19:24 / 11.09.2021
3 236

Begzod Abdurahmonov: "Akalarim bo‘lmaganida, hozir bu yerda o‘tirmagan bo‘lardim"

Begzod Abdurahmonov: "Akalarim bo‘lmaganida, hozir bu yerda o‘tirmagan bo‘lardim"
"Tokio 2020"da bronzo medalga ega chiqqan sportchimiz - Begzod Abdurahmonov SPORTS.uz sayti uchun katta intervyu berdi. Ushbu suhbatda, kurashchi faoliyati va hayot yo‘lida uchragan qarshiliklar borasida fikr bildirdi.

- Sportchidan g‘alabaga erishish nimalarni talab etadi?
- Birinchi navbatda qurbonlik. Siz oldingizga maqsad qo‘ysangiz, hammaning ko‘ziga yomon ko‘rinishingizga to‘g‘ri keladi. Mendan do‘stlarim juda ko‘p xafa bo‘lishgan. Deyarli choyxonalarga bormayman. Borsam, kechasi 2 soat kamroq uxlashimga to‘g‘ri keladi. Bu esa, o‘z-o‘zidan ertangi mashg‘ulotimga ta’sir qiladi. To‘g‘risi, oxirgi marotaba qaysi qarindoshimiznikiga to‘yga borganimni eslay olmayman. Bu alamli, ammo katta g‘alabalarga erishish uchun boshqa variant yo‘q. Ba’zida bundan ezilaman, biroq sport shuni talab etadi.

- To‘g‘riku-ya, ammo ba’zan omad ham muhim emasmi? Men 20 yillab shug‘ullansada, birorta sovrin yutmagan sportchilarni taniyman?!
- Bu gapingizga qo‘shilaman. Meni ham bugungi darajaga yetishimda akalarimning tutgan o‘rni beqiyos. AQSHga ko‘chib borganimdan so‘ng, ish qidirishni boshladim. Shunda ular meni to‘liq ta’minlashini, e’tiborimni faqat kurashga qaratishim kerakligini aytishdi. Ular : "Biz olimpiada chempioni bo‘lmadik, sen bo‘lishing kerak",-deyishdi. Qo‘llab-quvvatlash sababli to‘liq e’tiborimni sportga qaratdim. Agar, akalarim bo‘lmaganida, men ham omadi kelmagan sportchilardan biri bo‘lgan bo‘lar edim. Bilasizmi, sportda bir atama doim o‘zini oqlagan. Falokat uzoqdan keladi! Bugun qayerdadir yaxshi ovqatlanmaganingiz yoki to‘yib uxlamaganingiz final jangida pand berib qo‘yishi hech gap emas.

- Rio Olimpiadasidagi mag‘lubiyat juda og‘ir ta’sir qilgani rostmi?
- To‘g‘risi, bir oy o‘zimga kelmaganman.Kichik farq bilan yengilganim uchun ikki hissa alam qilgan. Juda ham medal olishni istagan edim. Yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytish orzusida edim. Hammasi chipakka chiqqach, qo‘llarimni tushurib yubormadim. AQSHga qaytgach, mashg‘ulotlarni ko‘paytirdim. Xatolarim ustidan ko‘proq ishlashga urindim. Tokiodagi musobaqaga yaxshi kayfiyatda keldim. Bunga, u yerdagi psixolog bilan qilgan suhbatlarim ulkan naf berdi.

Afsuski, bizning sportda ruhiy tayyorgarlikka juda kam e’tibor beriladi. So‘nggi paytlarda bu kamchilik ustidan ishlanmoqda, biroq bu kam. Sportchi jismonan tayyor bo‘lishi har doim ham medal uchun yetarli bo‘lmaydi. Ba’zan, ruhiy tayyorgarlik ham kerak. Gilamda kurashayotgan bazi yigitlarni ko‘rganimda, bular bo‘lajak Olimpiada g‘oliblari deb yuboraman. O‘sha yigitlar musobaqalarga chiqqach, mashg‘ulotda 10:0 yutadigan raqiblariga yengiladi. Aytib o‘tganimdek, kuchli psixologlarning yordamisiz 100 foiz tayyorgarlik ko‘rish imkonsiz. AQSHda har bir murabbiylar shtabida kamida bitta psixolog bor.

O‘ylashimcha, sportchi har jabhada tayyor bo‘lib turnirga tashrif buyurishi kerak. Ba’zi murabbiylar bor. Mag‘lubiyatdan so‘ng, shogirdini qattiq koyib beradi. O‘zi shundoq ham bosimni yengib o‘ta olmagan yigit bu so‘zlardan so‘ng, sinib qolishi turgan gap. Mag‘lubiyatdan so‘ng, murabbiylar tanbehi kerak, ammo darrov uni tiklab qo‘yishi ham shart. Quruq do‘q-po‘pisa bilan hech kim kuchli bo‘lib qolmaydi.

- AQSHdagi kollej va Universitetni bitirgansiz, ammo yana O‘zbekistonga qaytdingiz. Ko‘pchilik xorijga borgach, ortga qaytishni istamay qoladi. Sizni nima ortga tortib turadi?
- Birinchi navbatda ota-onam va yaqinlarim. Bilasizmi, ko‘pchilik AQSHda pul topish juda oson deb o‘ylaydi. Xuddi, ko‘chaga chiqsangiz daraxtda pul o‘sadigandek yengil ish deb baho berishadi. Aslida, unday emas. Bu yerda ham tinimsiz mehnat qilishga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, xorijda o‘qiganimdan so‘ng, menga yaxshi takliflar bo‘ldi, ammo vatan oldidagi burchimni bajarishni muhimroq deb bildim. U yerda million dollar topsangiz ham, yurakda vatan sog‘inchi ketmaydi. Ishlaringizni qilib bo‘lgach, tezroq ortga qaytish haqida bosh qotirasiz. Bu o‘zgacha his. Amerika baribir O‘zbekistondek yurakka yaqin emas. Shu bois, har safar ortga qaytayotganimda yuragim entikadi. Tezroq do‘stlarim, oilam oldiga qaytim kelaveradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Begzod Abdurahmonov: "Akalarim bo‘lmaganida, hozir bu yerda o‘tirmagan bo‘lardim"