus sababli 3-4 nafar o‘yinchilarimizni yo‘qotdik. Bundan tashqari, jarohat olib davolanayotgan futbolchilarimiz ham bor. Hali chempionlik uchun kurash to‘xtagani yo‘q.

- Asta-sekin faoliyatingizda oldinga qadam tashlab boryapsiz. BATE siz uchun yangi chaqiruv edi. Ayting-chi, joriy mavsumdagi faoliyatingiz ushbu klubdagi oxirgisi bo‘lib qoladimi?
- Hamma futbolchi faqat o‘sishni xohlaydi. Meni BATEda juda hurmat qilishadi, bu yerdagi ishlarim yaxshi. Biroq shunga qaramasdan o‘sishim uchun yanada yuqoriroq qadam tashlashim kerakligini bilaman. Men bu jamoaga juda ko‘nikib qolganman, biz bir oiladekmiz. Ammo bu bilan to‘xtab qolish niyatim ham yo‘q. Nima bo‘lishini keyinchalik ko‘ramiz. Hammasi Xudodan.

- Faoliyatingizni BATEda davom ettirayotganingizdan beri sizga jiddiy taklif bo‘ldimi?
- Bilmadim, bu borada klub bilan bog‘lanishgan. Ushbu masalada o‘zim aniq ayta olmayman.

- Shahboz kumiringiz sifatida kimni ayta olasiz?
- Yoshligimdan kumirim Stiven Jerrard bo‘lgan. Mening pozitsiyam boshqa bo‘lgani bilan aynan u kumirim hisoblangan.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Meni ham terma jamoaga chaqirsa kerak, deb o‘ylagandim" - legionerimiz yana nimalar dedi?