18:18 / 07.09.2021
1 343

Superliganing 17-turida shunday o‘yinlar borki, unda biror jamoaning ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q

Superliganing 17-turida shunday o‘yinlar borki, unda biror jamoaning ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q
Superligadagi tanaffus ham asta-sekin poyoniga yetib, navbatdagi tur bahslari boshlanish arafasida turibdi. Bungacha barchamiz milliy terma jamoamizning yig‘ini va Shvetsiyaga qarshi o‘yiniga e’tibor qaratdik. Endi esa yana o‘zimizning chempionatga qaytamiz.

Payshanbadan shanbaga qadar yettita o‘yin bo‘lib o‘tadi. Musobaqa jadvalidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, navbatdagi juftliklarda shunday o‘yinlar borki, unda biror jamoaning ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. Shu bois mutaxassislardan biri Jamshid Saidov Superliganing 17-turi oldidan har bir juftlik haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

9 sentabr (payshanba)

“Mash’al” – “Andijon

- “Andijon” jamoasi hozir yomon ahvolda, jadvalda oxirgi o‘rinda. “Mash’al” ham hali xavfli zonadan uzoqlashib ketgani yo‘q. O‘ylashimcha, maydonda qattiq jang bo‘ladi. Nazarimda, ikkala jamoa ham birinchi navbatda himoyaga katta e’tibor qaratadi. Ammo “Mash’al” o‘z maydonida o‘ynashini hisobga olsak, ularda baribir tashabbus bo‘ladi. O‘yinchilarida ishonch bor. O‘ylashimcha, maydon egalarining qo‘li baland keladi. Foiz bo‘yicha mezbonlarda 70 ga 30 degan bo‘lardim. Bunday o‘yinlarda katta hisob bo‘lmaydi. Jamoalar uchun himoyada o‘ynash osonroq.

10 sentabr (juma)

“Metallurg” – “Paxtakor”
- “Paxtakor” birinchi o‘rinda. O‘yindan-o‘yinga kuchayishda davom etyapti. Aksiga olib, “Metallurg” jamoasining oxirgi paytlardagi o‘yinlari umuman qovushmayapti. Shuning evaziga ko‘p ochkolarni yo‘qotdi. Menimcha, “Paxtakor” 100 foiz g‘alaba qozonadi. Ularda imkoniyat katta.

“Bunyodkor” – “Qo‘qon-1912”
- “Bunyodkor” jamoasi yaxshi sport formasida. “Qo‘qon-1912” ham yomon emas. Bu klub birinchi davrada yaxshiroq edi, ikkinchi davrada nimadir bo‘ldi. Mening fikrimcha, ushbu to‘qnashuvda “Bunyodkor”ning qo‘li baland keladi yoki durang qayd etilishi mumkin. Imkoniyatlar 50 x 50. Baribir “Bunyodkor” o‘z maydonida o‘ynayotgani sababli ularda tashabbus ko‘proq bo‘ladi.

“Navbahor” – AGMK
- Bu juda yaxshi o‘yin bo‘ladi. “Navbahor” o‘z maydonida o‘ynaydi. Haqiqatan ham bu juda zo‘r o‘yin bo‘ladi. Namanganliklar o‘tgan turda Qarshida “Nasaf”ni yutib qaytdi. Fikrimcha, “Navbahor”da g‘alaba uchun imkoniyat ko‘proq. Ammo ushbu juftlikda durang kuzatilishi ham mumkin. Baribir natijani oldindan aytib bo‘lmaydi. Qolaversa, AGMK ham yaxshi jamoa. “Navbahor”ga o‘z uyida o‘ynashi ustunlik beradi. Samvel Babayan ham konsultant sifatida ishlayapti va uning yordami sezilyapti. “Navbahor”da motivatsiya kattaroq. To‘g‘ri, AGMK tarkibida ham mahoratli ijrochilar yig‘ilgan. Shuning evaziga ular medallar uchun kurashyapti. Ammo bu to‘qnashuvda imkoniyat ko‘proq “Navbahor”da.

11 sentabr (shanba)

“Surxon” – “So‘g‘diyona”

- Bu juftlikda “So‘g‘diyona” favorit va ular yutadi deb o‘ylayman. Ko‘ryapsiz, jizzaxliklar mavsumni yaxshi o‘tkazyapti. Ular har bir uchrashuvni jangovar tarzda o‘tkazishyapti. “So‘g‘diyona” har qanday holatda ham oxirigacha o‘ynaydi. 90 daqiqa bo‘ladimi yoki 90+5 mi, farqi yo‘q, hakamning so‘nggi xushtagi chalingunicha kurashaveradi. “Surxon” esa autsayderlardan biri. Tan olish kerak, “So‘g‘diyona” raqibidan kuchli.

“Qizilqum” – “Lokomotiv”
- “Lokomotiv” oxirgi paytlarda yaxshi o‘yinlar ko‘rsatyapti, biroq omadi yetishmay qolyapti. Holbuki, taktik tomondan ham jamoa ajoyib harakat qilyapti. Mening o‘ylashimcha, Navoiyda ikkala jamoaning kuchlari teng kelsa kerak. “Qizilqum” ham o‘z maydonida yaxshi o‘ynaydi. “Lokomotiv” ustozi bu uchrashuvga qanday taktika qo‘llashini bilmayman. Menimcha, qarshi hujum taktikasidan foydalansa kerak. “Qizilqum” o‘z maydonida hujumkor o‘yin ko‘rsatadi, bu 100 foiz. Hamidjon Aktamov ham jamoasini medallar sari yetaklab boryapti. Buning uchun ularda ham imkoniyat bor.

“Turon” – “Nasaf”
- “Turon” ham yomon emas. Igor Shkvirin kelganidan keyin jamoa o‘yini o‘zgardi, ochkolar yig‘ishni boshlashdi. Yaypanda o‘ynash juda ham qiyin. “Nasaf” oxirgi o‘yinda yutqazgani bilan Ro‘ziqul Berdiyev jamoasiga qanday motivatsiya berishni biladi. U jamoasini o‘yinga yaxshi tayyorlaydi. “Nasaf” ham medallar uchun kurashyapti, bu borada ularda imkoniyat mavjud. Qarshiliklar to‘pni nazorat qiladi. O‘yinda ular birinchi raqam ostida o‘ynaydi. Omadga ham ko‘p narsa bog‘liq. Ammo “Nasaf” “Turon”ga qaraganda kuchli.

Shuhratbek Jo‘rayev


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Superliganing 17-turida shunday o‘yinlar borki, unda biror jamoaning ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q
[/banner_pushhouse