00:13 / 21.10.2021
1 432

Shomurodovga yanada qiyin bo‘ladi. Mourino Angliyadan yana bir yulduz hujumchini olmoqda!

Shomurodovga yanada qiyin bo‘ladi. Mourino Angliyadan yana bir yulduz hujumchini olmoqda!
Eldor Shomurodov “Roma”ning zaxira o‘yinchisiga aylanib qoldi. “Yuventus” bilan o‘yin Joze Mourino har qanday vaziyatda ham Angliyadan olib kelingan Temmi Abraxamga boshlang‘ich tarkibdan joyni kafolatlashini yana bir karra isbotladi.

Portugaliyalik mutaxassis A Seriya qizg‘in pallaga kirgan bir paytda zaxira o‘rindig‘i qisqaligidan shikoyat qilyapti. Mourino bir necha bor “Napoli”, “Yuventus”, “Milan”, “Atalanta” va “Inter” kabi jamoalar darajasiga chiqish uchun tarkibni yanada kuchaytirish murabbiyda tanlov imkoniyati keng bo‘lishi lozimligini ta’kidlagan edi.

- Oxirigi daqiqagacha Karsdorpning o‘ynashi so‘roq ostida edi. Mening zaxiramda himoyachilardan Reynolds, Kumbulla va Kolafori qolgandi xolos. To‘rtinchi o‘rinda turibmiz, lekin ochko olmayapmiz, - dedi Mourino Turinda boy berilgani uchrashuvlardan keyin.

Darhaqiqat, “Roma” eng kam o‘yinchi xizmatidan foydalangan uch jamoadan biri bo‘lib turibdi. Mourino A Seriya o‘yinlarida jamoa ro‘yxatidagi 31 nafar futbolchidan 22 tasiga ishonch bildirib kelmoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha rimliklardan 20 tadan o‘yinchini o‘ynayotgan “Udineze” va “Sampdoriya”dan keyin uchinchi o‘rinda.

Joze Mourino oldindagi transfer oynalari davrida tarkibni o‘zgarishda davom etadi. Ma’lumotlarga qaraganda, rimliklar “Aston Villa” hujumchisi Anvar Al-G‘oziyni transfer qilmoqchi. Albatta 26 yoshli niderlandiyalik futbolchi ham shaxsan Mourinoning tanlovi hisoblanadi.

“Aston Villa” o‘z o‘yinchisini 18 million funtga qo‘yib yuborishga tayyorligini bildirgan. Agar bu transfer amalga oshsa, Eldor Shomurodovning “Roma” asosiy tarkibiga kirish yanada qiyinlashib ketadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Anvar Al-G‘oziy professional faoliyati davomida “Ayaks”, “Lill” va “Aston Villa” sharafini himoya qilgan. Bu hujumchi Niderlandiya, Fransiya va Angliya chempionatlarida gol ura olgani ahamiyatlidir.

Umuman olganda, Mourino barcha chiziqlarni kuchaytirish borasida bosh qotirmoqda. Bir necha futbolchilar hozirdan o‘z o‘rnini yorqinroq nomlarga bo‘shatib berishi aytilmoqda. Klub sport direktori Tiago Pintu bosh murabbiy bilan maslahatlashgan holda bir necha transferlarni hal qilish bo‘yicha ishlayapti.

Xususan, taniqli yarim himoyachilar Xaver Pastore va Stiven Nzonzining o‘rni bo‘shadi. Navbat, biror marta o‘yinga tushmagan himoyachilar – argentinalik Federiko Pasio va italiyalik Davide Santonga kelgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, Mourino braziliyalik darvozabon Daniel Fuzato, himoyachilardan albaniyalik Marash Kumbulla, amerikalik Brayan Reynolds, yarim himoyachilardan ispaniyalik Gonsalo Vilyar, gvineyalik Amadu Diavara va “Real”dan ijaraga olingan hujumchi Borxa Mayoral bilan tezroq xayrlashib, ularning o‘rniga o‘zi istagan o‘yinchilarni taklif qilishni rejalashtiryapti.

Xo‘sh, “Roma” Anvar Al-G‘oziydan boshqa yana kimlarni Rimga olib kelmoqchi?

Birinchi navbatda, Mourino “Borussiya” vakili Denis Zakariyaga xaridor. Tiago Pintu shveysariyalik yarim himoyachi agentlari bilan gaplashganidani keyin Zakariya myonxengladbaxliklarning yangi shartnoma bo‘yicha taklifini rad etdi va u Rimga erkin agent sifatida yozda kelishi kutilmoqda.

Maydon markazini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilar orasida “Portu” vakili Luis Dias ham bor. “Roma”ning eng zaif nuqtasi hisoblangan himoya chizig‘iga “Ayaks”dan Nusser Mazraui va “Sampdoriya”dan Bartosh Bereshinski nomzodi ko‘rilyapti.

Mourino jamoasida asosiy darvozabon vazifani Ruy Patrisio bajarishi shubhasiz. Unga o‘rinbosar sifatida portugaliyalik mutaxassis avvalgi ish joyi – “Tottenxem”da tarbiyalangan darvozabon Joshua Oluvayemini Rimga olib kelmoqchi.

20 yoshli darvozabonning londonliklar bilan amaldagi shartnomasi yozda yakuniga yetadi. Portugaliyalik mutaxassis iste’dodli posbonni erkin agent sifatida bepul qo‘lga kiritmoqchi.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, Mourino “Roma” rahbariyatini qudratli jamoa tuzish va ijobiy natijaga erishish uchun katta transferlarni amalga oshirish zarurligiga ishontirgan. Shunday ekan, rimliklar transferlar davrining faol ishtirokchisiga aylanadi. Bu o‘z o‘zidan jamoada ichki raqobatning kuchayishi olib keladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Shomurodovga yanada qiyin bo‘ladi. Mourino Angliyadan yana bir yulduz hujumchini olmoqda!