Airbus yangi samolyotlarni loyihalash uchun 100 mln yevrolik superkompyuter qurdi

Yevropaning aviatsiya giganti Airbus kompaniyasi Fransiya va Germaniyada joylashgan yangi taqsimlangan superkompyuter infratuzilmasini ishga tushirdi. Bull provayderi bilan tuzilgan 100 million yevrolik besh yillik shartnoma doirasida amalga oshirilgan ushbu loyiha kompaniyaning hisoblash quvvatlarini birdaniga uch barobarga oshirish imkonini berdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Tizim BullSequana XH3000 modulli arxitekturasiga asoslangan boʻlib, uning tarkibiga AMD va NVIDIA kompaniyalarining CPU hamda GPU protsessorlari kiritilgan. Maʼlumotlarni saqlash tizimi IBM Spectrum Scale texnologiyasi asosida qurilgan, tarmoqlararo yuqori tezlikdagi aloqani esa har bir porti 400 Gbit/s oʻtkazuvchanlikka ega NVIDIA InfiniBand NDR arxitekturasi taʼminlaydi.
Garchi uskunalar Tuluz va Gamburg shaharlarida jismonan alohida joylashgan boʻlsa-da, ular yagona vazifalar rejalashtiruvchisi boshqaruvida yaxlit virtual klaster sifatida ishlaydi. Airbus ushbu quvvatlardan fuqarolik samolyotlari va vertolyotlarining “raqamli egizaklarini” yaratish, murakkab aerodinamik hisob-kitoblar va fyuzelyajlarning akustik sinovlarini oʻtkazishda foydalanadi.
Loyiha yuqori energiya samaradorligi bilan ham ajralib turadi. Maxsus suyuqlik orqali sovutish tizimi yordamida serverlardan chiqadigan ortiqcha issiqlik Airbus maʼmuriy binolarini isitishga yoʻnaltiriladi. Bu esa texnologik jarayonning ekologik barqarorligini ta‘minlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!