09:21 / 08.12.2021
1 861

"Istiqlol" murabbiyi chempionlik, "Nasaf" va o‘zbek klublari taklifi haqida

"Istiqlol" murabbiyi chempionlik, "Nasaf" va o‘zbek klublari taklifi haqida
Tojikistonning "Istiqlol" jamoasi 2021 yil yakunlariga ko‘ra mamlakat chempionligini tantana qildi. Bunga qadar dushanbeliklar 2010, 2011, 2014, 2015, 2016, 2017, 2018, 2019 va 2020 yillarda mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan edi. Jamoa uchun joriy yil omadli keldi, deya olamiz. Klub o‘z tarixida ilk bor OCHLda ishtirok etdi va guruh bosqichidan chiqdi. Oldinda esa yana bir sovrin uchun imkoniyat, ya’ni Tojikiston kubogi finalida "Xo‘jand"ga qarshi bahs kutib turibdi. Mavsum yakuni arafasida jamoaning ukrainalik murabbiyi Vitaliy Levchenkoni suhbatga chorladik.

- Vitaliy Grigorevich avvalo chempionlik bilan chin dildan tabriklaymiz. 2021 yilgi mavsum haqidagi dastlabki fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz...
- Tabrik va e’tibor uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman. Ha, ta’kidlaganingizdek mavsum qiziqarli va yodda qolarli voqelarga boy kechdi. Bizga ko‘pgina yoqimli hissiyotlarni tortiq etdi. O‘z tariximizda ilk bor OCHL guruh bosqichida qatnashdik. Avval bunga yaqin kelganmiz. Lekin nasib qilmagan ekan. Bilasiz kuchli guruhdan o‘rin oldik. O‘z kvartetimizda 1 o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqdik. Musobaqada men uchun yoqimli narsa shu bo‘ldiki, OCHLning amaldagi chempionini jamoamiz 4:1 hisobida taslim qildi. Yana bir bor ko‘rindi, endilikda Tojikiston klublariga juda jiddiy munosabatda bo‘lishadi. Shuningdek mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga biz 10 chempionlikni qo‘lga kiritdik. Bu bilan barcha muxlislarimizni tabriklab qolaman.

- Klub bilan oldingizga qo‘ygan barcha maqsadlaringizga erishdingizmi?
- Bir gapni doim aytaman, tarix va kechagi kun bilan yashama. "Istiqlol" o‘zi ishtirok etadigan barcha musobaqalarda maksimal darajada maqsad qo‘yadi.

- Tojikistonda darajasi o‘sayotgan va rivojlanish borasida "Istiqlol"dan keyingi jamoani ayta olasizmi?
- OFK kubogiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan klublar rivojlanishga harakat qilmoqda. Lekin ularga moddiy texnik baza yetishmadi. Rivojlanishning tezkor va kompleks dasturini ishlab chiqish kerak. Buning uchun akademiya va yoshlar futbolini yo‘lga qo‘yish lozim. Buning uchun yaxshigina mablag‘ kerak.

- "Xo‘jand" bilan kechadigan kubok finaliga tayyorgarlik qanday ketyapti?
- Biz har bir to‘qnashuvga muhim o‘yin sifatida qaraymiz va e’tiborni susaytirmaymiz. Diqqatimiz natijaga qaratilgan. Shuning uchun juda jiddiy tayyorgarlik ketyapti. G‘alaba bizga mavsumni yuqori notada yakunlash imkonini beradi.

- Bunday yutuqlar va natijalardan so‘ng sizning haridorlaringiz ko‘payishi tabiiy. Ayni paytda Tojikiston terma jamoasiga ham nomzodingiz ilgari surilayotganligi haqida eshitdik. Shuningdek o‘zbek klublari orasida ham sizni ko‘zlab yurganlar bor ekan...
- Mening keyingi faoliyatim borasida turli mish-mishlar bor. Lekin meni rivojlanishga qaratilgan loyihaga, yuqori maqsadlarga va vazifalarga ega jamoalar qiziqtiradi. Beshinchi yoki oltinchi o‘rin uchun kurashadigan klublar qiziq emas.

- 2021 yilgi O‘zbekiston chempionatini kuzatib bordingizmi? Baribir chetdan xorijlik mutaxassisning fikri qiziq va xolisona bo‘ladi...
- O‘zbekiston chempionati so‘zsiz Markaziy Osiyodagi eng kuchlisi. Barcha jamoalar sifatli futbol ko‘rsatadi. Menga "Nasaf"ning falsafasi yoqadi. Asosiy e’tibor o‘z tarbiyalanuvchilariga qaratiladi. Qiziq tomoni ular bilan ham yildan-yilga natija ko‘rsatishni uddasidan chiqmoqda. Masalan 2021 yilda OFK kubogi finalida harakat qildi va O‘zbekiston kubogida zafar quchdi.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Istiqlol" murabbiyi chempionlik, "Nasaf" va o‘zbek klublari taklifi haqida