14:00 / 24.11.2021
2 202

Ibrohimhalil Yo‘ldoshev: "Jenoa"dan taklif bo‘lgan edi, ammo...

Ibrohimhalil Yo‘ldoshev: "Jenoa"dan taklif bo‘lgan edi, ammo...
Ayni damda, "Nijniy Novgorod" klubi sharafini himoya qilayotgan Ibrohim Halil Yo‘ldoshev bilan suhbatlashdik. RPLda to‘p surayotgan legionerimiz muxlislarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berdi.

"Nijniy Novgorod" klubi sizni qanday qarshi oldi? Jamoaga kirishib ketish uchun qanday to‘siqlarni yengib o‘tishga to‘g‘ri keldi?
- Jamoa meni yaxshi kutib oldi. O‘ylashimcha, bunga asosiy sabab Kerjakov meni o‘z jamoasida ko‘rayotgani bo‘lgan. Borganimga ikki kun bo‘lganiga qaramay, birinchi uchrashuvning o‘zidayoq asosiy tarkibda maydonga tushdim. Hech qanday muammosiz kollektivga qo‘shilib ketdim. To‘g‘ri, faoliyatimda ilk bor legionerga aylanganim uchun ko‘nikish oson bo‘lgani yo‘q. Ayni damda, jamoaga to‘liq kirishib ketdim.

RPL darajasi qanday? Zamonaviy liga O‘zbekiston chempionatidan qay darajada oldinlab ketgan ekan?
- Rossiya chempionati o‘zimiznikidan ancha kuchliroq. Birinchi navbatda, ligada to‘p suruvchi futbolchilar o‘rtasidagi farq juda katta. Bu yerda, Yevropaning kuchli terma jamoalari a’zolari harakat qiladi. Murabbiylarning futbolga qarashi ham rang-barang. Har bir o‘yinda, o‘zim uchun yangilik kashf etyapman. O‘yinlardagi tempda ham farq juda katta. RPLda o‘yin tezligi, kontaktlar va jismoniy tayyorgarlik birinchi planga ko‘tariladi. Agar, barcha aspektlarda yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lmasangiz, bu yerda to‘p surish juda mushkul.

Siz taniqli sobiq futbolchi - Aleksandr Kerjakov qo‘l ostida harakat qilyapsiz. Aytingchi, u bilan futbol haqida suhbatlashib turasizmi? U qanday inson va qanday murabbiy?
- Aleksandr Kerjakov juda bosiq inson. Tez-tez suhbatlashib turamiz, ammo yaqin do‘stmiz deb ayta olmayman. Kuchli mutaxassis. U o‘z o‘yin falsafasiga ega. O‘yinlardan oldin bizga kerakli ko‘rsatmalarni sodda va tushunarli tarzda tushuntirib beradi. Mashg‘ulotlarda qattiqqo‘l bo‘lishiga qaramay, hayotda pozitiv inson. Biz bilan tez-tez hazillashadi. Chinakam professional.

Rejalaringiz qanday? "Nijniy Novgorod"da yana qancha qolasiz? Umuman olganda, klubdagi faoliyatingizdan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?
- Klubim bilan bir yillik shartnoma imzolaganman. Hozircha, bu yerdagi barcha narsa meni qoniqtirmoqda. Ichki muhit, kuchli chempionat, yaxshi murabbiy va kuchli jamoadoshlar. O‘ylashimcha, "Nijniy Novgorod"ga o‘tish faoliyatimdagi yangi qadam bo‘ldi. Hozircha, boshqa jamoaga o‘tish borasida o‘ylamayapman. Oldinda, muhim bahslar juda ko‘p. Meni mavsumning qolgan qismini ko‘ngildagidek o‘tkazishdan boshqasi qiziqtirmayapti. Qolganini, vaqt ko‘rsatadi.

O‘zbekiston terma jamoasiga tayinlangan yangi murabbiyi - Srechko Kantes haqida qanday fikrdasiz? Uning tanlovi to‘g‘ri bo‘ldimi?
- Srechko Katanayes juda qattiqqo‘l mutaxassis ekan. Birinchi mashg‘ulotidayoq, buni hammaga tushuntirdi. U futbolchilardan nafaqat maydonda, balki uning tashqarisida ham tarib-intizomni talab qilmoqda. Shuningdek, kuchli jamoa qurush uchun a’lo darajadagi ichki muhitni hosil qilmoqchi. Hozir, Katanes bizni kuchli jamoaga aylantirish yo‘lida mehnat qilmoqda.

Sizni Italiyada kutishmoqda. Til o‘rganishni boshladingizmi? "A seriya"ga o‘tishga tayyorlanyapsizmi?
- Italiyaga o‘tish borasida hali aniq qaror qabul qilganim yo‘q. Menda, Italiyaga o‘tish borasida taklif bo‘lgan edi. Bu qaror haqida bosh qotirayotgan paytimda, parellel ravishda "Nijniy Novgorod"dan ham taklif kelib tushdi. Avvaliga o‘zimizga yaqinroq bo‘lgan RPLda legioner bo‘lishga qaror qildim. Sekin-asta ishonchli to‘p surib yanada kuchliroq chempionatga yo‘l olishni oldimga maqsad qilib qo‘yganman. To‘g‘risi, til o‘rganishni hali boshlaganim yo‘q. Nasib qilsa, tez orada ingliz tili darslarini olishni boshlash rejamda bor.

"Jenoa" bilan og‘zaki shartnoma imzolaganingiz borasida mish-mishlar yuribdi. Bu rostmi?
- Bu haqida mish-mishlar juda ko‘p bo‘ldi. Menimcha, har qanday futbolchi bilan bunaqasi sodir bo‘lib turadi. Bu yoqimli holat. Rostini aytsam, "Jenoa" bilan hech qanday og‘zaki shartnoma imzolamaganmiz. Turli saytlarda, ular meni qo‘lga kiritishdan avval, bir yil RPLda to‘p surishimni so‘ragani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bu noto‘g‘ri. Taklif bo‘lgani rost, ammo "Jenoa"ga yo‘l olish uchun "Nijniy Novgorod" bilan shartnoma imzolamaganman. Bu klubda o‘zimni juda yaxshi his qilyapman.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ibrohimhalil Yo‘ldoshev: "Jenoa"dan taklif bo‘lgan edi, ammo...