19:49 / 22.11.2021
3 150

Mourino eng past baholangan Shomurodov haqida nima dedi?

Mourino eng past baholangan Shomurodov haqida nima dedi?
“Roma” safar uchrashuvida “Jenoa”ni mag‘lubiyatga uchratib qaytdi. O‘yin taqdirini hal qilgan ikkala to‘pni Eldor Shomurodovning o‘rniga maydonga tushgan ganalik yosh hujumchi Feliks Afena-Gyan kiritdi. Ko‘p nashrlar va statistika tahlil markazlari ushbu bahsda jami 75 daqiqa harakat qilgan Eldor Shomurodovning o‘yinini eng past baholadi.

Rim klubi bosh murabbiyi Joze Mourino DAZN vakillariga bergan intervyusida shogirdlarining aksariyati haqida fikr bildirdi. E’tiboringizga ushbu suhbatni havola etamiz.

- Uchrashuv qahramoni Feliksdan boshlaylik. U sizni quchoqlash uchun yugurib ketdi. Ajoyi holat, shunday emasmi?
- Men unga 800 yevroga butsa olib berishni va’da qilgandim. Brendini aytmayman. U menga shuni eslatish uchun yugurib keldi. Endi olib beraman.

- Birinchi bo‘lim natijasiz bo‘ldi...
- Ha, birinchi bo‘limda yaxshi o‘ynab, ustunlik qildik, lekin bari besamar bo‘ldi. Doim o‘yinni nazorat qilish va to‘pni egallab turishga urindik. Hamma yaxshi o‘ynadi, ayniqsa, Genrix Mxitaryan bu pozitsiyada fantastik darajada o‘zini ko‘rsatdi. Ular o‘yinning ikkinchi yarmida o‘z darvozasiga juda yaqin o‘ynadi va bizga hujum uyushtirish uchun joy kamlik qildi. Shu pallada bunaqa o‘yinga Feliks to‘g‘ri keladi, degan fikr uyg‘ondi. U jismonan baquvvat va xavfli vaziyatlar yarata oladi. Men uni aynan mana shu xususiyati tufayli “Milan” va “Kalyari”ga qarshi bahslarda maydonga tushirgan edim. Bu gal ishonchimni oqlab, jamoaga yordami tegdi.

- Siz Feliksni birinchi bor ko‘rganingizda, nimalarni o‘ylagansiz?
- Primaverada o‘ynaydigan futbolchilar yonimizdagi sintetik maydonda shug‘ullanadi. Bizda maysali maydonlar ko‘p emas. U mavsum avvalidan biz bilan. Feliks raqib jarima maydonchasi ichidagi sovuqqonligi bilan meni hayratga solgandi. Texnik tomondan yetarli darajada kuchli emas, lekin juda sovuqqon. Harakatchanligi ham yuqori. Uning yoshida bu katta gap.

- El-Shaaravi ham jonini berib o‘ynadi, umuman hamma bir jamoa bo‘lib harakat qildi...
- Feliks o‘yin dinamikasini o‘zgartirdi. Eldor Shomuroov gol urmagan bo‘lsa-da, ko‘p xavfli vaziyat yaratishga urindi. Temmi Abraxam ham xuddi shunday. Karsdorp juda yaxshi o‘ynadi. El-Shaaravi bor kuchini berdi, u haqiqiy qanot hujumchisi. Feliks tushganidan keyin hammasi yurishib ketdi. Men durang haqida o‘ylay boshlagandim. Shunday zo‘r o‘yin bilan ochko yo‘qotish achinarli bo‘lardi. Biz “Venetsiya”ga qarshi ham yaxshi o‘ynagandik. Salbiy natijalar bosim o‘tkaza boshlagan edi. O‘yinchilar ham buni his qilishdi.

- Yangi modul va Dzanoloning tarkibdan chiqarilishi...
- Tarkib 3 nafar himoyachi bilan o‘ynashga moslashmagan. Dzanolo xuddi Peres singari o‘ynagani yo‘q. Bizda uchta himoyachi harakat qildi, chunki chap qanotda hech kim yo‘q edi. Bu sxemada Dzanolo o‘ynamaydi. “Jenoa” orqaga chekinib, durangni ushlab qolishni ko‘zlay boshladi. Ana shu pallada Feliksni tushirdim. Uning golini butun zaxira o‘rindig‘idagilar nishonlagani quvonarli va ajoyib. Dzanolo o‘ynamagan bo‘lsa ham xursandchilikni baham ko‘rdi. Demak u o‘zini jamoaning bir bo‘lagi, deb biladi. U keyingi uchrashuvlarda albatta o‘ynaydi.

- Shevchenko haqida nima deysiz?
- U menga ajoyib sovg‘a berdi. Shevchenko men uchun xursand bo‘ldi. U o‘z ishini yaxshi ko‘radi va albatta ko‘p g‘alabalarga erishishiga umid qilaman.

“Roma” 13-turdagi g‘alabasidan keyin ochkolari sonini 22 taga yetkazib, beshinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Endi Joze Mourino shogirdlari A Seriyaning navbatdagi turida “Torino”ni qabul qiladi. Bu uchrashuv 28 noyabrga belgilangan.

Ungacha rimliklar 25 noyabrda Konferensiyalar ligasida “Zarya” futbolchilari bilan Rimda kuch sinashadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mourino eng past baholangan Shomurodov haqida nima dedi?