17:54 / 11.09.2021
1 982

Qaysar Mourinoning qarori tufayli futbolchi “Roma”ni sudga berdi

Qaysar Mourinoning qarori tufayli futbolchi “Roma”ni sudga berdi
Joze Mourino tajribali murabbiy sifatida o‘z qarashlariga ega va ko‘pincha hech qanday vaziyatda fikrini o‘zgartirmaydi. Murakkab xarakterga ega portugaliyalik mutaxassis borgan jamoasida turli mojaro, kelishmovchilik va muammoalarga duch kelishi tabiiy holga aylanib qolgan.

Ayniqsa, Joze Mourino har qanday jamoada ham yulduz futbolchilar bilan bir to‘qnashib oladi. Uning so‘nggi ikki jamoasidagi faoliyatiga nazar tashlasak, Joze “Manchester Yunayted”da mashhur futbolchilar – Bastian Shvaynshtayger va Maruan Fellainini Manchesterdan ketib qolishiga sababchi bo‘ldi. Hatto, hozir "Roma"da o‘ynayotgan Genrix Mxitaryan ham "Manchester Yunayted"ni portugaliyalik murabbiy tufayli tark etgan. Joze kelishidan avval u Rimdan ham ketmoqchi bo‘ldi. Lekin rahbariyat ularni kelishtirib qo‘ydi.

“Tottenxem”da klub tarixidagi eng qimmatbaho futbolchi – Tange Ndombele va jamoa yulduzi Delli Allining hayotini qiyinlashtirib yubordi. Bu ikki futbolchi hamon muammolar girdobidan to‘la chiqa olgani yo‘q.

Joze Mourino “Roma”ni rivojlantirish uchun Italiya chempionatiga qaytdi. Klub rahbarlari jamoaning transfer siyosatini aynan uning istagi asosida yuritmoqda. Rim jamoasida porlab kelayotgan Edin Jeko portugaliyalik murabbiy kelganidan keyin sekingina “Inter”ga o‘tib ketishni ma’qul topdi. Jahon va Yevropa chempioni Pedro esa, Mourino unga imkon bermasligidan xabar topganidan keyin klubni tark etdi.

Umuman olganda, klub oldida Mourinoga kerak bo‘lmagan futbolchilarning kelajagini hal qilish vazifasi paydo bo‘ldi. 20 nafarga yaqin futbolchi orasidan Jeko va Pedrodan tashqari Joan Jezus, Brunu Peres ham erkin agent sifatida ortiqcha muammo tug‘dirmay ketdi. Jengiz Under, Pau Lopes va Alessandro Florensi kabi boshqa klublardan taklif olgan bir guruh o‘yinchilar ijaraga yuborildi.

“Roma”ga bosh og‘riq bo‘layotgan masala Mourinoga to‘g‘ri kelmagan va boshqa jamoalardan ish chiqmagan futbolchilar orasida kelib chiqdi. Bosh murabbiy qaroriga ko‘ra, bir necha o‘yinchi jamoa mashg‘ulotlaridan chetlatildi va ularga mavsum davomida imkoniyat berilmasligi aytildi. Bu “qora ro‘yxat”dagi o‘yinchilarga yoqmagani tabiiy.

Mourinoning qarori va talabi argentinalik markaziy himoyachi Federiko Fasioga og‘ir botdi. Futbolchi agentlari va advokatlari orqali “Roma” rahbariyati ustidan sudga da’vo arizasini kiritdi.

Corriere dello Sport nashrining ma’lum qilishicha, hozir Rim klubi rahbariyati suddan oldin Fasio bilan kelishib olishga harakat qilmoqda. 34 yoshli himoyachi mashg‘ulotlarda umumiy guruhga qo‘shilmagan holda, bir o‘zi shug‘ullanyapti. Klub mutasaddilari u bilan munosabatlarni tiklashda qiyinchilikka uchrayapti.

Yuzaga kelgan muammoga qaramay, Joze Mourinoning fikri o‘zgargani yo‘q. Ko‘pni ko‘rgan murabbiy nafaqat Fasio, balki o‘ziga kerak bo‘lmagan undan zo‘r charm to‘p ustalarini ham o‘yin tugul mashg‘ulotga qo‘ymayapti.

Federiko Fasio Argentinadan Yevropaga 2007 yilda kelgan. U Ispaniya chempionatida “Sevilya”, Angliyada “Tottenxem” va Italiyada “Roma” sharafini himoya qilgan. Argentina terma jamoasida o‘nta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini bir marotaba ishg‘ol qilgan.

Fasio “Sevilya” safida Ispaniya kubogi va Superkubogi, Yevropa Ligasi bosh sovrinlarini qo‘lga kiritgan. Argentina olimpiya terma jamoasi bilan Pekin Olimpiadasida g‘olib chiqqan va o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan.

Joze Mourino esa Fasioning birorta yutug‘ini tan olgani yo‘q va unga jamoada o‘rin yo‘qligini ta’kidlamoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qaysar Mourinoning qarori tufayli futbolchi “Roma”ni sudga berdi