15:35 / 21.09.2021
2 182

"Mohun Bagan" bosh murabbiyi: "Nega Shomurodovning futbolkasini kiyib kelmadingiz?"

"Mohun Bagan" bosh murabbiyi: "Nega Shomurodovning futbolkasini kiyib kelmadingiz?"
Foto: championat.asia
OFK kubogi doirasidagi "Nasaf" - "Mohun Bagan" uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanida mehmonlar ustozi Antonio Lopes Xabas va futbolchi Amrinder Singx ishtirok etdi.
"O‘yin oldidan natija haqida umuman gapirmayman. Ertangi bahsda o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni namoyish etishga harakat qilamiz", - deydi bosh murabbiy Antonio Lopes Xabas.

"Bu yerda bizni iliq kutib olishgani uchun katta rahmat aytaman. Ertangi uchrashuvga yaxshi tayyorlandik deb o‘ylayman. Bo‘lajak bahsga Dubaydagi yig‘in orqali tayyorlandik va ertaga o‘zimizning yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz", - deydi futbolchi Amrinder Singx.

- 2014 yildan buyon shu klubda bosh murabbiy bo‘lib ishlab kelayapsiz. Klubning yutuqlari nimalardan iborat, ispan futbolining qaysi jihatlarini olib kirdingiz?
- Bir narsani alohida ta’kidlashni istardim, Hindiston futboli so‘nggi yillarda ancha rivojlandi. Mahalliy Superliga kuchayishiga jiddiy e’tibor qilindi. Oxirgi paytlarda esa akademiyalarga urg‘u qaratilmoqda. Biz ham shunga qarab ish olib borayapmiz.

- "Nasaf" haqidagi fikringiz qanday?
- Birinchi navbatda e’tibor qaratish kerak bo‘lgan jihat bu "Nasaf"ning tashkiliy jihatdan yaxshi yo‘lga qo‘yilgan jamoa ekanligi. Raqib to‘g‘risida ko‘p ham gapirmagan bo‘lardim. Ertangi bahsda ikkala jamoaning imkoniyati teng. Faqat bir narsani aytishim kerak: Bu bahs bitta o‘yindan iborat va shu narsagina mezbonlarda kichkina ustunlik berishi mumkin.

- Bizdagi ob-havo Hindiston iqlimi bilan qanchalik farq qiladi va bu ertangi bahsga ta’sir qiladimi?
- Iqlim borasida muammo bo‘lmaydi deb o‘ylayman. To‘g‘ri Hindistonda havo issiq. O‘zbekistonda hozir biroz sovuqroq, ammo futbol o‘ynash uchun qulay sharoit. Bu hech qanday muammo bo‘lmaydi.

- Savol futbolchiga: Hindiston Superligasi mart oyida yakuniga yetgan. Futbolchilar sport formasini qanday ushlab turishdi?
Amrinder Singx: - To‘g‘ri aytdingiz milliy chempionatimiz mart oyida yakunlangan. Ko‘plab futbolchilar Hindiston terma jamoasida o‘ynashdi, OFK kubogi bahslarida qatnashdik, undan keyin to‘g‘ri kichik tanaffus ham yuzaga keldi. Ertangi bahsga to‘liq tayyormiz deya olaman.

- OFK kubogi guruh bosqichidagi o‘yinlaringiz haqida nima deya olasiz?
- Markazlashgan holda o‘tkazilgan guruh bosqichini anchagina yaxshi o‘tkazdik. 2ta g‘alaba va 1ta durang qayd etdik. Futbolchilar har bir o‘yinda borini berib o‘ynashdi. Guruh bosqichidan ko‘nglim to‘ldi. Ayni paytdagi bor e’tiborimiz ertangi bahsga qaratilgan va oldingi o‘yinlar unutilgan.

- Ayrim murabbiylar hujumkor, ayrim murabbiylar himoyaviy o‘yinni xush ko‘rishadi. Siz qay birini xush ko‘rasiz?
- Biz hujumkor yoki himoyaviy o‘yin ko‘rsatadigan jamoa emasmiz. Biz balansni saqlaymiz, mavridi kelganda hujumga o‘tamiz, mavridi kelganda yaxshi himoyalanamiz. G‘alabalarni shunday o‘yinimiz orqali qo‘lga kirityapmiz.

- O‘zbek futbolining Osiyo qit’asidagi o‘rnini qanday baholaysiz?
- Uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish paytida "Nasaf"ga bor e’tiborimizni qaratdik. O‘zbek futboli haqida to‘liq ma’lumotlarimiz yo‘q.

- O‘zbek klublari OCHLda qatnashib keladi...
- Nega Shomurodovni futbolkasini kiyib kelmadingiz? Nega "Milan" formasidasiz (kuladi). Men Shomurodovni yaxshi bilaman, yaxshi futbolchi.

- Shomurodovdan tashqari yana qaysi o‘zbekistonlik futbolchilarni taniysiz? Ertaga "Nasaf"da aynan kimdan ko‘proq xavf kutyapsiz?
- "Nasaf" safida ko‘p futbolchilarni bilaman. Ismlarini talaffuz qilish qiyinroq. Markazda o‘ynaydigan serbiyalik yarim himoyachi va hujum chizig‘ida o‘ynaydigan milliy terma jamoaga nomzod futbolchi (Husayin Norchayev) menda yaxshi taassurot qoldirgan. "Nasaf" safida o‘yinni hal qila oladigan futbolchilar ko‘p, lekin bizning jamoada ham shunday o‘yinchilar bor.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » "Mohun Bagan" bosh murabbiyi: "Nega Shomurodovning futbolkasini kiyib kelmadingiz?"
[/banner_pushhouse