21:44 / 23.10.2021
1 137

Sekeyra hakamlarni aybladi, bunga Ashurmatov qanday javob qaytardi?

Sekeyra hakamlarni aybladi, bunga Ashurmatov qanday javob qaytardi?
“Qo‘qon-1912” – “Lokomotiv” (2:1) uchrashuvidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumaning ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov ishtirok etdi.

- Murakkab va qiyin o‘yin bo‘ldi. Saylov oldidan Qo‘qon xalqining kayfiyatini ko‘targanimizdan xursandman. Yigitlarimizga va muxlislarimizga katta rahmat. Raqib hujumga o‘tganida ishqibozlar bizni himoyaga yotib olmasligimizni talab qilishadi. Bu ham jamoamizga qo‘shimcha kuch beradi. Biz ham yigitlarga ko‘proq hujum qilish kerakligini ta’kidlaymiz. O‘yindan oldin futbolchilarimizga “Lokomotiv”ni murakkab raqib ekanligini aytib, iliq fikrlar bildirgandik. “Lokomotiv” medallar uchun kurashishni maqsad qilgandi. Ammo qayerdadir Sekeyra o‘z o‘yin uslubini yo‘lga qo‘yib olgunicha vaqt yo‘qotdi.

Bugungi uchrashuvda ham “Loko” to‘p nazorati va pozitsion hujumlar bo‘yicha ustunligi borligini ko‘rsatdi. Ammo biz g‘alabaga ishtiyoq, oxirigacha kurashish, muxlislarimizni xursand qilish kabi omillar bo‘yicha g‘alaba qozondik. O‘rnimiz jamoa saviyasiga mos emasdi. O‘yinning ayrim vaziyatlarida “Lokomotiv” yuqori o‘yin ko‘rsatdi va bizdan ustunlik namoyish qildi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilarimiz o‘yinni kuchaytira oldi.

- Sekeyra matbuot anjumanida hakamlar aybi bilan yutqazdik dedi. Siz hakamlar to‘g‘risida nima deysiz?
- Hakamlar ikkala tomonga ham adashgan bo‘lishi mumkin. Lekin atayin qaysidir tomonga yon bosdi deb ayta olmayman. Afsus, bugun VAR ishlatilmadi. Shu sababli ayrim vaziyatlarga real baho berishimiz qiyin. Asosiysi, biz g‘alaba qozondik. Bunday paytda kimgadir e’tiroz bildirish qiyin. To‘g‘ri, xatosiz o‘yinlar bo‘lmaydi, men faqat futbolchilarimga e’tiroz bildirishim mumkin. Boya aytganimdek, o‘yin paytida ustunlikni raqibga berib qo‘yganimiz uchun qayerda xato qilganimiz ustida izlanishim mumkin.

Gapning ochig‘i, men Bambadan to‘p qo‘lingga tegdimi deb so‘radim. Yuzimga tegib kirib ketdi, deb aytdi. Takroriy lavhalarni ko‘rib chiqqanimizdan keyin aniq fikr bildirish mumkin. Turopovga kelsak, u to‘pdan uzoqroqda o‘xshab tuyuldi. Buni ham qayta ko‘rib chiqish kerak. Buni ko‘radigan qo‘mita bor. Bugungi o‘yinni boshqarish oson bo‘lmadi. Murakkab o‘yinda hakamlar ishni munosib uddalay olishdi.

- “Qo‘qon-1912” uchta o‘yinda o‘z o‘rnini saqlab qoladimi?
- Yo‘q, biz 8-o‘rinni saqlab qolmoqchi emasmiz. Aytib o‘tganingizdek, oldimizda uchta o‘yin bor. Imkoniyat bor ekan, yanada yaxshiroq o‘rinlarga harakat qilsak bo‘ladi. Yigitlarga ishonaman. Bir necha bor ta’kidlab o‘tdim, 9, 8-o‘rinlar bizga kerak emas. “Paxtakor”, “So‘g‘diyona”, “Lokomotiv” kabi grandlarga qarshi futbolchilarimiz yaxshi o‘ynay olishlarini ko‘rsatdi va har qanday raqibga munosib qarshilik ko‘rsata oladilar.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Sekeyra hakamlarni aybladi, bunga Ashurmatov qanday javob qaytardi?