09:39 / 02.12.2021
3 881

“Roma”ni qutqarolmagan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?

“Roma”ni qutqarolmagan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?
“Roma”A Seriyaning 15-turida mag‘lubiyatga uchradi. Bu gal ham Joze Mourino shogirdlari, mahorat, mavqe va nomdorlik bo‘yicha o‘zidan ortda turuvchi jamoa g‘alabasini tan olishga majbur bo‘ldi. “Bolonya” birinchi bo‘lim o‘rtalarida Mattias Svanbergning ajoyib zarbasi evaziga hisobni ochib, uchrashuv oxirigacha g‘alabani ushlab qolishni uddaladi.

Shomurodov 52-daqiqada jarohat olgan Stefan El-Shaaravining o‘rniga maydonga tushdi. Shu kuni hamyurtimiz chap qanot futbolchisi sifatida ham hujumda, ham himoyada ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi. Faol o‘ynaganiga qaramay, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqara olmadi.

Yevropa futboli tahlili bilan shug‘ullanadigan statistik portallar va informatsion saytlar uchrashuv ishtirokchilarining o‘yinini baholashda davom etmoqda.

Xususan, mashhur Whoscored portali Shomurodovning o‘yinini 6,4 ballga baholadi. Bu rimlik futbolchilar orasida o‘rtacha balldir.

Shuningdek, www.calciomercato.com sayti ham o‘z ballarini e’lon qilib, futbolchilar o‘yiniga sharh ham berdi.

Ruy Patrisio, 6 ball:
To‘rtta o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlagan darvozabon Svanbergning murakkab zarbasini qaytara olmadi. O‘yinda uning ko‘zga tashlanadigan katta kamchiliklari ham, ustun jihatlari ham namoyon bo‘lgani yo‘q.

Janluka Manchini, 5.5 ball:
U Svanbergni to‘xtatish uchun ko‘proq urinishi mumkin edi. Ogohlantirish olmaslik uchun ancha ehtiyot bo‘lib o‘ynadi.

Kris Smolling, 5.5 ball:
Oldinga o‘tishda faol o‘ynaganiga qaramay, himoyada bo‘shlik qildi. “Bolonya”ning hujumchilari orqa chiziqdagi xatolar evaziga xavfli tus oldi.

Rojer Ibanes, 6 ball:
Odatdagidek, himoyada faol bo‘ldi. Soriano, Skov-Olsen va Barrouga qarshi vaziyatlarda yaxshi o‘ynadi.

Rik Karsdorp, 5.5 ball:
Aql bilan o‘ynadi. Bir vaziyatda Temmi Abraxamga juda qulay to‘p oshirdi. Qiyin vaziyatda ham o‘zini yo‘qotib qo‘ygani yo‘q. Biroq, kerakmas joyda sariq kartochka oldi.

Jordan Veretu, 4 ball:
U gol muallifi Svanbergni yopishga mas’ul edi. Qo‘pol xatosi qimmatga tushdi. Aybini yuvish uchun yetarli darajada harakat qilmadi. 64-daqiqada uning o‘rniga maydonga tushgan Brayan Kristante 6 ballga loyiq o‘yin ko‘rsatdi. Koviddan tuzalgan Kristante Rim klubida eng faollardan biri bo‘ldi.

Genrix Mxitaryan, 5.5 ball:
U “Jenoa” va “Torino” ustidan qozonilgan g‘alabalarda o‘zini ko‘rsatgandi. Biroq, bu ritmni ushlab qola olmayapti. Mxitaryan maydon markazida ustunlikni ta’minlashi kerak edi.

Amadu Diavara, 4,5 ball:
Bu o‘yinchi odatiy xatolarini tuzata olmayapti.

Karles Peres, 5 ball:
Diavara o‘rniga o‘yinga qo‘shilgan futbolchi Amadudan yaxshiroq o‘ynadi. Lekin o‘zini kutilgandek ko‘rsatgani yo‘q.

Stefan El-Shaaravi, 5.5 ball:
Stefan ancha faol boshladi. Skov-Olsenga qarshi ishonchli harakat qila oldi. Ikkinchi bo‘lim boshida jarohat tufayli o‘rnini Shomurodovga bo‘shatib berdi.

Eldor Shomurodov, 5.5 ball:
Shijoat bilan o‘yinga qo‘shildi. Hujum va himoyada birdek faollik ko‘rsatdi. Muvaffaqiyatga erishish uchun ayrim o‘yin sifatlarini ko‘tarishi lozim.

Nikolo Dzanolo, 5 ball:
Ko‘p lekin besamar harakat qildi. Ayrim vaziyatlarda bir o‘zi o‘ynashga urindi. Simulyatsiya uchun sariq kartochka ham olishga ulgurdi.

Temmi Abraxam, 6 ball:
Dzanoloning yordamiga tayana olmadi. Darvoza tomon murakkab zarbalar yo‘lladi. Urinishlari foyda bermadi. Aksiga olib, ogohlantirildi va keyingi o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

Joze Mourino, 5 ball:
Tarkibni o‘zi istagan shaklga keltira olmayapti. Birinchi bo‘limda jamoasi ancha bo‘sh o‘ynadi. Qimmatli ochkolar boy berildi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Roma”ni qutqarolmagan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?