12:23 / 14.10.2021
1 891

Mourino “Yuventus”ga qarshi o‘yinda Shomurodovga suyanishiga to‘g‘ri keladi...

Mourino “Yuventus”ga qarshi o‘yinda Shomurodovga suyanishiga to‘g‘ri keladi...
A Seriyaning sakkizinchi turida “Roma”ni jiddiy sinov kutmoqda. Joze Mourino shogirdlari 17 oktabrga belgilangan uchrashuvda Turinda “Yuventus” mehmoni bo‘ladi.

“Yuventus” Rim klubining Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchisi hisoblanadi. Garchi Massimiliano Allegri shogirdlari mavsumni ancha bo‘sh boshlagan bo‘lsa-da, sekin-asta o‘z o‘yinini topib bormoqda va hozirdan yuqori o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda.

“Roma” mavsumni zo‘r boshladi. Ketma-ket g‘alabalardan so‘ng, Mourino shogirdlari milliy chempionatda “Verona” va “Latsio”ga bir xil – 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib qimmatli ochkolarni yo‘qotdi.

Rimliklar o‘zlaridan yuqorida turgan “Napoli”, “Milan”, “Inter” ochkolar hisobidagi farqda yanada ilgarilab ketmasligi uchun Turindagi uchrashuvda ijobiy natija qayd etishi talab qilinadi.

Biroq, bo‘lajak bahs oldidan Joze Mourinoning kayfiyati buzildi. Bosh murabbiy ikkita noxush xabarga duch keldi. Birinchidan, portugaliyalik mutaxassisning eng yaxshi ko‘rgan hujumchisi Temmi Abraxam Angliya terma jamoasi tarkibida jarohat oldi.

2022 yilgi jahon chempionatining saralash turniri doirasida Temmi Abraxam Albaniyaga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda terma jamoaga qaytganini gol bilan nishonlagan edi. Biroq, keyingi turda Vengriya bilan bahsda iste’dodli hujumchi ikkinchi bo‘limda zaxiradan o‘yinga qo‘shildi va jarohati tufayli bellashuvni yakunlay olmadi.

Qizig‘i, Joze Mourino Temmi Abraxamning Angliya terma jamoasida o‘ynashi tarafdori edi va bosh murabbiy Garet Sautgeytga bu hujumchidan foydalanishni tavsiya qilgan edi.

La Gazzetta dello Sport nashrining yozilishicha, “Roma” tibbiyot bo‘limlari xodimlari darhol Angliya terma jamoasidagi hamkasblari bilan bog‘lanib, 24 yoshli hujumchining ahvoli va jarohati darajasi bilan qiziqqan. Ma’lumotlarga qaraganda, Abraxam Rimdagi Villa Stuart klinikasida chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkaziladi va shundan so‘ng jarohatining darajasiga oydinlik qiritiladi.

Shunga qaramay, mutaxassislar hozirdan “Roma”ning asosiy hujumchisi “Yuventus” bilan bo‘ladigan o‘yinni o‘tkazib yuborishi ehtimoli katta ekanini ta’kidlamoqda. Agar shunday bo‘lib chiqsa, turinliklarga qarshi bahsda markaziy hujumchi vazifasini bajarishga asosiy nomzod Eldor Shomurodov bo‘ladi. Mourino katta ehtimol bilan o‘zbek futbolchisiga suyanadi. Qolaversa, bu legionerimiz uchun juda yaxshi imkoniyat. Golsiz seriyasiga barham bera olmayotgan Shomurodov kuchli klublarga qarshi o‘yinlarda salohiyatini namoyish qilish orqali o‘ziga bo‘lgan e’tiborni qaytarib olishi kerak.

Eldorning o‘zi ikki hafta davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘inida ishtirok etib, Malayziya va Iordaniya bilan bo‘lgan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarda qatnashdi. Biroq, Eldor bu bahslarda o‘zini ko‘rsata olgani yo‘q. Shomurodov terma jamoa tarkibida o‘z imkoniyatidan past darajada o‘ynagandek ko‘rindi.

Mourinoni xavotirga solgan ikkinchi xabar jamoa yetakchisi Lorenso Pellegriniga tegishli. Rim klubi g‘alabalariga katta hissa qo‘shib kelayotgan sardorning isitmasi ko‘tarilib ketgani aniqlandi. Tibbiyot xodimlari darhol uni koronavirusga tekshirishdi. Testlar manfiy natija berdi.

Xabarlarga qaraganda, shamollash tufayli Pellegrini ham Turindagi uchrashuvda qatnashishi so‘roq ostida qolmoqda. Joze Mourino esa muhim bellashuv oldidan katta yo‘qotishlarning o‘rnini to‘ldirishi kerak bo‘ladi.

“Yuventus” – “Roma” uchrashuvi 17 oktabr kuni Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Mourino “Yuventus”ga qarshi o‘yinda Shomurodovga suyanishiga to‘g‘ri keladi...