Internet va aloqa minoralari kerak emas: 110 dollarlik T-Deck Max taqdim etildi

LilyGo kompaniyasi oʻzining eksperimental mobil qurilmasining yangilangan versiyasi — T-Deck Max modelini namoyish etdi. Ushbu gadjet odatiy Android smartfoni emas, balki dasturchilar va texnologiya ishqibozlari uchun moʻljallangan ochiq platformadir. Qurilma ESP32-S3 mikrokontrolleri (240 MHz chastotali ikki yadroli Xtensa LX7 protsessori) asosida ishlaydi, bu esa unga yuqori darajadagi moslashuvchanlik va dasturlash imkoniyatlarini beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
T-Deck Max qurilmasining asosiy oʻziga xosligi — mobil tarmoqlarsiz aloqa oʻrnatish qobiliyatidir. U LoRa texnologiyasini qoʻllab-quvvatlaydi, bu esa kichik hajmdagi maʼlumotlarni uyali aloqa infratuzilmasi mavjud boʻlmagan joylarda uzoq masofalarga uzatish imkonini beradi. Bu xususiyat favqulodda vaziyatlarda yoki yirik sanoat obʼektlarida juda qoʻl kelishi mumkin.
Gadjat 3,1 dyuymli, 320×240 pikselli E-ink displey, toʻliq fizik QWERTY klaviaturasi, mikrofon va dinamik bilan jihozlangan. Shuningdek, unda koordinatalarni aniqlash uchun GPS moduli mavjud boʻlib, foydalanuvchi xohishiga koʻra 4G-modem ham ulashi mumkin. Maʼlumotlarni saqlash uchun microSD sloti koʻzda tutilgan.
Dasturchilar uchun Arduino va PlatformIO muhitlarida ishlash imkoniyati yaratilgan boʻlib, tashqi modullar va sensorlarni ulash uchun maxsus portlar mavjud. Hozirda T-Deck Max qurilmasining narxi 110 dollar etib belgilangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!