11:30 / 15.09.2021
853

Bahodir Jalolov: Raqiblardan eng zo‘rini kutganman!

Bahodir Jalolov: Raqiblardan eng zo‘rini kutganman!
Havaskorlar o‘rtasida barcha nufuzli turnirlar – Olimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari oltin medalini qo‘lga kiritgan Bahodir Jalolov “neKARAte” YouTube-kanaliga intervyu berdi.

Qozog‘istonning vesti.kz sayti bergan ma’lumotga ko‘ra, Bahodir Jalolov Tokio Olimpiadasiga raqiblari xaqidagi savollarga javob berdi. Xususan, hamyurtimizdan finalda Qozog‘iston terma jamoasi sardori Qamshibek Ko‘nkaboyevga qarshi jang qilish imkoniyati haqida ham so‘rashdi. E’tiboringizga ushbu intervyu tarjimasini havola qilamiz.

Bahodir Jalolov Olimpiya o‘yinlari finalida amerikalik Richard Torresni mag‘lub etgan. Amerikalik bokschi esa yarim final bahsida Qamshibek Ko‘nkaboyevni nokaut qilib, sensatsiya ko‘targandi.

- Olimpiadada hamma raqiblar kuchli edi. Final jangi juda og‘ir bo‘ldi. Birinchi raundda kuchli zarba o‘tkazib yubordim, - deydi Bahodir Jalolov.

- Torresni finalda ko‘rishni kutganmiding? Yoki ko‘proq Ko‘nkaboyev bilan bo‘ladigan navbatdagi jangga tayyorlandingmi?
- Finaldagi raqibim Ko‘nkaboyev bo‘ladimi yoki Richard Torresmi menga farqi yo‘q edi. Hal qiluvchi jangda eng zo‘ri bilan jang qilish qiziq edi.

- Eng kuchlisini kutganmiding?
- Ha.

- Olimpiadadagi hakamlik qanday bo‘ldi? Hammasidan qoniqdingmi?
- Mening janglarimda ishlagan hakamlar halol bo‘ldi. Hammasi joyida edi.

Ta’kidlash joizki, Bahodir Jalolov va Qamshibek Ko‘nkaboyev raqobati zamonaviy boksda ko‘plab muxlisu mutaxassislar diqqat markazida turadi. Sport olamida o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik sportchilarning o‘zaro raqobatlashuvi anchadan beri bor. O‘ta og‘ir vaznli ushbu ikki bokschi o‘zaro yetti marta to‘qnash kelgan va o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi to‘rt bor raqibini mag‘lubiyatga uchratgan.

E’tiborli tomoni, Qamshibek Ko‘nkaboyev Bahodir Jalolovga to‘rt bor finallarda – bir marotaba jahon chempionati va uch marta Osiyo chempionatining hal qiluvchi so‘nggi jangida imkoniyatni boy berib, oltin medaldan quruq qolgan.

Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov Tokio Olimpiadasida ozarbayjonlik Muhammad Abdullayev, hindistonlik Satish Kumar, britaniyalik Freyzer Klark va amerikalik Richard Torresni yengib, faoliyatida ilk bor Olimpiya chempioni bo‘ldi.

Shuningdek, Bahodir Jalolov professional ringda ham faoliyatini davom ettirmoqda. Hozirga qadar hamyurtimiz sakkizta jang o‘tkazib, shularning barchasida raqiblarini nokaut qilgan. Qamshibek Ko‘nkaboyev ham professional o‘rtasida uchta jang o‘tkazib, barcha bahsni muddatidan oldin yakunladi.

Mutaxassislar Jalolov va Ko‘nkaboyev raqobati professional boksda ham davom ettishini ta’kidlayapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Bahodir Jalolov: Raqiblardan eng zo‘rini kutganman!
[/banner_pushhouse