00:02 / 07.12.2021
2 615

Shomurodov Mourino eng yoqtirgan hujumchimi?

Shomurodov Mourino eng yoqtirgan hujumchimi?
Italiya chempionatida “Roma” ko‘rsatayotgan o‘yin muxlisu mutaxassislar tanqidiga nishon bo‘lmoqda. Joze Mourino poytaxt jamoasini superklub darajasiga ko‘tarish uchun olib kelingan. Klub xo‘jayinlari buning uchun portugaliyalik mutaxassisning barcha talablarini so‘zsiz bajarishga, so‘ragan transferlarni amalga oshirishga, yangi ijrochilar uchun yetarlicha pul ajratishga harakat qilmoqda.

Mavsum boshida Mourino shogirdlari A Seriya va Konferensiyalar ligasida g‘alabali seriyani namoyish etganida hamma ishlar rejadagidek ketayotganday, jamoa oldiga qo‘yilgan Chempionlar ligasiga yo‘llanma olish va Konferensiyalar ligasida g‘olib chiqish vazifasini uddalash jamoaga ortiqcha muammo tug‘dirmaydiganday tuyulgandi.

Keyinchalik, hozirgi “Roma” aslida yuqori maqsadlarga tayyor emasligi oydinlashib qoldi. Ayniqsa, xalqaro turnirda Norvegiyaning kichkinagina shaharchasi sharafini himoya qilayotgan “Budyo-Glimt” kabi kamtargina jamoa buyuk Rimning mashhur murabbiyi va yulduzlarini misli ko‘rilmagan darajada (1:6) sharmanda qilgani bu oddiy tasodif emasligi tobora o‘z isbotini topmoqda.

A Seriyada “Roma” yuqori o‘rinlar uchun kurashdagi asosiy raqobatchilari – “Latsio”, “Yuventus”, “Milan”, “Inter” kabi jamoalarga yutqazishdan tashqari, o‘rtamiyona hisoblangan “Verona”, “Bolonya” va autsayderlardan “Venetsiya”ga ham uch ochkoni tortiq qilib yubordi. Ta’kidlash joizki, 16 ta uchrashuvdan teng yarmida ochko yo‘qotgan, ayniqsa, yettitasida imkoniyatni boy bergan jamoaning katta maqsadlarga erishishiga hech kim ishonmay qo‘ydi, hatto bu jamoa bunyodkori “Benazir” laqabli Mourino bo‘lsa ham.

“Roma”ning “Inter”dan o‘z maydonida 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchraganidan keyin Italiya matbuotida rimlik futbolchilar tanqid ostiga olinmoqda. Xususan, www.calciomercato.com nashri mavsum boshida Mourino jamoasining haqiqiy motoriga aylanishi kerak bo‘lgan o‘yinchilar kutilgan darajada harakat qila olmayotganini tilga oldi.

- Mourino hayratga solishdan to‘xtamayapti. Lorenso Pellegrini va Temmi Abraxam bo‘lmasa, “Roma”ning hujum salohiyati nolga teng ekanini bilib oldik. Jamoaning o‘tgan yilgi eng zo‘r o‘yinchisi Genrix Mxitaryanning “ko‘zi yonmay” qo‘ydi. Futbolimizning yorqin iste’dodi Nikolo Dzanolo hech narsaga yaramayapti. Bu hammasi emas. Eldor Shomurodovning hisobi ham bo‘sh, u Mourinoga yoqadigan hujumchi, chunki bosh murabbiy klub rahbariyatini bu futbolchini Genuyadan olib kelish uchun 18 million yevro xarajat qilishga ko‘ndirgan. O‘tgan mavsum jamoa to‘purari bo‘lgan Borxa Mayoral esa Mourino uchun mavjud emasdek, - deb yozmoqda www.calciomercato.com mutaxassislari.

Mourino va u targ‘ib qilayotgan taktik sxemalar, tanlanayotgan tarkib tanqid qilinayotganiga qaramay, “Roma” rahbariyati portugaliyalik mutaxassisga ishonch bildirishda davom etmoqda.

- Yettita mag‘lubiyat juda ko‘p. Bunaqa bo‘lishini kutmagandik, chunki g‘alaba uchun ishlayapmiz. Lekin men Mourino va uning ishi samarasiga yuz foiz ishonaman. Mavsum oxirida maqsadimizga yetamiz.

Mourino uch yillik loyihamizga mos murabbiy. Bu borada zig‘ircha shubham yo‘q. Har kuni o‘yinchilar sezilarli darajada rivojlanayotganini ko‘ryapman. Qiyin paytda hammamiz birlashsak, natija ham keladi. Men mag‘lubiyatdan keyin bosh murabbiy, o‘yinchilar va g‘oyalarni o‘zgartirish kerak, deydiganlardan emasman
, - dedi “Roma” sport direktori Tiago Pintu.

Shu o‘rinda, Mourino “Roma”ni tark etishi mumkinligi haqidagi xabarlar ham tarqala boshladi. Yevropaning qator nashrlari “Everton” xo‘jayinlari sakkizta uchrashuvdan beri Angliya premer-ligasida g‘olib chiqa olmayotgani tufayli bosh murabbiy Rafael Benitesni iste’foga chiqarib, o‘rniga Mourinoni taklif qilayotgani haqida xabarlar e’lon qilinyapti.

Aziz muxlislar, Siz nima deb o‘ylaysiz, “Roma” va Shomurodov Chempionlar ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kirita oladimi? Eldor boshqa jamoaga o‘tgani ma’qulmi yoki Rimda qolganimi?

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov Mourino eng yoqtirgan hujumchimi?