00:58 / 12.09.2021
2 746

Ro‘ziqul Berdiyev: "O‘ylaymanki, hammasi ortda qoldi"

Ro‘ziqul Berdiyev: "O‘ylaymanki, hammasi ortda qoldi"
Superliganing 17-turidan o‘rin olgan "Turon" - "Nasaf" (0:2) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev fikrlarini bildirib o‘tdi.

O‘yin haqida
"Avvalambor, Assalomu alaykum! Sizlar orqali muxlislarimizni tabriklaymiz. O‘yin ajoyib muhitda o‘tdi. Maydon holati, ob-havoning yaxshiligi futbol o‘ynash uchun qulay bo‘ldi. Asosiysi, himoyada bexato harakat qildik. Mazkur omil g‘alabamizga zamin yaratdi. Shuningdek, hujumda yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalandik. Barcha rejalarimizni amalga oshira oldik. Mazmunli va tartibli o‘ynab, g‘alabaga erishdik. Superligadagi g‘alabamizni muxlislar uzoq kutib qolishgandi. Uch ochko bilan yana bir bor barchani tabriklaymiz", – deydi Ro‘ziqul Berdiyev.

- O‘yin davomida jamoangiz haqiqatdan ham tartibli o‘ynadi. Raqib hujumga o‘tgan pallada to‘pni ko‘proq ushlashga urindi. Bu oldindan o‘ylangan rejamidi?
- "Turon" jamoasining so‘nggi uchrashuvlarini o‘rganganimizda o‘z maydonida juda keskin o‘ynayotgandi. Kuchli raqiblarni mag‘lubiyatga uchratgandi. Biz jadvalga qaraganimiz yo‘q. To‘p nazorati orqali raqibning tajovuzkor o‘ynashiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak edi. Ularni to‘psiz harakat qilishiga majbur qila oldik. "Turon" muxlislar va biz kutgan o‘yinni ko‘rsatmadi.

- Jamoaning natijalarida barqarorlik ko‘zga tashlanmayapti. O‘tgan turda o‘z maydoningizda "Navbahor"ga mag‘lub bo‘lib, bugun safarda "Turon"ni yutdinglar...
- Yo‘qotilgan ochkoni Yaypanda qaytarib oldik. Albatta, o‘zimiz ham bundan xavotirdamiz. Superligada jamoa bir tekis o‘yin ko‘rsatmadi. Kuchliroq klublar bilan o‘ynadik. Lekin oxirgi o‘yindagi natijalarimiz bizni qoniqtirmayotgandi. Buni tuzatishimiz kerak. Turnir jadvalida 2-3-o‘rindagi jamoalar uzoqlashib ketgan. Biz imkon qadar sovrinli o‘rinlar uchun kurashishimiz kerak. Jamoamiz bunga qodir. Futbolchilar o‘ynashni biladi. Natijalarni yaxshilaymiz, degan umiddaman.

- "Navbahor" bilan o‘yinda jamoaga motivatsiya yetishmagandi. Bugungi o‘yinda boshqacha ishtiyoq bilan o‘ynashdi. Bu nima bilan bog‘liq?
- Fikringizdan ma’lumki, o‘sha bahsni to‘liq ko‘rgansiz. Agar ko‘rgan bo‘lsangiz, o‘yinda ko‘p vaqt davomida ustunlik qildik. Qizil kartochka rejalarimizni buzdi, bu raqibni motivatsiyasini oshirdi. Motivatsiya bugungidek yuqori bo‘lmagandi. Bunga sabab avvalgi uchrashuvlardir. E’tibor bergan bo‘lsangiz, o‘yinning boshida vaziyatlardan foydalana olmagandik. Omad bizdan yuz o‘girdi. Qanchalik qiyinchiliklar bo‘lishiga qaramasdan, motivatsiya berishga harakat qilyapmiz. O‘ylaymanki, hammasi ortda qoldi. Bugungi o‘yin ko‘rsatdiki, jamoaning ruhiy holati yaxshi.

- Qo‘l ostingizdagi tarkib OFK kubogini yutishga qodirmi?
- Bizdan shuni kutishmoqda. G‘alaba qozonishga barcha mahorat va bilimimizni ishga solamiz. Raqiblarni ham hurmat qilish kerak. Navbatdagi bosqichdagi raqiblar jiddiy. Har bir davlatning eng yaxshi jamoalari bor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "O‘ylaymanki, hammasi ortda qoldi"