19:51 / 14.09.2021
2 131

Shomurodovdan assist va "bo‘rilar" yetakchi: A Seriya 3-tur yakunlari haqida

Shomurodovdan assist va "bo‘rilar" yetakchi: A Seriya 3-tur yakunlari haqida
Italiya chempionati navbatdagi tur uchrashuvlari ortda qoldi. Quyida mazkur uchrashuvlardagi asosiy bahslarning sharhi bilan tanishish imkoniga egasiz.
"Milan" "Latsio"dan ustun
Ushbu uchrashuv katta qiziqish bilan kutilgani bor gap. Bunga Sarri uchun yangi jamoasidagi birinchi sinov ekanligini ham sabab bo‘ldi. O‘yinni "Milan" faolroq boshladi va ko‘proq hujumlar uyushtirdi, ammo Kalabriya va Leaoning vaziyatlarini o‘ta qulay deb bo‘lmasdi. "Latsio" esa maydonning ikkinchi yarmida muqim o‘rnashib olishga qiynalar va deyarli hech qanday vaziyat yarata olmadi. Birinchi golni bo‘limning eng yorqin futbolchisi urgani qiziq albatta. Leao o‘zi to‘pni oldinga olib bordi va Rebich bilan devor uslubida o‘ynab, ustalik bilan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Tanaffusgacha "Milan" yana bir gol urishi mumkin edi, biroq Kessie penaltidan to‘pni darvoza to‘singa yo‘lladi.

Tanaffusdan keyin o‘yinning umumiy kartinasi o‘zgarmadi. "Milan" to‘p bilan ko‘proq muomalada bo‘lardi, "Latsio" esa o‘zini butkul yo‘qotib qo‘ygan va hujumdagi ishlari qovushmasdi. "Milan" yarim himoyasi ortiqcha muammolarsiz "burgutlar"dan ustunlikka erishdi. 60-daqiqada maydonga uzoq tanaffusdan so‘ng safga qaytgan Zlatan Ibragimovich tushirildi. Birinchi vaziyatdayoq shvetsiyalik futbolchi gol urishi mumkin edi, ammo qanotdan uzatilgan to‘pga yeta olmay qoldi. Shunday bo‘lsada, Zlatan shu kuni nomini tabloga yozdirib qo‘yishi taqdirida bor ekan. Salemarkis hujumni boshlab berdi, Rebich qanotda bir raqibini aldab o‘tib, Zlatanni deyarli bo‘sh darvoza oldiga chiqardi. Butsasining ipini bog‘lab ulgurmagani Ibraga gol urishga halaqit qilmadi. Milanliklar yana gol urishi mumkin edi, ularning qarshi hujumlari ham ancha xavfli ko‘rinish olardi. "Latsio" esa muxlislarini ochiqchasiga ranjitib, bu imtihondan o‘ta olmadi.

"Yuventus" "Napoli"ga yutqazib qo‘ydi
Omadsiz startdan keyin "Yuventus"ni Neapolga safar kutib turardi. "Napoli" esa aksincha, mavsumni ancha dadil boshlay olgandi. Aynan mezbonlar bu bellashuvni ham yaxshiroq boshlashdi. Insinening uzatmasidan so‘ng Politano boshining orqa tomoni bilan to‘pni darvozaga to‘g‘rilab yuborgandi, biroz mo‘ljalda adashdi. Keyin esa neapolliklar o‘zlari raqibga gol sovg‘a qilishdi. Manolas uzatmani paysalga solib yubordi, Morata to‘pni olib qo‘ydi va o‘tkir burchakdan uni darvozaga yo‘lladi. Ko‘p o‘tmay Kulushevskida ham qulay imkoniyat bo‘lgandi, ammo Ospina bir lahzaga shvetsiyalikdan chaqqonroq harakat qildi. "Napoli" to‘pga ko‘proq ega bo‘lsada, tanaffusgacha chinakam xavfli vaziyatlar yarata olmadi.

Ikkinchi bo‘limni esa mezbonlar chindan keskin hujumlar bilan boshlashdi. Natijada, Insinening uzoqdan bergan zarbasini Shensni ushlab qololmadi va Politano to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelib, nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. "Yuventus"da ham ko‘p bo‘lmasada, vaziyatlar yuzaga kelardi. Ular ichidan ayniqsa Makkenining zarbasini ta’kidlash lozim. "Napoli" esa opponentidan ko‘proq vaziyat yaratishni udallar va yakunda yana bir gol urishni uddaladi. Burchak zarbasidan keyin Shensni xatoga yo‘l qo‘ydi va Kalidu Kulibli ikki metrdan to‘pni darvoza to‘riga yo‘llab qo‘ydi. "Yuventus" bu golga javob berishga ulgurmadi. Natijada, "Napoli" g‘alabadan keyin musobaqa jadvali yetakchisi, "Yuventus" esa anchadan buyon bu qadar yomon startni namoyish qilmayotgan edi.

"Fiorentina" "Atalanta"ni yengdi
"Atalanta" odatdagidek o‘yinni tez boshladi va 13-daqiqadayoq gol urdi. Biroq takroriy lavhani ko‘rgan hakam Jimsitining golini bekor qildi. Kutilmaganda, bu vaziyat o‘yinni ancha tinchlantirib qo‘ydi. Temp bo‘lim o‘rtasiga kelib biroz ko‘tarildi. Toloy o‘z jarima maydonchasida to‘pni qo‘li bilan o‘ynab yuborji. Nuqtaga Dushan Vlaxovich yaqinlashdi va darvozabonga imkoniyat qoldirmadi. "Atalanta" qanchalar urinmasin, tanaffusgacha vaziyat yarata olmadi. Jarohatlangan Sapata va Muriel jarohat olgan bir pallada, o‘rinbosarlar raqib darvozasi tomon yo‘l topishga qiynalardi.

Tanaffusdan keyin Bonaventura katta tezlikda jarima maydonigacha yetib bordi, Jimsiti esa to‘pni olaman deb, "Atalanta" tarbiyalanuvchisini yerga qulatdi. Yana Vlaxovichning zarbasi oldida posbon ojiz qoldi. Ushbu goldan keyingina bergamoliklar kattaroq kuch bilan oldinga o‘ta boshlashdi. Buning oqibatida bo‘lim o‘rtalariga kelib, ular ham penalti tepish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Kalexon Ilichichga nisbatan qo‘pol harakat qildi. Sapata oradagi farqni qisqartirdi. "Atalanta" shturm uyushtirishga urinib ko‘rdi, lekin shu kecha "Fiorentina" himoyasi ideal tarzda harakat qilar va qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ymagani oqibatida "Napoli" faqatgina raqib jarima maydonchasiga yaqinlasha olardi.

"Atalanta" hamon o‘ziga o‘xshamayapti, "Fiorentina" esa qatorasiga 2-g‘alabasini rasmiylashtirdi.

"Roma"da g‘alaba, Shomurodovdan assist
Joze Mourino uchun yubiley o‘yinga "Roma" chindan katta ishtiyoq bilan tushib keldi. Bo‘lim boshidayoq Abraxam qanotdan uzatilgan to‘pni darvozaga yo‘llashga urindi, ammo biroz mo‘ljalda adashdi. O‘yin asta-sekin tinchlangandek bo‘lgandi, ammo Kristante jarima zarbasidan keyin hammadan chaqqonroq harakat qilib, hisobni ochdi va barchani uyg‘otib yubordi. "Sassuolo" to‘p bilan ko‘proq muomalada bo‘lsada, Rui Patrisiu darvozasi oldida chinakam vaziyatgacha ish yetib bormasdi. Barcha qiziq voqealar ikkinchi bo‘limga qoldirildi.

Tanaffusdan keyin o‘yinning borishi o‘zgarmadi, "neroverdi" ko‘proq hujum qilar, "Roma" esa raqibni qarshi hujumlarda "ushlashga" urinardi. Hujumlarning biri "Sassuolo"ning goli bilan yakunlandi. Berrardining uzatmasi Jurichichning oyog‘ini topdi. Ana bu goldan keyin esa chinakamiga keskin futbol boshlandi. Avvaliga Abraxam yaqin masofadan ustunni poyladi, keyin esa Berrardi darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqdi, lekin Patrisiu jamoasini qutqarib qoldi. Har ikki jamoa vaziyat ketidan vaziyat yaratardi, omadini hujumdan izlardi, ammo hisob hamon 1:1... Hal qiluvchi epizod esa o‘yinning oxirida yuz berdi.

Avvaliga Shomurodov o‘zi to‘pni darvozaga yo‘llashi mumkin edi, biroq hamyurtimiz buning imkonini topa olmadi, ammo Eldor vaziyatni oxirigacha davom ettirib, to‘pni El-Shaaraviga tashladi, italiyalik futbolchi esa aylanma zarbasi bilan rimliklarga g‘alaba keltirdi. Mourinyuning o‘yinchi almashtirishlari ish berdi. "Sassuolo", aniqrog‘i Shomurodovning sobiq jamoadoshi Skamakka hisobni tenglashtirdi, lekin hakam hujumchi o‘yindan tashqari holatdaligini qayd etdi. "Jalorossi" qatorasiga 3-g‘alabani nishonladi va A Seriya yetakchilari qatorida bormoqda.

"Sampdoriya" va "Inter" murosa ko‘chasini tanlashdi
Chempionat startidagi 2 g‘alabadan keyin "Inter" Genuyaga yaxshi kayfiyatda, lekin tarkibdagi muammolari bilan yo‘l oldi. Dimarko markaziy himoyachi rolida maydonga tushgan bo‘lsada, 15-daqiqada jarima zarbasidan hisobni ochdi. Ko‘p o‘tmay, Lautaro oradagi farqni ikkitaga oshirishi mumkin, ammo uning o‘tkir burchagidan bergan zarbasini Audero qaytarishni uddaladi. Bundan so‘ng o‘yin maydon markaziga ko‘chdi, yakkakurash ko‘paydi. Buni Yosidaning rikoshet yordamida urgan goli o‘zgartirdi. Ushbu vaziyatda Xandanovich jamoasini qutqarish imkoni umuman yo‘q edi. "Inter" tanaffusgacha gol urishni uddaladi, Barella to‘p bilan jarima maydoniga qadar o‘tib bordi va Lautaroga yetkazdi, argentinalikning zarbasi oldida esa kiper ojiz qoldi.

Ikkinchi bo‘lim boshlanishi hamonoq shunga o‘xshash golni endi "Sampdoriya" urdi. Bereshinski to‘pni jarima maydonchasining uzoq burchagiga yetkazdi, Audjello to‘pni yerga tushirmay zarba berib, "darvoza to‘qqizligini" nishonga oldi. "Inter" oldinga tashlandi va qulay imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Ayniqsa Chalxanoglu jamoasini yana oldinga olib chiqishi mumkin edi, lekin to‘p uning urinishidan keyin darvoza ustuni yonginasidan o‘tib ketdi. Mezbonlar ham jim qarab turganicha yo‘q. Kvalyarellaning zarbasidan keyin D`Ambrozio to‘pni darvoza chizig‘i ustidan qaytarib qoldi. Qanchalik urinmasin, har ikki jamoa o‘yin oxirigacha boshqa gol ura olmadi va "Inter" chempionatda ilk bor ochko yo‘qotdi, "Sampdoriya"ni esa xarakter ko‘rsatgani uchun maqtasa arziydi.

Shuningdek, "Torino" "Salerntiana"ga imkon qoldirmadi, "Bolonya" "Verona"ni yengdi, "Empoli" uyda "Venetsiya"ga yutqazib qo‘ydi.

Sergey Rumyansev
Nozima Zaripova tarjimasi

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovdan assist va "bo‘rilar" yetakchi: A Seriya 3-tur yakunlari haqida