10:10 / 18.10.2021
981

«Oltin to‘p»—2021 ga kim haqliroq? Yilning eng muhim sovrini uchun kurashdagi 5 favorit

«Oltin to‘p»—2021 ga kim haqliroq? Yilning eng muhim sovrini uchun kurashdagi 5 favorit
«Oltin to‘p»—2021 uchun da’vogarlar e’lon qilindi va ko‘pchilik mutaxassislar unda kimga ovoz berishini ham aytishga ulgurdi. Fransiyaning L’Equipe nashri 30 nafar nomzoddan sovrinni qo‘lga kiritish borasida boshqalarga qaraganda yaxshiroq imkoniyatlarga ega bo‘lgan besh futbolchini taqdim etdi. Nashrga ko‘ra, sovrin uchun asosiy kurash aynan ular orasida kechadi.

2018 yilda Lionel Messi va Krishtianu Ronalduning uzoq yillik «hukmronligiga» Luka Modrich chek qo‘ygandi, shunday keyin 2019 yilda Messi o‘zining oltinchi «Oltin to‘p»ini qo‘lga kiritdi. 2020 yilda esa sovrin na Messi, na Ronaldu va boshqa futbolchiga nasib etdi, bunga koronavirus pandemiyasi yo‘l qo‘ymadi. «O‘zga sayyoraliklar» bu yilgi nomzodlar qatoridan ham joy olgan, biroq bu safar ularning raqobatchilari juda jiddiy.

Karim Benzema

Foto: Getty Images
«Real» va Fransiya terma jamoasi hujumchisi ayni damda sovrin uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. U nafaqat klub safida, balki terma jamoada ham birdek ajoyib o‘yin namoyish etmoqda va gol urishda hech kimdan «uyalib» o‘tirgani yo‘q. Uning yaqinda UYEFA Millatlar Ligasi finalida Ispaniyaga urgan goli va jamoa bilan musobaqa bosh sovrinini qo‘lga kiritgani ham buning tasdig‘i bo‘lishi mumkin.

Shu ketishda Benzema 33 yoshida «Oltin to‘p»ni Fransiyaga qaytarishi mumkin, 1998 yilda Zinedin Zidan qo‘lga kiritganidan keyin mamlakat futbolchilari orasida hech kim mazkur sovringa ega chiqmagan. Karim bundan oldin o‘n marta mukofotga nomzodlar qatoriga kiritilgan va uning eng yaxshi natijasi 2014 yilda 16-o‘rinni egallagani bo‘lgan.

Alohida ta’kidlash kerak bo‘lgan jihat, hech bir futbolchi 2021/22 yilgi mavsumda Karim Benzemadan (10 ta gol va 7 ta golli uzatma) yaxshiroq sermahsullik ko‘rsata olgani yo‘q. Shuningdek, bunga Millatlar Ligasida Belgiya va Ispaniya darvozasiga urilgan gollarni ham qo‘shish lozim. Millatlar Ligasidagi g‘alaba Benzema uchun terma jamoadagi ilk sovrin bo‘ldi. Benzema «Valbuena ishi» tufayli 2015 yildan 2021 yilgacha «uchranglilar» safida o‘ynay olmagandi.

Lionel Messi

Foto: Getty Images
Argentinalik daho «Oltin to‘p»ning amaldagi sohibi hisoblanadi (2019 yil). Messi, shubhasiz, yana bir muvaffaqiyatni kutmoqda va uning umidlari asosli: 2021 yilda Leo Argentina bilan Amerika Kubogini qo‘lga kiritdi va qit’a chempionatining eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Biroq «Barselona»da o‘tgan mavsum u uchun terma jamoadagi kabi omadli kelmadi, shunga qaramay u kataloniyaliklar bilan Ispaniya Kubogiga ega chiqdi va shaxsiy to‘plamiga navbatdagi Pichichi (Marca nashri tomonidan Ispaniya chempionatida mavsum to‘purariga beriladigan mukofot) sovrinini ham qo‘shib qo‘ydi.

Shuningdek, 2021 yil Leo uchun o‘zgarish yili va yangi sinov bo‘ldi. Yozda u «Barselona»dagi faoliyatini yakunlab, «PSJ»ga ko‘chib o‘tdi.

Robert Levandovski

Foto: Getty Images
«Bavariya» va Polsha terma jamoasi hujumchisiga nisbatan o‘tgan yili unchalik ham adolatli qaror chiqarilmadi. 2020 yil, albatta, uning yili bo‘lgandi, «Oltin to‘p»ga undan-da loyiqroq nomzod yo‘q edi. Afsuski, France Football sovrinni berishdan bosh tortdi va Levandovski o‘zi munosib bo‘lgan e’tirofsiz qoldi.

Robert bu yili ham taslim bo‘lmadi va yana sovrin uchun asosiy da’vogarlar qatoridan joy oldi. Bu yil u «Bavariya» bilan uchta sovrinni qo‘lga kiritdi — Bundesliga, klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati va Germaniya Superkubogi. «Shaxsiy front»da ham polyakning ishlari yaxshi rivojlandi: Germaniya chempionatida 29 uchrashuvda 41 ta gol urib, Gerd Myullerning abadiy rekordini yangiladi. Bunday samaradorlik bilan Levandovski o‘z faoliyatida birinchi marta «Oltin butsi»ni qo‘lga kiritdi.

Jorjino

Foto: Twitter
Asli kelib chiqishi braziliyaliklarga borib taqaladigan italyan g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan yana biridir. Va bu shunchaki havodan olib aytilayotgan gaplar emas: Jorjino 2021 yilda «Chelsi» bilan Chempionlar Ligasida g‘alaba qozondi, keyin Italiya terma jamoasi safida Yevropa chempioni bo‘ldi va shundan so‘ng yana «aristokratlar» bilan birgalikda UYEFA Superkubogini qo‘lga kiritdi. London klubi safida ham, terma jamoa safida ham u asosiy ijrochi sifatida boshqalardan ajralib turadi, Jorjinosiz ikkala jamoaning ham yarim himoyasini tasavvur qilish mushkul.

«Biz orzular bilan yashaymiz. Ochig‘ini aytaman: hammasi siz tanlagan mezonlarga bog‘liq. Agar iste’dod haqida gapiradigan bo‘lsak, dunyodagi eng zo‘ri emasligimni tushunaman. Agar sovrinlarga qarab ovoz bersangiz, bu mavsumda hech kim mendan ko‘proq sovrin yutgani yo‘q», — degandi Jorjino bir necha oy oldin bergan intervyusida.

Krishtianu Ronaldu

Foto: Getty Images
Portugaliya terma jamoasi hujumchisi va shu yilning avgust oyidan buyon «Manchester Yunayted» sharafini himoya qilayotgan Ronalduni hisobdan chiqarishga hali erta. Uning besh karra «Oltin to‘p» sohibi ekani ham Ronalduga alohida maqom berib turadi. Ronaldu o‘tgan mavsumda «Yuventus» safida juda ajoyib mavsum o‘tkazmaganiga qaramay u A Seriyaning 33 o‘yinida 29 ta gol urib, mavsum to‘purari bo‘ldi. Qolaversa, 36 yoshli futbolchi «keksa sinora» bilan Italiya Kubogida zafar quchdi.

Portugaliya terma jamoasida esa u o‘z vazifalarini bekam-u ko‘st bajarmoqda. Krishtianu beshta gol bilan Yevro—2020 da Patrik Shikni (Chexiya) ortda qoldirib, musobaqaning eng yaxshi to‘purariga aylandi. Bundan tashqari JCH—2022 saralashi doirasidagi o‘yinlarni ham golsiz tark etayotgani yo‘q.

Yozgi transferlar oynasida Ronaldu «Yuventus»dan «Manchester Yunayted»ga o‘tdi. Va uning «Old Trafford»ga qaytishi ham o‘zi kabi aql bovar darajada o‘tdi: u birinchi o‘yinidayoq dubl qayd etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » «Oltin to‘p»—2021 ga kim haqliroq? Yilning eng muhim sovrini uchun kurashdagi 5 favorit