01:09 / 26.11.2021
1 408

"Bu haqida kamroq gapirilyapti, lekin..." yoxud Ro‘ziqul Berdiyev uchun 2-o‘rin muhimmi yoki Kubokmi?

"Bu haqida kamroq gapirilyapti, lekin..." yoxud Ro‘ziqul Berdiyev uchun 2-o‘rin muhimmi yoki Kubokmi?
“Nasaf” klubi AGMKga qarshi dramatik tarzda kechgan uchrashuvdan keyin O‘zbekiston Kubogi finaliga chiqdi. Hal qiluvchi bahsda Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi “Paxtakor” bilan maydonga tushadi.

“Nasaf” ustozi bo‘lajak final, jamoasining imkoniyati, OFK Kubogi finalidagi mag‘lubiyat va yana boshqa masalalar bo‘yicha Sports.uz muxbiriga intervyu berdi.

- “Nasaf” bu yilgi mavsumni Samarqandda “Paxtakor”ga qarshi o‘yin boshlagandi. Qizig‘i, 2021 yilni yana Samarqandda, yana “Paxtakor” bilan o‘yin orqali yakunlaydi. Sizningcha, bu tasodifmi yoki taqdir hazilimi?
- Ikkala jamoani ham munosib deb o‘ylayman. Chempionatda ham, boshqa o‘yinlarda ham “Paxtakor” bilan “Nasaf” o‘z darajasini ko‘rsatyapti. O‘ylashimcha, bu narsa tasodif emas. Ikki jamoa ham bunga haqli erishdi. Lekin biz juda qiyin o‘yinlarni o‘tkazib finalga chiqdik. “So‘g‘diyona”, AGMK kabi klublarni mag‘lub etdik. Endi finalda g‘alaba qozonish uchun bor mahoratimizni sarflaymiz.

- “Paxtakor” klubi finalgacha bittadan gol urib yetib keldi. “Nasaf”da esa sermahsullik yuqori. “Metallurg”ga 5 ta, So‘g‘diyona”ga 1 ta va AGMKga 2 ta gol urdi. Bu statistika siz uchun nimani anglatadi? Finalda hammasi boshqacha bo‘ladimi?
- Bu “Paxtakor” jamoasining mahoratini ham anglatadi. Gol o‘tkazmasdan keyingi bosqichlarga chiqishning o‘zi bo‘lmaydi. Final bitta o‘yindan iborat va ikki jamoa ham bor kuchini beradi. O‘ylaymanki, bizning yigitlarimizda motivatsiya ko‘proq bo‘ladi. Chunki “Paxtakor” futbolchilari ko‘plab sovrinlarga ega chiqqan. Ammo mening yosh o‘yinchilarimda Kubok sovrini yo‘q. Shu boisdan futbolchilarimda motivatsiya yuqori bo‘ladi.

- Qo‘l ostingizdagi shogirdlaringizda OFK Kubogini yutish imkoniyati bor edi. Ammo bu qo‘ldan boy berildi. Endi bo‘lsa, O‘zbekiston Kubogi finali turibdi. OFK Kubogi finalidagi mag‘lubiyatdan keyin jamoangizga qanday motivatsiya beryapsiz?
- Jamoamiz ruhiy tarafdan ancha o‘sishga erishdi. Asosiy maqsadlarimizdan biri yosh yigitlarimiz har taraflama o‘sishlari kerak edi. Bundan juda xursandmiz. OFK Kubogini eslatdingiz, hammamiz o‘sha turnirni yutishni juda xohlagandik. Lekin o‘sha kuni hammasi biz kutgandek bo‘lmadi. O‘yin boshlanishi ham ko‘rganinglardek yaxshi kechmadi. Tan olish kerak, yil boshida “Nasaf” jamoasining bunday ko‘rsatkichini hech kim kutmagandi. Buni mo‘’jiza deb aytishlari ham mumkin. Jamoamning hozirgi ko‘rsatkichidan murabbiy sifatida juda xursandmiz. Tarkibdagi o‘zgarishlarga qaramasdan bir yil ichida finallarda o‘ynash oson emas. Klubda olib borilayotgan ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganidan darak. Imkoniyatimiz bor ekan, har biridan foydalanishga harakat qilamiz. Albatta, hech qaysi o‘yin oson bo‘lmaydi. Ammo bitta uchrashuvda hamma narsa bo‘lishi mumkin.

- “Nasaf”ni ikkita o‘yini qoldi. Chempionatning oxirgi turi ham, Kubok finali ham jamoangiz uchun o‘ta muhim. Chunki Superligada ikkinchi o‘rin uchun kurashyapsizlar, Kubokni esa yutmoqchisizlar. AGMKga qarshi og‘ir uchrashuvdan keyin futbolchilaringizni tayyorlash murakkab bo‘lmaydimi? Murabbiy sifatida sizda bosim bormi?
- Albatta, birinchi navbatda yigitlarimizda jismoniy tarafdan toliqish bo‘lishi mumkin. Ammo futbolchilarda motivatsiya bo‘ladi. Bu haqida ular bilan ko‘proq gaplashyapmiz. Agar ruhiy tomondan tushkunlikka tushib qolganimizda OFK Kubogi finalidan keyin o‘zimizni yo‘qotib qo‘ygan bo‘lardik. O‘yinchilarimiz buni to‘g‘ri tushunishdi va to‘g‘ri qabul qilishdi. Bizning yosh futbolchilarimiz uchun finalda o‘ynashning o‘zi ham katta gap edi. Biz ham OFK Kubogi finalidagi mag‘lubiyatni to‘g‘ri qabul qildik. Ammo futbolimiz uchun yutuq taraflari ham bo‘ldi. Moliyaviy tomoni va klublarimiz uchun kvotalarning oshishiga xizmat qilishi ajoyib. Bu haqida kamroq gapirilyapti, lekin shu narsa ham futbolimiz uchun yutuq bo‘ldi. Shu sababli yigitlarimizni qoniqtiradigan taraflari ham bo‘ldi.

- Faraz qiling, oldingizda turgan ikkita variantdan birini tanlashingiz kerak. Superligada 2-o‘rin yoki Kubok sohibiga aylanish! Agar tanlash kerak bo‘lganida qaysi birini ko‘proq xohlardingiz?
- Futbolchilarimiz bilan gaplashganmiz va ularning ham bunga ishtiyoqi baland. Ya’ni, biz medal qo‘lga kiritishimiz kerak. O‘zimizga ham bog‘liq emas-ku, lekin qaysi medal bo‘lsa ham qo‘lga kiritishimiz lozim. Albatta, bor e’tiborimizni Kubok uchrashuviga ham qaratamiz. Tez-tez o‘yinlar o‘tkazayotganimiz va mavsumning oxiri bo‘lgani uchun o‘yinchilarimizda toliqish bordir, bitta tarkibga egamiz. Ammo o‘yinlarda bosimsiz o‘ynashga harakat qilyapmiz. Buni yigitlardan ham so‘rayapmiz va ular uddalayaptilar. Albatta, qaysi birini tanlash haqidagi savol qiyin. Chempionatda oxirgi uchrashuvni o‘tkazganimizdan keyin finalga tayyorgarlik ko‘rishimizga vaqtimiz bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘rayev


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » "Bu haqida kamroq gapirilyapti, lekin..." yoxud Ro‘ziqul Berdiyev uchun 2-o‘rin muhimmi yoki Kubokmi?