17:12 / 21.11.2021
11 345

Viktor Jalilov: “Biz 5-o‘rinni egallash uchun harakat qilyapmiz”

Viktor Jalilov: “Biz 5-o‘rinni egallash uchun harakat qilyapmiz”
Coca-Cola Superliga 25-turidan o‘rin olgan “Andijon” – “Navbahor” (1:2) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Viktor Jalilov o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- “Andijon” va “Navbahor” o‘rtasidagi o‘yinlar har doim jamoalar uchun qiyin kechadi. Natijalarni oldindan aytib bo‘lmaydi. Guvohi bo‘lganingizdek, birinchi davrada biz o‘z maydonimizda yutqazgandik, bugun andijonliklar maydonida g‘alaba qozondik. Lekin bugungi natija adolatli bo‘ldi. Har holda, bizda darvozani ishg‘ol qilish uchun imkoniyatlar ko‘proq bo‘ldi. Kichik ustunlikka erishdik, - deydi Viktor Romanovich.

- “Navbahor” birinchi davradagi mag‘lubiyat alamini olish uchun ham bugun kuchliroq o‘ynadi, deb hisoblaysizmi?
- Har bir jamoaning o‘ziga yarasha maqsadlari bo‘ladi, har bir jamoa o‘yinni kuchaytirishni istaydi. Bu yerda turnir nuqtai nazaridan ham motivatsiya bor edi. Bilamizki, hozir “Andijon”ning turnir jadvalidagi ahvoli og‘ir. Elitada jon saqlash uchun kurashyapti. Biz esa 5-o‘rinni egallash uchun harakat qilyapmiz. Shu bois, g‘alaba qozonishga astoydil intildik. Bugun durang qayd etganimizda ham 5-o‘rindan umid uzardik. Hozir esa imkoniyat saqlanib turibdi. Qolaversa, derbi - bu baribir, derbi. Jamoalarimiz o‘rtasidagi o‘yinlar har doim keskin kurashlar ostida o‘tadi. Namangan, Andijon va Farg‘ona jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlar geografik nuqtai nazardan hamisha tomoshabop o‘tadi.

- Murabbiylar shtabi keyingi mavsumda ham “Navbahor”dagi faoliyatini davom ettiradimi?
- Katta ehtimol, davom ettiradi. Shartnomalar bor, majburiyat bor. Umuman olganda, hozir keyingi mavsumda nima bo‘lishini emas, “Qo‘qon-1912”ga qarshi kechadigan o‘yin haqida o‘ylayapmiz.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Viktor Jalilov: “Biz 5-o‘rinni egallash uchun harakat qilyapmiz”