14:04 / 04.12.2021
2 671

“Roma” Shomurodovdan kamroq yugurishni talab qilyapti!

“Roma” Shomurodovdan kamroq yugurishni talab qilyapti!
Italiya futboli kuchli beshlik chempionatlari orasida murakkabligi bilan ajralib turadi. Bu chempionatda hujumchilarning gol urishi qiyin, himoyachilar juda baquvvat va qo‘pol o‘ynaydi, eng kuchli darvozabonlar ham aynan shu mamlakatda bo‘y ko‘rsatadi.

Keyingi yillarda biz uchun nisbatan yaqin bo‘lgan Rossiya chempionatidan atigi uch futbolchi – Aleksey Miranchuk, Eldor Shomurodov va Aleksandr Kokorin A Seriya klublari bilan shartnoma imzolashga erishdi.

Rossiyalik jurnalistlar, mutaxassislar va hatto muxlislar ushbu uch futbolchining imkoniyatlari va qayd etayotgan natijalari, kuchli beshlik chempionatlaridagi o‘yinlarini taqqoslash va tahlil qilish, kelajagini taxmin etishni xush ko‘radi.

E’tibor bilan qarasak, boshida autsayder jamoa – “Jenoa”ga o‘tgan Eldor Shomurodovda oldinga siljish yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Rossiya futbolida yulduz darajasiga yetgan Aleksey Miranchuk va Aleksandr Kokorin “Jenoa”dan kuchli jamoalar – “Atalanta” va “Fiorentina”ga o‘tgan bo‘lsa-da, shaxsiy faoliyatida orqaga ketish kuzatilmoqda.

Shomurodov mehnatkashligi va tartib-intizomi tufayli o‘z salohiyatini ko‘rsata oldi. Genuyalik muxlislar hurmatini qozongan legionerimiz “Roma” kabi oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan klub e’tiboriga tushdi.

Bu borada Miranchuk va Kokorinning ishlari havas qilgulik emas. Har ikkisining jamoasi ulardan qutilish harakatiga tushib qolgan.

Miranchuk ayrim holatlarda bir-bir porlab qo‘yapti. “Atalanta”ning hujumkor futbolchisi joriy mavsumda A Seriyada yettita uchrashuvda maydonga tushib, jami 195 daqiqa o‘ynadi. Biroq, samarali harakatlarni amalga oshira olmadi. Chempionlar ligasida ikki uchrashuvda 33 daqiqa to‘p tepib, bitta golli pas muallifi bo‘ldi. Bergamo jamoasi rahbariyati qishda Miranchukni boshqa jamoaga o‘tkazib yubormoqchi ekani va o‘rniga yangi futbolchi olishi haqida xabarlar ko‘paymoqda.

Kokorin Italiyada ham chig‘iriqdan tashqarida qolib ketdi va faoliyatini yangi bosqichga ko‘tara olmadi.

Yil boshida “Spartak”dan Florensiyaga katta umidlar bilan yo‘l olgan Aleksandr Kokorin yangi mavsumda A Seriyada to‘rt marta ko‘rinish berdi xolos va umumiy hisobda 28 daqiqa o‘ynadi. Hatto to‘pga teginmasidan tugab qolgan o‘yinlar ham bo‘ldi.

Shomurodov Italiya chempionatida 12 ta uchrashuvda jami 366 daqiqa harakat qilib, bitta gol va uchta golli uzatmani amalga oshirdi. Konferensiyalar ligasi saralash turnirida ikkita o‘yinda bitta gol, guruh bosqichida beshta bellashuvda ikkita assist qayd etdi.

Taniqli insayder Nobel Arustamyan o‘zining telegram-kanalida Kokorin Italiya chempionatiga moslasha olmaganini ta’kidladi. Bundan tashqari, rus hujumchisiga Eldor Shomurodovni o‘rnak qilib ko‘rsatdi.

- Kokorinning faoliyatini Eldor Shomurodovniki bilan taqqoslash qiziqarli. Eldor “Jenoa”dan ko‘tarilib, “Roma”ga o‘tdi, Yevrokuboklarda o‘ynayapti, buning barchasi Shomurodov uchun birinchi o‘rinda turadigan mehnatsevarlik ortidan keldi.

Bilishimcha, uning “Roma”dagi jamoadoshlari va murabbiylar shtabi vakillari mashg‘ulotlarda va o‘yinlarda kamroq yugurishini talab qilmoqda. Ular Shomurodov kuchini hal qiluvchi so‘nggi daqiqalarga saqlab qolishini istaydilar.

Kokorin tabiatan Eldordan iqtidorliroq, lekin Shomurodov yutuqlarga harakat va mehnatga bo‘lgan katta ishtiyoq orqali erishmoqda. U jamoaga tezroq kirishib ketish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda, misol uchun, italyan tilini o‘rganyapti. Unga bu borada Mxitaryan yordam beryapti.

Kokorinning Yevropada o‘rnashib qolishi uchun unga Eldordagi mana shu xususiyatlar yetishmayapti, deb yozdi Nobel Arustamyan.

A Seriyaning joriy mavsumida ushbu legionerlar o‘ynayotgan jamoalar musobaqa jadvalida ketma-ket joylashgan. "Atalanta" 31 ochko bilan Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi pog‘onani egallab turgan bo‘lsa, undan keyingi qatorda 25 ochko bor "Roma" joylashgan. "Fiorentina" esa rimliklardan bir ochko va bir pog‘ona ortda qolyapti.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Roma” Shomurodovdan kamroq yugurishni talab qilyapti!