12:21 / 21.09.2021
1 903

"Oldindan birgina niyatimiz bo‘lgan - Eronni mag‘lub etish, o‘sha kun keldi"

"Oldindan birgina niyatimiz bo‘lgan - Eronni mag‘lub etish, o‘sha kun keldi"
Litvada davom etayotgan futzal bo‘yicha jahon chempionati o‘zining qizg‘in pallasiga kirib boryapti. Unda qatnashayotgan O‘zbekiston terma jamoasining ishtiroki esa hammamizni hayajonga solayotgani bor gap.

Vakillarimiz tarixda ilk bor jahon chempionatida nimchorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. To‘g‘ri, biz uchun mundial omadli boshlangani yo‘q. Guruh o‘yinlarini mag‘lubiyat bilan qarshi oldik. Avvaliga Gvatemalaga 4:5, keyin Rossiyaga 2:4 hisoblarida yutqazdik. Ammo shunda ham taqdir taqozosi bilan biz uchun keyingi bosqichga chiqish imkoniyati saqlanib qolgandi. Buning uchun Misrni yutishimiz, Rossiya esa Gvatemalani taslim etishi kerak edi. Hammasi yakunda biz uchun muvaffaqiyatli yakun topdi.

Futzalchilarimiz misrliklarga qarshi o‘yinda 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va bu bizning keyingi bosqichga chiqishimiz uchun yetarli bo‘ldi. Bunda terma jamoamiz darvozaboni Ravshan Eliboyevning ham qo‘shgan hissasi katta bo‘ldi. U dastlab Misr terma jamoasiga qarshi o‘yin haqida gapirdi.

- Misr terma jamoasiga qarshi o‘yinimiz biz uchun o‘ta muhim edi. Bu his-hayajonga boy o‘yin bo‘ldi. To‘g‘risi, mana shunday o‘yin bo‘lishini oldindan bilgandik va biz bunga ruhan tayyor edik.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, O‘zbekiston ilk turda Gvatemalaga yutqazib qo‘ydi. Keyin Rossiyaga qarshi yaxshi o‘ynagan bo‘lsa-da, baribir raqib kuchli edi. Xullas, futzalchilarimiz ikkita mag‘lubiyatdan keyin o‘zlariga kela olgani tahsinga sazovor. Eliboyev jamoa ruhiy tushkunlikdan qanday chiqib ketgani xususida ham to‘xtaldi.

- Albatta, bizda ozgina ruhiy tushkunlik bor edi. Ammo jamoamizda bizni ruhan hamda ma’nan qo‘llab-quvvatlaydigan murabbiylarimiz bor. Ular bizga shu vaziyatdan qanday chiqib ketishimizni o‘rgatishdi. Oldinda hali imkoniyatimiz bor ekanligini his qilgan holda Misr bilan bo‘ladigan o‘yinni biz finaldek qabul qildik. Shu tariqa, jamoamiz bilan ushbu uchrashuvga ruhan tayyor edik.

Baribir hammasi o‘z qo‘limizda emasdi. Chunki rossiyaliklarning g‘alabasi biz uchun muhim edi. Misrga qarshi uchrashuvda futzalchilarimiz onlayn ravishda Rossiyaning o‘yinidagi natijani bilib turishdimi? Umuman aytganda, umid so‘nmaganmidi?


- Nafaqat o‘zimizda, balki jamoadoshlarimizda ham umid bor edi. Barchasi o‘z qo‘limizda ekanligini bilib turgandik, hali hech nima yo‘qotmagandik. Qizig‘i, shu birgina g‘alabamiz tufayli jahon chempionatidagi dastlabki yutug‘imizdayoq guruhimizda ikkinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqishimiz uchun yetarli bo‘ldi. Biz bunga ishongandik. Rossiya hamda Gvatemala terma jamoalari o‘yiniga keladigan bo‘lsak, albatta ushbu uchrashuv natijasini bevosita o‘yin davomida bilib turgandik va Rossiyaning g‘alaba qozonishini kutgandik, - dedi Eliboyev.

Birinchi o‘yinda terma jamoamiz darvozasini Rustam Umarov qo‘riqladi. Shubhasiz, u birinchi raqamli posbon. Ammo o‘z darvozasidan beshta gol o‘tkazgach, keyingi o‘yinlarda Ravshan Eliboyevga ishonch bildirilmoqda. Bu darvozabon esa o‘zidan yaxshi taassurot qoldirayotganini aytish kerak.

- Gvatemala bilan o‘yinga to‘xtalsam, men bu o‘yinda darvozabonimiz Rustam Umarovni ayblamagan bo‘lardim. Nimagaki, futzal – bu jamoaviy o‘yin. Albatta, chempionatdagi birinchi o‘yin doimo qiyin kechadi. Jamoadoshlarimizda his-hayajon yuqori edi. Shu bois o‘yin davomida ko‘plab xatolar yuzaga keldi. Mana shu xatolar bizga qimmatga tushdi. Men esa o‘z imkoniyatimni kutib kelayotgandim. Har soniyada maydonga tushishimni his qilardim. Natijada o‘z imkoniyatimdan foydalangan holda nimaga qodirligimni hamda murabbiyimizni bizga bergan ishonchini oqlashga harakat qildim. Avvalambor, Rustam Umarovga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. U meni doim qo‘llab-quvvatlaydi. O‘z tajribasi bilan menga to‘g‘ri ko‘rsatmalar beradi, - deya fikr bildirdi, Eliboyev.

Terma jamoamiz nimchorak finalda Eronga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi. Bu Osiyoning eng kuchli jamoasi. Bizni o‘ta murakkab uchrashuv kutyapti. Ularning Argentinaga qarshi o‘yinini terma jamoamiz a’zolari ham diqqat bilan kuzatib borishdi. Eronni qanday yutish mumkin? Bu xususida darvozabonimiz quyidagilarni aytdi.

- Eronning Argentinaga qarshi o‘yinini bevosita tribunadan kuzatdik. O‘yin qiziqarli kechdi. Argentina uchrashuvni nazorat qildi. Ular amaldagi jahon chempioni, to‘p bilan muomala qilishi ham yuqori darajadaligini ko‘rsatdilar. Kombinatsiyalari ham shunga yarasha. Argentina top-jamoa ekaniga yana bir bor guvoh bo‘ldim. O‘zimiz uchun bu o‘yindan ko‘p ma’lumot oldik. Eron bu uchrashuvda ko‘proq bizga raqib bo‘lishni xohlagandek ko‘rindi. Shuning uchun o‘yinchilari 100 foiz kuch bilan harakat qilmagani menda shubha uyg‘otdi. Bilasizlar, ular biz uchun azaliy raqib hisoblanadi.

Jahon chempionatidan oldin Tailanddagi musobaqada ularga qarshi o‘ynadik. Jamoamiz o‘shanda yaxshi harakat qildi. Hisobda bir necha bor oldinda bo‘lsak-da, kichik xatolarimiz evaziga mag‘lub bo‘lgandik. Bizda Eronga qarshi o‘yin uchun yana uch kun vaqtimiz bor. Murabbiylarimiz raqibning o‘yinini o‘rganib chiqishadi va bizga kerakli ko‘rsatmalarni aytadilar. Bizni oldindan birgina niyatimiz bo‘lib kelgan – Eronni mag‘lub etish. O‘ylashimcha, o‘sha kun keldi. Bu uchrashuv biz uchun xuddi finaldek bo‘ladi, 100 foiz kuchimizni sarflaymiz. O‘zbek futzali tarixini yana yangilashga harakat qilamiz.

Albatta, jahon chempionatida oldimizga qo‘yilgan maqsad – bu guruhdan chiqish edi. Biz bu vazifani uddaladik. O‘z yo‘limizdan to‘xtab qolmaymiz. Har doim oldinga intilishda davom etamiz. Eronni qanday yutish mumkin? Ularni to‘p bilan muomala qilishini cheklashimiz va o‘yinni o‘z tizginimizga olishimiz kerak. Kamroq xatolarga yo‘l qo‘yishimiz lozim. Qolaversa, imkoniyat yaratdikmi, albatta undan foydalanishimiz ham muhim
.

Odatda, futzalda to‘p surayotgan aksariyat o‘yinchilar katta futbol orqali kirib kelganlar. Bu borada Ravshan Eliboyev qanday qilib futzalchiga aylangani xususida ham gapirdi.

- Bilamiz, futzalga aksariyat o‘yinchilar katta futboldan kirib kelishadi. Men ham shu tariqa futzalga kirib kelganman. Meni futzal o‘ynashimga turtki bo‘lgan inson akam – Nodir Eliboyev bo‘lgan. Menga kerakli maslahatlarni bergan. Futzalda o‘zimni sinab ko‘rdim va menga ma’qul keldi. Shunday qilib, futzal mening hayotim mazmuniga aylandi.

Shuhratbek Jo‘rayev

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Oldindan birgina niyatimiz bo‘lgan - Eronni mag‘lub etish, o‘sha kun keldi"